Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FAO Toshkent davlat agrar universiteti bilan kelishuv imzoladi
20:17 / 2021-11-27

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) “O‘zbekistonning tog‘ va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida Toshkent davlat agrar universiteti bilan kelishuv imzoladi.

Mazkur hujjat asosida FAO Namangan, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan 4 ta namunaviy uchastkada tanazzulga uchragan o‘rmonlarni qayta tiklash, yaylovlarni barqaror boshqarish, plantatsiyalar yaratish, yog‘och bo‘lmagan o‘rmon mahsulotlarini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun universitetga moliyaviy yordam ko‘rsatadi.

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham o‘rmon cho‘llanishiga qarshi kurashish, erroziya va boshqa tabiiy kataklizmalarning oldini olish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlari va yaylovlarni tanazzuldan himoya qilish ustuvor vazifa bo‘lib turibdi. Qolaversa, mazkur loyiha yordamida ekologiya, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va suv resurslarini saqlash salohiyati ham oshadi.

- O‘zbekistonda o‘rmonlarni barqaror rivojlantirishni targ‘ib qilish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda, - dedi loyiha koordinatori Olimjon Qaxxorov. – O‘rmon xo‘jaligini boshqarish va o‘rmon resurslaridan foydalanishning yangicha usulini qo‘llash nazarda tutilgan. Mahalliy aholiga o‘rmon mahsulotlaridan yanada kengroq foydalanish, o‘rmonlarni boshqarishda bevosita ishtirok etish, o‘rmonning hosildorligi, ekologik funksiyasi, biologik va landshaft xilma-xilligini saqlab qolish imkoni beriladi,  

Ta’kidlash kerak, mazkur loyiha BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda Global ekologiya fondi hamkorligida amalga oshirilmoqda. “O‘zbekistonning tog‘ va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi 2018 yildan boshlab Sirdaryo, Pop, Kitob va Dehqonobod o‘rmon xo‘jaliklarida keng qo‘llanilmoqda.

Mazkur hududlarda o‘rmonlarni barqaror boshqarish, sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasidan foydalangan holda o‘rmon hududlarining axborot tizimlari va elektron xaritalarini yaratish, gender tenglikka rioya qilish masalasiga alohida e’tibor berilmoqda. Shu bilan birga mahalliy aholini jarayonga faol jalb qilish bo‘yicha zarur ishlar ham olib borilmoqda.

Kelishuvga ko‘ra, Toshkent davlat agrar universiteti ko‘chatxonalar, yong‘oq, mevali ekin plantatsiyalari, yog‘och olishga mo‘ljallanmagan o‘rmon mahsulotlari va qayta ishlash infratuzilmasini yaratish, shuningdek, dala-tajriba maydonlarida yaylovlarni tiklash uchun texnik tavsifnomalar ishlab chiqishda yordam beradi.

Umuman, FAO bilan universitet o‘rasidagi mazkur kelishuv o‘rmonlarni saqlab qolish va o‘rmondan foydalanishning ma’muriy, huquqiy, texnik, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va gender sohalarini qamrab olishi, O‘zbekistondagi o‘rmonlarni barqaror boshqarishni ta’minlashga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Behro‘z Xudoyberdiyev,

O‘zA