Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FAO Farg‘ona vodiysida asalarichilar salohiyatini oshirmoqda
21:50 / 2023-06-15

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston «Agrar soha ayollari» uyushmasi va Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda Namangan viloyati Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlari, shuningdek, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi qishloq aholisi uchun asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha treninglar tashkil qildi.

O‘quv tadbirlari “O‘zaro hamkorlik orqali O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha jamoasi vakillarining fikricha, asalarichilar salohiyatini ko‘tarish tarmoq samaradorligini va loyiha hududlaridagi aholi daromadini oshirishga yordam beradi.

Ma’lum qilishlaricha, navbatdagi trening 17 iyun kuni Andijonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ishtirokchilarning umumiy soni loyiha hududlaridagi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami orasidan tanlab olingan yuzga yaqin kishini tashkil etadi. Farg‘ona vodiysi aholisi uchun asalarichilik har doim qishloq xo‘jaligining istiqbolli tarmoqlaridan biri va yuqori daromad manbai hisoblanadi. Shu bilan birgalikda, bugungi kunda mahalliy aholining asal ishlab chiqarishga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. Ko‘pchilik bilim va tajriba orttirish, ushbu foydali biznesning so‘nggi jarayonlari haqida bilishni istaydi, ammo har doim ham bunday imkoniyat mavjud emas. Shuning uchun ham, mahsuldorlik va daromadni oshirishda ta’lim asosiy rol o‘ynaydi.

FAO tomonidan tashkil etilgan asalarichilik bo‘yicha treninglarda ishtirokchilar asalarichilik bo‘yicha asosiy bilimlarga ega bo‘ldilar, kelajakda asalarichilik xo‘jaliklarini kengaytirish va daromadlarini oshirish imkonini beradigan zamonaviy yondashuvlar bilan tanishdi.

Trening davomida xo‘jalikda asalari oilalarini parvarish qilish bo‘yicha mavsumiy ishlar, ekinlarni asalarilar bilan changlatish usuli, turli xil asalari zotlari xususiyati, asalarichilik mahsulotlari va ularga qo‘yiladigan standart talablar, shuningdek, zararkunandalarga qarshi kurash usuli va asalarichilik kasalliklari kabi mavzular o‘rganildi.

Ekotizim salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda asalarilar va boshqa changlatuvchi hasharotlar muhim rol o‘ynashi qayd etildi. Ular biologik xilma-xillikni saqlashga yordam beradi va to‘yimli oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun muhimdir.

Ta’kidlash joizki, FAO O‘zbekistonda asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Masalan, FAOning 2019-2021 yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan “Asalarichilikni barqaror rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida asalarichilar uchun innovatsion axborot almashish tizimi ishlab chiqilgan. Bu foydalanuvchilarga asalarichilik ishlari uchun barcha kerakli o‘quv va statistik ma’lumotlarni onlayn tarzda taqdim etadigan mobil ilova hisoblanadi.

O‘zA