Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FAO Farg‘ona vodiysida “aqlli qishloq xo‘jaligi”ni targ‘ib qilmoqda
14:39 / 2024-04-14

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Andijon va Namanganda tashkil etilgan tomorqalarda aqlli qishloq xo‘jaligini joriy etish bo‘yicha seminar-treninglarda Andijon viloyatining Marhamat tumani hamda Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlari qishloq aholisidan 60 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi.

Olimlar va tajribali agronomlar ishtirokchilarga o‘z tomorqa xo‘jaliklarida sabzavot, kartoshka va boshqa ekinlar hosildorligini oshirish texnologiyalari, yerdan unumli foydalanish va yuqori sifatli mahsulot yetishtirishning innovatsion usullari, iqlimga moslashgan dehqonchilik usullarini joriy etish bo‘yicha zamonaviy bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. O‘quv dasturi doirasida issiqxonalarda amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi.

Shunisi e’tiborga loyiqki, ishtirokchilarning qariyb 70 foizini faolligi va bilimga chanqoqligi bilan ajralib turadigan qishloq ayollari tashkil etdi. Ularning aksariyati FAO loyihalarida ishtirok etish orqali issiqxona biznesini muvaffaqiyatli rivojlantirib kelmoqda. Tashkilot bu loyihalarni amalga oshirishda gender tengligini ta’minlash va xotin-qizlarning imkoniyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratyapti.

Treninglar davomida olingan yangi bilim va ko‘nikmalar ishtirokchilarga o‘z tomorqasida ekin hosildorligini oshirish va shu bilan birgalikda, daromadini ham ko‘paytirishga imkon beradi.

Darhaqiqat, zamonaviy, ekologik toza va barqaror dehqonchilik usullarini joriy etish tufayli loyiha benefitsiarlari nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki sog‘lom va sifatli sabzavot ekinlarini yetishtirish, o‘z navbatida, ularning bozordagi qiymatini oshirish imkonini beradi. Bir so‘z bilan aytganda, yangi va sifatli mahsulotlar Farg‘ona vodiysining chegaradosh hududlari aholisi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumki, tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va totuvlik iqtisodiy barqarorlik garovidir.Bu omil loyihaning maqsad va vazifalariga to‘la javob beradi.

BMT Bosh kotibi huzuridagi Tinchlikni mustahkamlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan va FAO hamda Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan bir qator hamkorlar bilan birgalikda BMTning Qo‘shma dasturi sifatida amalga oshirilayotgan “O‘zaro hamkorlik orqali O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegara oldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida doimiy ravishda o‘quv tadbirlari tashkil etiladi. Loyiha Farg‘ona vodiysi chegarasining har ikki tomonida qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish orqali yaxshi qo‘shnichilik munosabatini mustahkamlashga qaratilgan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA