Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FAO ko‘magida asalarichilar uchun innovatsion axborot almashish tizimi ishlab chiqilmoqda
16:41 / 2020-12-23

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi bilan hamkorlikda «Asalarichilikning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash» texnik hamkorlik dasturi doirasida ishlab chiqilayotgan innovatsion axborot almashish tizimini namoyish etdi.

FAOning mazkur texnik hamkorlik dasturi mamlakatimizda asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu loyiha soha mutaxassislarini tayyorlash va intellektual salohiyatini oshirishda yangi imkoniyatlar ochmoqda.  

Dastur doirasida soha vakillari uchun xorijiy ekspertlar tomonidan o‘quv seminarlari tashkil qilinadi, xorijiy davlatlarda kadrlar malakasini oshirish amalga oshiriladi, shuningdek, O‘zbekistonda asalarichilik sohasi uchun zamonaviy laboratoriya uskunalari yetkazib beriladi.

Texnik hamkorlik dasturi doirasida innovatsion axborot almashish tizimi ishlab chiqilmoqda. Mazkur tizimni namoyish qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda uning afzalliklari haqida so‘z bordi.  

Xususan, asalarichilar yangi tizim orqali barcha zarur o‘quv-statistik ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi tizimda asalarichilar asalarichilik xo‘jaliklarini bir-biriga yaqin joylashtirmasligi uchun maxsus xaritada aks ettiriladigan har bir asalarichi koloniyalari (uyalari)ning joylashishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.  

Bundan tashqari, yangi tizim ekinzorlarga kimyoviy o‘g‘itlar sepilganda bu haqda oldindan ogohlantiradi. Bu asalarichilarga arilar nobud bo‘lmasligi va asal hosilini yuqotmaslik uchun o‘z vaqtida chora ko‘rish imkonini beradi.  

Tadbirda O‘zbekiston asalarichilari uyushmasining barcha viloyatlardagi raislari o‘z fikr va takliflarini bildirdi, sohani rivojlantirishning muhim masalalari muhokama etildi.

 

O‘zA