Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FAO O‘zbekiston akvamadaniyatni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda
16:26 / 2020-12-19

Toshkentda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAOning "Akvamadaniyat sektori va baliq qiymat zanjiri bo‘yicha milliy tadqiqot va strategiyasi" texnik hamkorlik dasturi doirasida vebinar tashkil etildi. Akvamadaniyat sohasidagi hozirgi vaziyat tahliliga bag‘ishlangan tadbirda FAO ekspertlari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti va "O‘zbaliqsanoat" uyushmasi vakillari ishtirok etdi.

FAOning mazkur texnik hamkorlik dasturi loyihasining maqsadi mavjud muammolarni aniqlash, baliq mahsulotlari yetishtirish ko‘lamini oshirish, qayta ishlash va sotish imkoniyatlarini aniqlash maqsadida ishlab chiqaruvchidan iste’molchiga qadar baliq mahsulotlari qiymat zanjiri bo‘ylab akvamadaniyat sohasini tahlil qilishdir. Loyiha doirasida xorijiy ilg‘or tajriba asosida va FAO ekspertlari ishtirokida Akvamadaniyatni rivojlantirish milliy strategiyasi ishlab chiqiladi.

Mazkur loyiha akvamadaniyat sohasida yuqori samaradorlikka erishishni ta’minlashi, bu esa o‘z navbatida sohada faoliyat ko‘rsatayotgan fermerlar turmush darajasini yaxshilashga, mamlakatimiz aholisini sog‘lom va foydali oziq-ovqat bilan ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

– O‘zbekiston to‘g‘ridan – to‘g‘ri dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat hisoblanadi. Biroq boshqa Markaziy Osiyo davlatlari kabi O‘zbekiston ham chuchuk suv akvamadaniyatini rivojlantirishga imkon beruvchi boy suv resurslariga ega. Baliq yetishtirish imkoniyatlari oshishi fermerlar va qishloq aholisiga qo‘shimcha daromad topishiga yordam beradi. Qishloq xo‘jaligi faoliyatini diversifikatsiya qilish esa oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlaydi, – deydi FAO loyihalarining O‘zbekistondagi koordinatori Sherzod Umarov.

Qiymat zanjiri milliy nazorati va tahlili FAO mutaxassislari tomonidan milliy hamkorlar ko‘magida amalga oshirildi. Vebinar davomida FAOning akvamadaniyatni strategik rejalashtirish bo‘yicha xalqaro maslahatchisi Saymon Diffi O‘zbekiston akvamadaniyatining mavjud vaziyat tahlilini taqdim etdi. Taqdimotda sohani rivojlantirish bo‘yicha mavjud cheklovlar tahlili, xulosa va yakuniy fikrlar yoritib berildi.

– O‘zbekistonda baliq iste’moli aholi jon boshiga yiliga 3-3,5 kilogrammni tashkil etadi, bu esa tavsiya etilgandan 10-11 kilogramm kam. Davlatning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi orqali sohada ijobiy natijalarga erishildi. Biroq shunga qaramay, baliq mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish samaradorligini oshirish uchun ko‘p ishlar qilinishi kerak, – deya ta’kidladi Saymon Diffi.

Tadbirda mutaxassislar sohaga doir bir qator tavsiyalar berishdi.

O‘zA