Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FAO tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi tomorqa yer egalariga qishloq xo‘jaligi asbob-uskunalari topshirildi
14:18 / 2020-11-21

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi pandemiya davrida O‘zbekistondagi tomorqa yer egalariga har tomonlama yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.

11 noyabr kuni Buxoro viloyati Buxoro tumanida qishloq xo‘jaligi texnikalarini tomorqa yer egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu amaliy yordam O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Global ekologik jamg‘arma (GEF) ko‘magida amalga oshirilayotgan Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Navbatdagi hudud Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani bo‘ldi. Mazkur tumandagi tomorqa yer yegalariga 14 dona suv nasosi va 5 dona xorijda ishlab chiqarilgan motokultivator topshirildi.

Ta’kidlash lozim, suv nasoslari tomorqa yerlarini kafolatli ravishda suv bilan ta’minlash bilan birga suv resurslaridan oqilona foydalanishda muhim rol o‘ynaydi. Motokultivatorlar ham tomorqa yer uchastkalariga ishlov berishda qo‘l keladi. Ushbu texnika va jihozlar dehqonlar ishini sezilarli darajada yengillashtiradi, tuproqqa ishlov berish va ekishga tayyorlashda yordamchi hisoblanadi.

Loyiha doirasida Qamashi tumanidagi tomorqa xo‘jaliklariga 14 ta kichik hajmli issiqxona qurib berish ham rejalashtirilgan.

Taqdimot marosimida FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari ishtirok etib, qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish borasida fermerlar bilan o‘z bilim va tajribasini o‘rtoqlashdi.

- Pandemiya tufayli oziq-ovqat bozorlari muayyan qiyinchiliklarga duch keldi, ammo aynan agrar sektori bu inqirozga eng katta chidamlilikni namoyish etishi kerak. Soha vakillari allaqachon global inqiroz sharoitida ishlash tajribasiga ega. FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shish uchun faol ish olib bormoqda, - dedi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi maslahatchisi professor Aziz Nurbekov.

Eslatib o‘tamiz, ochlik va to‘yib ovqatlanmaslikka qarshi kurashish 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri bo‘lib, FAO mandatida markaziy o‘rin egallagan. Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish loyihasi ham aynan shu maqsadni ko‘zlaydi.