Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutida «Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» mintaqaviy loyihasi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ko‘magida tashkil etilgan yangi geografik axborot tizimlari (GIS) laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Eng zamonaviy kompyuter, server (ma’lumotlar markazi), tuproq xaritalarini chop etish qurilmasi va GPS jihozi bilan ta’minlangan laboratoriya ochilish marosimida mutaxassislar hududning maqsad va vazifalari, shuningdek, uning ishlash prinsipi bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazishdi.
Tadbirda tuproq dunyo biologik xilma-xilligining asosiy manbalaridan biri bo‘lib, biz iste’mol qiladigan oziq-ovqatning 95 foizi, aynan, tuproqda yetishtirilishi qayd etildi. Bundan tashqari, quruqlikda yashovchi organizmlarning 40 foizdan ortig‘i o‘z hayotining u yoki bu bosqichida tuproq bilan bevosita bog‘liq. Tuproq salomatligini tiklash Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning muhim bosqichi sanaladi.
– Yangi geografik axborot tizimlari laboratoriyasi bu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtiradi, – dedi loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. – Geoaxborot texnologiyalari yerlarning degradatsiya jarayonlarini baholash va xaritalash, tuproqlar holatini tahlil qilish, an’anaviy xaritalash usullarini zamonaviy kompyuterlashtirish, tadqiq etiladigan hudud to‘g‘risida tez va sifatli ma’lumot olish, geoaxborot texnologiyalarini qo‘llagan holda masofadan zondlash ma’lumotlariga ishlov berish orqali ko‘p yillik monitoring ishlarini olib borishga doir ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishga imkon yaratadi.
Ma’lum bo‘lishicha, laboratoriyadan ilmiy, amaliy va tadqiqot maqsadlarida foydalaniladi. Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti vakillari FAOga mazkur sohalarda yo‘l ochilayotgani, yangi inshoot yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida yerdan foydalanishni yaxshilash, iqlim o‘zgarishi oqibatini bartaraf etish hamda tabiiy resurslarni kompleks boshqarish bo‘yicha amaliyotlar ko‘lamini kengaytirish loyihasining asosi hisoblanadi.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi BMTning qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi, BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi asosiy konvensiyasini amalga oshirishga ham salmoqli hissa qo‘shyapti, deyish mumkin.
O‘zA