Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning sabzavotchilik bo‘yicha xalqaro eksperti Leone Maloketti Lombi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Namangan shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari uchun o‘quv-seminar o‘tkazdi.
FAO tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezident ta’lim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir "Qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish uchun sohada innovatsiyalar va yangi raqamli texnologiyalardan foydalanish" mavzusiga bag‘ishlandi.
Seminarda 40 ga yaqin 9-11 sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. O‘quvchilar xorijiy mutaxassisning bugungi kunda dunyoning 1 milliard iqtisodiy faol aholisi band bo‘lgan muhim soha – qishloq xo‘jaligidagi yangiliklar to‘g‘risidagi taqdimotiga katta qiziqish bildirdi.
Xususan, mutaxassis bolalarni gidroponika va aeroponika kabi o‘simliklarni yetishtirish usuli bilan batafsil tanishtirdi, shuningdek, «vertikal dehqonchilik» deb nomlangan butun dunyoda faol ravishda joriy etilayotgan va an’anaviy fermer xo‘jaligiga qaraganda 95 foiz kam suv ishlatishga imkon beradigan texnologiyaning xususiyati haqida gapirib berdi.
Bundan tashqari, quyosh energiyasi bilan ishlaydigan suv nasoslarining yangi avlodining afzalliklari, issiqxonalarda axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
FAOning sabzavotchilik bo‘yicha xalqaro eksperti taqdimotida “FAO qishloq jamoalarida ekinlar va chorvachilikni barqaror intensivlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bilim va ko‘nikmalarni oshirish bilan birgalikda fermerlarning daromadlarini oshirish va, umuman, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga yordam beradi”, deb ta’kidladi.
Ma’lumki, qat’iy tanlovdan o‘tish zarur bo‘lgan Prezident maktablarida yosh avlodning intellektual qobiliyatlarini ochib berishga yordam beradigan ko‘p tarmoqli ta’lim muhiti shakllantiriladi. Shu munosabat bilan qishloq xo‘jaligidagi darslar talabalarning dunyoqarashlarini kengaytirish uchun foydali bo‘ldi.
- Maktabimizda tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillarni o‘zlashtirish, muhandislik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini chuqur o‘rganish yo‘lga qo‘yilgan. FAO bilan hamkorlikda olib borilgan mashg‘ulotlar tufayli ba’zi o‘quvchilar qishloq xo‘jaligida kasbiy o‘sish haqida o‘ylashni boshladilar. Bunday o‘quv mashg‘ulotlari o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishda, ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirishda, so‘nggi jarayonlardan xabardor bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi”, - dedi Namangan shahar Prezident maktabi direktori Shuhrat Aziboyev.
Issiqxonalarni boshqarish bo‘yicha mashg‘ulotlar davomida olingan bilimlarni darhol amalda qo‘llash mumkin, chunki maktab hududida issiqxona mavjud bo‘lib, u yerda o‘quvchilarning atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Issiqxona «Zamin» Xalqaro jamoat fondining «Zamin Eco-Education» dasturini amalga oshirish doirasida FAO tomonidan grant asosida qurilib, maktabga topshirilgan. bugungi kunga qadar unda maktab o‘quvchilarining faol ishtirokida ko‘katlar va ayrim qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirilmoqda. Mazkur dastur ijrosi doirasidagi ekologik ta’lim va tarbiya navqiron avlodning tabiiy resurslardan oqilona foydalanish mas’uliyatini oshirishning muhim omili bo‘lib, pirovardida jamiyatning ekologik madaniyatini shakllantiradi.
O‘zA