French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faol diplomatiya: O‘zbekiston – Yevropa munosabati yangi bosqichda
22:08 / 2026-02-01

2025 yil O‘zbekistonning Yevropa yo‘nalishidagi tashqi siyosati yangi, o‘ta faol bosqichga ko‘tarildi.

Davlat rahbarining Belgiyaga tashrifi, Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi mamlakatning strategik manfaatini himoya qilish yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi. Bu jarayon faqat ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bilan cheklanmay, mintaqaviy va global iqtisodiy aloqalarda respublikamiz o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Qolaversa, faol diplomatiyaning bunday o‘ziga xos namunasi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning izchilligi va Yevropa standartiga moslashayotganini ham ko‘rsatadi.

Quyida siyosiy fanlar doktori, professor Durbek Sayfullayevning ayni mavzuga oid fikrlari keltirilgan.

– Davlatimiz rahbarining Belgiyaga tashrifi doirasida ikki yirik voqea yuz berdi. Birinchisi – O‘zbekiston Prezidentining Belgiya Qirolligi rahbariyati bilan uchrashuv, ikkinchisi – Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan olib borilgan faol muzokara va erishilgan kelishuvlar.

Qirol Filipp bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Umuman, keyingi yillarda O‘zbekiston – Belgiya munosabati izchil rivojlanayotgani kuzatilmoqda.

Shuningdek, Shavkat Mirziyov ko‘hna qit’aning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan muloqot o‘tkazib, sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan to‘rt muhim yo‘nalishni belgilab berdi.

Birinchidan, Belgiya tomoni diyorimizda strategik xom ashyo va minerallarni o‘zlashtirish hamda chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish loyihalarini birgalikda amalga oshirishdan manfaatdorligi ta’kidlandi. “Yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoati ham istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi. Respublikamizda qayta tiklanadigan energetika faol joriy etilmoqda, energetika tizimi takomillashtirilmoqda. Shu bois, Yevropalik hamkorlarga yashil energetika, energiya tejamkorligi va ekologik kimyo yo‘nalishlaridagi tashabbuslarda ishtirok etish taklifi berildi.

Ikkinchidan, infratuzilma va logistikani rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar va aeroportlarni birlashtirgan transport tarmog‘ini modernizatsiya qilmoqda. Shu jihatdan mamlakatimiz tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan zamonaviy logistika markazlari barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirishga tayyorligi ayni muddao.

Uchinchidan, raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Zero, IT-parklar va startap inkubatorlarini jadal rivojlantirayotgan O‘zbekiston Yevropa kompaniyalari bilan sun’iy intellekt va kiber xavfsizlik sohalarida hamkorlik qilishga tayyor.

To‘rtinchidan, muloqot ishtirokchilari mamlakatimizda xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilgan shaffof tizim, barqaror sharoitni yuqori baholab, yurtimizda yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslar amalga oshirish niyatini tasdiqladilar.

O‘zaro munosabat strategik darajaga ko‘tarildi

2025 yil 24 oktyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antonio Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) imzolandi.

Mazkur hujjat 1996 yil imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga asoslangan hamkorlik huquqiy bazasini yangilab, sezilarli darajada kengaytiradi. Yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokara 2019 yil fevral oyida boshlanib, 2022 yil iyul oyida yakunlandi.

9 bo‘lim, 356 modda, 14 ilovadan iborat bu kelishuv ikki tomonlama munosabatning turli yo‘nalishlarini qamrab olgan. Hujjat siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va investitsiya, barqaror rivojlanish, fan va ta’lim, innovatsiya va yuqori texnologiya, atrof-muhit muhofazasi hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sheriklikni rivojlantirish uchun keng qamrovli huquqiy asos yaratadi. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi munosabatida yangi bosqichni boshlab berib, ko‘p qirrali sheriklikni yangi darajaga olib chiqadi.

Amaliy natija

Belgiyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrif, shubhasiz, muhim va tarixiy voqea. EPCA tasdiqlanishi keyingi o‘n yillik aloqalarni belgilab beruvchi keng qamrovli hujjatdir.

Shu tariqa Yevropaning Markaziy Osiyodagi strategik hamkorlaridan biri sifatida, O‘zbekiston global savdo, ikki va ko‘p tomonlama bog‘liqlik hamda energiya diversifikatsiyasi uchun tobora muhim ahamiyat kasb etishi rasman e’tirof etildi. Endi YeI bozorlariga mamlakatimiz tovarlari uchun yo‘l ochiladi, milliy me’yorlar YeI standarti bilan uyg‘unlashadi.

Ta’kidlash joiz, bitim imzolanishi bilan tomonlarning o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha avvalgi sa’y-harakatlariga mantiqiy yakun yasaldi. Eng muhimi, O‘zbekistonning bunday o‘ta faol siyosati butun Markaziy Osiyo uchun strategik ahamiyatga ega.

O'zbekiston JST a'zosi bo'lish uchun faqat bir davlat bilan muzokarani  yakunlashi qoldi

Darvoqe, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokarani yakunlovchi qo‘shma bayonot qabul qilinishi ham ramziy, ham amaliy ahamiyatga ega. Bu O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar izchilligi va tizimliligini yaqqol namoyon etadi. Mintaqa mamlakatlari uchun esa iqtisodiy modernizatsiya va shaffof savdo siyosati jahon iqtisodiyotiga adolatli shartlar asosida integratsiyalashuvga olib kelishining yorqin namunasidir.

Musulmon Ziyo, O‘zA