Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FAO xalqaro eksperti Farg‘onada issiqxona xo‘jaligi bo‘yicha trening o‘tkazdi
21:47 / 2023-06-19

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Farg‘onada xalqaro ekspert Luchano Rovesti ishtirokida issiqxona boshqarish bo‘yicha trening o‘tkazildi.

Mashg‘ulotda issiqxona ishlarini samarali olib borishda muhim omil bo‘lgan issiqxonalarda o‘simlik zararkunanda va kasalliklariga qarshi kompleks kurashish masalalari ko‘rib chiqildi.

Trening FAOning “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda 50 ga yaqin kishi, jumladan, Farg‘ona viloyatidagi Qishloq xo‘jaligida bilim va xizmatlar AKIS markazi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Farg‘ona Davlat universiteti va Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi vakillari ishtirok etdi.

Agrokimyoviy moddalardan foydalanish bo‘yicha mutaxassis hisoblangan Luchano Rovesti trening ishtirokchilariga zararkunandalarga qarshi kurashishning ilg‘or xorijiy tajribalarga asoslangan samarali usullari haqida gapirib berdi. Tadbir davomida ta’kidlanganidek, zararkunandalarga qarshi kompleks kurashish o‘simliklar, hasharotlar, mikroorganizmlar va ozuqa moddalari o‘rtasidagi rivojlanish sikllari va muvozanatni tushunishga asoslangan ekinlarni himoya qilish usulini anglatadi. Barqaror ishlab chiqarish ekinlarning kasallik va zararkunandalarga chidamli bo‘lishini talab qiladi va bunda atrof-muhit o‘z-o‘zidan tiklanishi imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bu ishlatiladigan sun’iy o‘g‘itlar miqdorini, pestitsidlarga qaramlikni kamaytirish va hosildorlikni oshirishning yagona yo‘li hisoblanadi. Issiqxonalardagi bunday innovatsiyalar iste’molchilar oxir-oqibatda kimyoviy moddalardan xoli, sog‘lom oziq-ovqat olishlari uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

“Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokida treninglar muntazam tashkil etilmoqda. FAOning ushbu global loyihasi 2021 yilda Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq masalalari vazirligining moliyaviy ko‘magida boshlangan va O‘zbekiston hamda Vetnamda amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda loyiha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda bajarilmoqda. Loyiha issiqxonalarda ekinlarni yetishtirishning yangi usullarini joriy etadi, bu hosildorlikka va shunga mos ravishda daromadga ta’sir qiladi.

Jumladan, loyihada issiqxonalar uchun yangi qoplama materiallardan foydalanish taklif etiladi. Qalinligi 180-200 mikron bo‘lgan o‘ta pishiq polietilen plyonkalarga ultrabinafsha nurlanishini yutadi va, eng muhimi, maxsus qo‘shimchalar qo‘shilganligi sababli issiqxonaning ichki yuzasida tomchilar shaklida kondensatsiya hosil bo‘lishining oldini oladi. Issiqxonani sovutish uchun uning yuzasiga an’anaviy loy sepish o‘rniga soya beradigan to‘rlar ishlatiladi. Shuningdek, zararkunandalarga qarshi kurashish uchun ushbu hududlarda ilgari ishlatilmagan tutqich va chivin o‘tkazmaydigan to‘rlardan foydalanilmoqda. Ular issiqxonada havo aylanishini ham yaxshilaydi. Bundan tashqari, virus hamda bakteriyalarga qarshi dezinfeksiyalovchi pol qoplamalari va qo‘sh eshikli tizim o‘rnatilib, issiqxona atrofidagi yerlar begona o‘tlardan tozalanmoqda.

Shu bilan birga, raqamli texnologiyalarni joriy etishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.  

Shunday qilib, loyiha doirasida Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi ikkita xonadonda sensorlar va qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun dasturiy ta’minot sinovdan o‘tkazildi. Issiqxonalarga o‘rnatilgan qurilmalar tuproq namligi, quyosh radiatsiyasi darajasi, namlik va havo harorati uchun sensorlar bilan jihozlangan. Olingan ma’lumotlarni fermerlarning mobil qurilmalarida o‘rnatilgan dasturiy ta’minot yordamida ko‘rish mumkin bo‘ladi, bu fermerlarga o‘z vaqtida sug‘orish va issiqxonalarda mikroiqlimni masofadan nazorat qilish imkonini beradi.

Bu va boshqa usullar issiqxona xo‘jaligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. FAO Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 40 ta qishloq xonadonlari egalariga o‘z issiqxonalarini yuqoridagi usullar bo‘yicha modernizatsiya qilish va maqbullashtirishda ko‘maklashgan.

Yaqin kelajakda loyiha bo‘yicha maqbullashtirilgan issiqxonalarga ega bo‘lgan uy xo‘jaliklari sonini 60 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, uy xo‘jaliklarini yuqori sifatli ekish materiallari bilan ta’minlash uchun ikkita yangi ob’ekt – namunaviy o‘quv-ko‘rgazmali issiqxona va katta ko‘chatchilik issiqxonasini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA