Qishloq aholisi uchun issiqxona biznesi qo‘shimcha daromad olish nuqtai nazaridan kundan-kunga dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Issiqxonalarda yetishtiriladigan sabzavotlarga talab, ayniqsa, qishda, issiqxona mahsulotlari narxi ko‘tarilganda yuqori bo‘ladi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, har bir kishi yiliga 140 kilogramdan ziyod meva-sabzavotlar iste’mol qilishi kerak, ularning sezilarli qismini issiqxonalarda yetishtiriladigan mahsulotlar egallaydi.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) mamlakatingizda chekka qishloq tumanlarida issiqxona biznesini rivojlantirishga ko‘maklashishda davom etmoqda.

Bu nafaqat issiqxonalarni topshirish va o‘rnatish orqali, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, marketing va issiqxona biznesini yuritishning boshqa asosiy masalalari bo‘yicha treninglar o‘tkazish orqali ham amalga oshirilmoqda.
FAO va Global Ekologik Jamg‘armaning "Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish" (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida 2023 yil yanvarda issiqxonalarning navbatdagi partiyasi benefitsiarlarga topshirildi.
Maydoni 100 kvadrat metr bo‘lgan o‘n yettita issiqxonani Buxoro viloyati Buxoro tumani va Qashqadaryo viloyati Qamash tumanidagi dehqon xo‘jaliklari qabul qilib oldi. Hozirgi vaqtda issiqxonalar o‘z egalarining tomorqa yerlariga o‘rnatilib, foydalanish uchun to‘liq tayyor holga keltirilgan.
- Umid qilamizki, bu issiqxonalar uy xo‘jaliklari daromadini oshirishga yordam beradi. Biz barcha benefitsiarlar xonadoniga tashrif buyurib, ularga sabzavot ekinlarini ekish bo‘yicha tavsiyalar berdik. Ushbu issiqxonalar qurilishi tufayli ko‘plab uy xo‘jaliklari daromad keltiruvchi ish bilan ta’minlanadi, - dedi loyiha bo‘yicha milliy menejer Muhammadjon Qosimov.

Qayd etilishicha, bitta issiqxona Kogon Davlat o‘rmon xo‘jaligiga (Buxoro viloyati), yana ikki issiqxona Zamin Xalqaro jamoat fondi, FAO va boshqa milliy hamkorlar tomonidan bolalarga ekologik ta’lim berish maqsadida amalga oshirilgan "Zamin Eco-Education" qo‘shma dasturi doirasida Buxoro viloyatida joylashgan umumta’lim maktablariga yetkazib berildi.
Ushbu issiqxonalarda maktab o‘quvchilari uchun yerdan oqilona foydalanish bo‘yicha darslar o‘tkaziladi. Bolalar qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish va parvarishlashni, o‘simliklarga va umuman tabiatga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rganishi mumkin. Zero, ekologik ta’lim va tarbiya barqaror rivojlanish tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA