BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) 3 dekabr kuni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda dorivor o‘simliklar muhofazasi, yetishtirish, qayta ishlash va sohaning eksport salohiyatini oshirishdagi dolzarb masalalari» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazdi. Tadbir FAOning Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtiriladigan «O‘zbekiston tog‘ va vodiy o‘rmonlarini barqaror boshqarish» loyihasi doirasida tashkil etildi.
Anjumanda FAO ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi mutaxassislari, Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti professorlari dorivor o‘simliklar sanoatni rivojlantirish uchun ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferensiya materiallarida 110 dan ortiq ilmiy maqolalar o‘z aksini topib, ularda sohaning eng dolzarb masalalari ko‘tarilgan. bugungi kunda dunyoda tabiiy dori vositalariga bo‘lgan talab 6-7 foizga oshgani qayd etildi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, dorivor o‘simliklar va ziravorlarni yetishtirish va qayta ishlash, ularni plantatsiya usuli bilan ko‘paytirish juda foydali va istiqbolli.
Prezidentimizning «Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori dorivor turlarni yetishtirish hajmini oshirish va samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. 2020-2023 yillarda dorivor o‘simliklar plantatsiyalari hududini 103,7 ming gektarga etkazish rejalashtirilgan.
Tadbirda dorivor o‘simliklarni asrash va yetishtirish, qayta ishlash, ulardan tabiiy dori vositalari ishlab chiqarish kabi dolzarb masalalar muhokama etilib, hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar kelishib olindi.
Konferensiya fan va ishlab chiqarishni integratsiyasini kuchaytirish, dorivor o‘simliklar eksportini oshirish va tarmoqni rivojlantirishning boshqa muhim jihatlariga ham e’tibor qaratildi.
Sohadagi eng muhim va dolzarb masalalarni yoritgan, ishlab chiqarishga aniq tavsiyalar bergan mualliflar rag‘batlantirildi.
O‘zA