Mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyati institutlari jamiyat hayotida tobora muhim o‘rin egallab, xalq manfaatlarini ifoda etuvchi, davlat bilan muloqot o‘rnatuvchi kuchga aylandi. Bu davrda amalga oshirilgan huquqiy islohotlar, davlat va jamiyat munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Ayniqsa, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIII-bobi fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlanishi bu sohaning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

Bu davrda sohaga oid 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, nodavlat sektorning huquqiy kafolatlari yaratildi. Qolaversa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish hamda davlat dasturlarida NNTlar ishtirokini kengaytirishga oid aniq maqsadlar belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2024 yil 26 avgustdagi farmoni orqali fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashning muhim yo‘nalishlari belgilab olindi. Ular orasida fuqarolarning tashabbusli loyihalarini davlat ijtimoiy buyurtmasi orqali qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilik ekspertizasi va nazoratini keng joriy etish, davlat organlari va NNTlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar jamiyat hayotida faol ishtirok etishning samarali mexanizmlariga aylandi.
Milliy taraqqiyotning har bir bosqichida davlat va jamiyat munosabatlari yangi mazmun kasb etib, “davlat – inson – jamiyat” uchligidagi hamjihatlik zamonaviy boshqaruvning asosini yaratmoqda. Bunda fuqarolik jamiyati institutlarining asosiy maqsadi davlat dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etish, aholi manfaatlarini himoya qilish va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni mahalliy darajada hal etishga qaratilmoqda.
Bugungi kunda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizda kechayotgan islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyatida so‘nggi uch yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar buning yorqin dalilidir. Ya’ni bu davrda viloyatdagi NNT va fuqarolik jamiyati institutlarining 50 dan ortiq loyihalari davlat granti shaklida qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, mazkur loyihalar aholi muammolarini manzilli va amaliy yechimlar orqali hal etishda muhim vosita vazifasini bajargan. Ular orqali joylarda mavjud infratuzilma kamchiliklari bartaraf etilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar qo‘llab-quvvatlangan, yoshlar va xotin-qizlar bandligi ta’minlangan, ekologik masalalar yechimiga ko‘maklashilgan. Eng asosiysi bu tashabbuslar aholining davlat va jamiyat ishlaridagi faolligini oshirib, ularda “muammoga befarq bo‘lmaslik” va “hamjihatlikda yechim izlash” madaniyatini shakllantirmoqda.
Misol uchun, “Yuksalish” axborot-maslahat resurs markazi va “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining G‘uzor, Kasbi, Kitob tuman bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan loyihalarda 700 nafardan ortiq xotin-qizlar qamrab olingan. Mazkur loyihalar xotin-qizlar va yoshlarning iqtisodiy hamda ijtimoiy faolligini oshirishda katta ahamiyatga ega. Kompyuter savodxonligi, tikuvchilik, issiqxonachilik kabi amaliy ko‘nikmalar ularning bandligini ta’minlash bilan birga, shaxsiy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ham yaratgan. Albatta, yuzlab xotin-qizlarning iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishi hamda yoshlarning kasb-hunarga yo‘naltirilishi – mahalliy iqtisodiyot va ijtimoiy barqarorlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijobiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, ushbu tashabbuslar ayollar va yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish orqali fuqarolik jamiyatining barqaror rivojlanishiga ham xizmat qiladi.
Yoki “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining viloyat filiali tomonidan amalga oshirilgan loyihani yoshlar bandligini ta’minlash va ularning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirishda samarali mexanizm sifatida baholash mumkin. Loyiha doirasidagi seminarlar, mahorat darslari va biznes marafonlar orqali yoshlar zamonaviy bozor talablariga mos bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan. Kam ta’minlangan va ehtiyojmand yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish esa ijtimoiy tenglik va inklyuziv rivojlanishga xizmat qilgan. Eng yaxshi biznes rejalarni kreditlash imkoniyati g‘oyalarni haqiqiy ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish faoliyatiga aylantirishga yordam bergan.
Shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining viloyat filiali tomonidan amalga oshirilgan bir qator loyihalar yoshlar va ayollar salomatligini muhofaza qilish, erta nikoh oqibatlarining oldini olish hamda oilaviy madaniyatni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etgan. Jumladan, loyihalar jarayonida 10 ming nafarga yaqin xotin-qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirilishiga ko‘maklashilgan. Bu kabi tashabbuslar esa oilalarda sog‘lom muhit va barqarorlik ta’minlanishiga xizmat qilib, aholi salomatligini saqlashga katta hissa qo‘shgan.
Bundan tashqari, viloyatda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ta’lim sohasida, xususan, yosh avlodning bilim darajasini oshirish, hayotiy ko‘nikmalarini shakllantirish va ularda ijtimoiy faollikni kuchaytirishga qaratilgan bir qator loyihalar ham amalga oshirilgan.
Masalan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Mirishkor tumani jamiyati tomonidan amalga oshirilgan loyiha jarayonida tumandagi 43 ta umumta’lim maktabining 3 ming nafarga yaqin o‘quvchilari iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik asoslari bo‘yicha o‘qitilgan. Mazkur tashabbus yoshlarning nafaqat qonunchilikni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini oshirish, balki mustaqil fikr va shaxs mas’uliyatini shakllantirish imkonini ham yaratgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalari davlat va jamiyat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Xususan, mahalliy darajada amalga oshirilayotgan tashabbuslar tabiatni asrash, aholida ekologik madaniyatni oshirish, yosh avlodda tabiatga e’tibor va mehr tuyg‘usini shakllantirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Shu ma’noda, Ko‘kdala tumanida “Ekosfera” nodavlat notijorat ekologiya markazi tomonidan amalga oshirilgan “Vohamizni yashil makonga aylantiraylik” loyihasi hududning ekologik qiyofasini yangilashda va aholi ongini o‘zgartirishda o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini o‘tagan. Loyiha davomida tumandagi ta’lim va tibbiyot muassasalari hududiga iqlimga mos, suvsizlikka chidamli 1400 tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar ekilib, parvarishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa hududda ekologik holat yaxshilanishiga va aholini yashil hududlar yaratishga keng jalb etishga xizmat qilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Shahrisabz tumani jamiyati tomonidan amalga oshirilgan loyihada tumandagi 28 ta mahallada istiqomat qiluvchi 2300 nafardan ortiq fuqarolar qatnashgan. Ular ishtirokida chiqindilarni saralash, ulardan ikkilamchi foydalanish va qayta ishlash masalalari bo‘yicha amaliy ko‘rgazmalar o‘tkazilgan. Shuningdek, loyiha jarayonida o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringlari sohadagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni bartaraf etish hamda bu borada har bir fuqaroning mas’ulligini oshirishga zamin yaratgan.
Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, fuqarolik jamiyati institutlari mahalliy darajada aholining kundalik hayotiga daxldor muammolarni hal etish, atrof-muhit muhofazasi, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashda faol va samarali ishtirok etmoqda. Ular o‘z tashabbuslari orqali davlat organlari bilan birga hududlar rivojiga hissa qo‘shib, aholi manfaatlarini himoya qilishda ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytganda, faol fuqarolik jamiyati faqat islohotlar ishtirokchisi emas, balki uning ilhom manbai, harakatlantiruvchi kuchi, jamiyatda ijtimoiy hamjihatlik, o‘zaro ishonch va taraqqiyotni ta’minlovchi ishonchli hamkordir. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jamiyat islohotlar tashabbuskoriga aylanmog‘i kerak. Bu g‘oya hayotga izchil tatbiq etilib, turli loyihalar orqali har bir fuqaroning salohiyati yuzaga chiqarilmoqda, inson manfaati va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Eng muhimi “davlat – jamiyat – inson” tizimidagi o‘zaro ishonch va hamkorlik kelajakda yanada kuchayib, yangi taraqqiyot bosqichlariga yo‘l ochishi shubhasiz.
Rustam Annayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA