English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FAO O‘zbekistonda baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda
14:19 / 2023-03-31

Akvakulturani diversifikatsiya qilish bo‘yicha Toshkentda o‘tkazilgan Mintaqaviy seminar Ozarbayjon, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Turkiya vakillarini birlashtirdi.

"FAO – Turkiya hamkorlik dasturi" O‘zbekiston Prezidentining «Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlashga xizmat qilmoqda.  

Toshkentda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO O‘zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi bilan birgalikda kichik fermerlar va bilim tarqatish xizmatlari xodimlari uchun akvakulturani diversifikatsiya qilish bo‘yicha seminar tashkil etdi.  

«Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyada baliqchilik xo‘jaligi hamda akvakulturani barqaror boshqarish uchun salohiyatni rivojlantirish» loyihasi doirasida o‘tgan tadbir akvakultura mahsulotlari ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishdagi potensial imkoniyat, mavjud to‘siq, shuningdek, talab etilayotgan yangi turlarni joriy etish yo‘llari haqida tasavvurga ega bo‘lish imkonini berdi.  

Seminarda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Maqsadli auditoriya tarkibiga akvakulturani rivojlantirish siyosatini rejalashtirish va ishlab chiqish, sohada bilimlarni tarqatish bo‘yicha xizmatlarni boshqarish hamda taqdim etish bilan shug‘ullanadigan davlat idoralari, shuningdek, baliqchilik xo‘jaliklari rahbarlari, kichik fermerlar va akvakulturani rivojlantirish sohasida ishlaydigan tadqiqotchilar kirgan.  

Tadbirning kirish qismida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining Innovatsiya, ta’lim va fanni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sobir Mavlonov, FAOning Baliqchilik va akvakultura bo‘yicha katta mutaxassisi Haydar Fersoy va tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasidan loyihaning milliy koordinatori Abdumalik Namozov nutq so‘zladi.  

– Baliqchilik sanoati mamlakatimizda oziq-ovqat ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘ini bo‘lib, aholini to‘laqonli ovqatlanishi uchun yuqori sifatli oqsil bilan ta’minlashga hissa qo‘shadi, – dedi Sobir Mavlonov o‘z nutqida. – Akvakultura qishloq joylarda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, shu orqali aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.  

Haydar Fersoy barqaror rivojlanish uchun akvakulturani diversifikatsiya qilish muhimligini ta’kidlab, ishtirokchilarga loyihaning asosiy maqsadi baliqchilik va sohadagi ilg‘or tajribani benefitsiar mamlakatlar o‘rtasida tarqatish ekanini qayd etdi.  

O‘z navbatida Abdumalik Namozov mazkur loyiha O‘zbekiston Prezidentining «Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlashga xizmat qilayotganini alohida e’tirof etdi.  

Suhbat chog‘ida FAO fermerlarning malakasini oshirish, bilim va tajribasini o‘rgatish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali O‘zbekistonda baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgani aytildi. Shundan so‘ng yurtimizda sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida ma’lumot berildi.  

Yevropa va O‘zbekiston vakillarining amaliy tadqiqotlari, ma’ruzalari, shuningdek, soha turlarini diversifikatsiya qilishning hozirgi holati bo‘yicha ishtirokchi davlatlar taqdimoti o‘tkazildi.  

Jumladan, diversifikatsiya qilish akvakulturaning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shsa-da, mamlakatda yangi turlarni joriy etish moliyaviy jihatdan qimmat va texnik jihatdan qiyin bo‘lishi mumkinligi ochiqlandi. Shu munosabat bilan akvakultura yangi turlarini muvaffaqiyatli joriy etishda davlat va xususiy sektorlar o‘zlarining rivojlanish resurslarini baholashlari muhimligi qayd etildi.  

Mintaqaviy seminar to‘g‘risidagi hisobot «Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyada baliqchilik xo‘jaligi va akvakulturani barqaror boshqarish uchun salohiyatni rivojlantirish» loyihasi nashrlarida e’lon qilinadi.  

 B.XUDOYBERDIEV, O‘zA