Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan birgalikda «O‘zaro hamkorlik orqali O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi hududlarini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirib kelmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi transchegaraviy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan loyiha doirasida 2022 yil 10-13 may kunlari Farg‘ona shahrida «Nizolarga sezgirlik tahlili» mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Hududlarning mahalliy hokimliklari fuqarolik jamiyati institutlari va BMT agentliklari vakillari ishtirok etgan tadbirda boshqaruv, iqtisod va ijtimoiy hayot, atrof-muhit, tabiiy resurslarni boshqarish va inson xavfsizligi sohalarida tinchlikni ta’minlash omillari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro ekspertlar – FAO bosh qarorgohining Favqulodda vaziyatlar va chidamlilik boshqarmasi Nizolarga sezgir dasturlash bo‘yicha maslahatchi Mariya Norton va Favqulodda vaziyatlar va reabilitatsiya bo‘yicha mutaxassis Filipp Pristli olib borgan seminar-treningda loyihani amalga oshirishga integratsiya qilish uchun nizolarga sezgir bo‘lgan aniq tavsiyalar kiritildi.
Tadbir loyihani amalga oshirishda nizolarga sezgir strategiyalarni aniqlash, tahlil qilish va integratsiya qilish, shu orqali barqaror tinchlik va hamkorlik uchun asos yaratish maqsadida barcha ishtirokchilar o‘rtasida muloqotni rivojlantirish uchun yaxshi platformaga aylandi.
– Qishloq aholisi, asosan, ayollar va yoshlar imkoniyatini kengaytirish, umumiy resurslarni saqlashda iqlimga mos qishloq xo‘jaligi amaliyotini joriy etish, shuningdek, umumiy platformalar va tarmoqlarni o‘rnatish chegaraning har ikki tomonidagi jamoalar o‘rtasida ijobiy muloqotni kuchaytiradi, – dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. – O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ishonch yanada mustahkamlanadi, albatta.
Anjumanda xotin-qizlar va yoshlarni loyihaga jalb etish, vakolatlarini kengaytirish yaxshi qo‘shnichilik munosabati va samarali ijtimoiy-iqtisodiy transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi ekani qayd etildi.
– «Nizolarga sezgirlik tahlili» mavzusidagi seminar-trening mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va BMT xodimlarini chegaradosh hududlarda tinchlik bo‘lishiga erishishini ta’minlash uchun birlashtirdi, – dedi Favqulodda vaziyatlar va reabilitatsiya bo‘yicha mutaxassis Filipp Pristli. – Loyiha tinchlik o‘rnatishga asoslangani uchun mas’uliyatni oshirish va mamlakatlar o‘rtasida umumiy farovonlikni ta’minlash uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz.
Eslatib o‘tamiz, loyihaning rasmiy seminar shaklidagi ochilishi joriy yil iyunda bo‘lib o‘tadi. Dastur doirasidagi tadbirlar ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarning boshlang‘ich nuqtasi.
O‘zA