BMTning 2021 yilgi Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha sammitiga tayyorgarlik doirasida Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ning onlayn muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir SHHT kotibiyati, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha hamda Rossiya Federatsiyasi bilan aloqalar bo‘yicha vakolatxonalari, Moskva davlat oziq-ovqat mahsulotlari universiteti va Yevroosiyo xalqlari Assambleyasi tomonidan tashkil etildi.
Ma’lumki, BMT Bosh kotibi 2021 yil kuzida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha O‘n yillik harakatlar doirasida Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha sammit tashkil etmoqda. Sammitning maqsadi sa’y-harakatlarni o‘zaro birlashtirish va ochlikka barham berish, yanada inklyuziv va barqaror oziq-ovqat tizimlarini yaratish ishlarini jadallashtirishdan iborat. Bu maqsadga to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlariga ega bo‘lish imkoniyatini ta’minlash, ishlab chiqarish va iste’molning barqaror modellariga o‘tish, tabiiy resurslardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish hamda qishloq xo‘jaligining inqiroz va zarbalarga chidamliligini oshirish orqali erishish mumkin.

Muloqot davomida SHHTga a’zo davlatlar vakillari oziq-ovqat tizimlarining faoliyati va rivojlanishi, mamlakatlardagi bu bilan bog‘liq mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llarini muhokama qildi hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi eng ilg‘or amaliyotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbirda O‘zbekiston tomonidan qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi, BMTning Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha sammiti arafasida milliy muloqotlar tashkilotchisi Alisher Shukurov ishtirok etdi.
- O‘zbekistonda o‘tkazilgan milliy muloqotlar, shu jumladan, viloyatlarda tashkil etilgan submilliy muloqotlar munozaralar, hamkorlik, konsensus yaratish va umumiy majburiyatlarni bajarish uchun imkoniyatlar yaratdi. O‘zbekiston SHHT va FAO a’zolari bilan o‘z tajribasini o‘rtoqlashishga tayyorligini ma’lum qilamiz, - dedi Alisher Shukurov.
Onlayn muloqotda ishtirokchilar oziq-ovqat tizimlari va ularni barqaror isloh qilish yo‘llari bo‘yicha SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yuqori salohiyatini anglagan holda savdo, ichki oziq-ovqat ta’minotini mustahkamlash, barqaror oziq-ovqat tizimlari va boshqa masalalarda texnik qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirish bo‘yicha SHHT doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqdi.
O‘zA