Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FAO: “Bizning ham ustozimiz bo‘lgan”
12:59 / 2019-09-30

Dunyodagi o‘rmonlar yer yuzining umumiy quruqlik maydonining qariyb 31 foizini egallaydi.


Dunyodagi o‘rmonlar yer yuzining umumiy quruqlik maydonining qariyb 31 foizini egallaydi. O‘zbekistonda esa mamlakat hududining 25 foizini tashkil qilib, vodiy o‘rmonlari, tog‘ va tog‘oldi o‘rmonlari, to‘qay o‘rmonlari va cho‘l o‘rmonlaridan iborat.

O‘zbekiston o‘rmonlarida 68 xil turdagi daraxt, 320 xil turdagi butasimonlar hamda 134 xil turdagi yarim butasimonlar o‘sadi. Lekin ayni damda o‘rmon hududlarining atigi 7 foizi daraxtlar bilan qoplangan.

Toza havo va suvsiz, o‘simlik va hayvonot dunyosining yashash muhitisiz biz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqara olmaymiz. Shu sababli, FAOning global maqsadi va o‘rmonlarni barqaror boshqarish – bir-biri bilan uzviy bog‘liqligi alohida qayd etilgan FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasida o‘rmonlarni barqaror boshqarish, ilmiy tadqiqotlar va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi innovatsiyalar bo‘yicha xalqaro va milliy tajriba almashishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda 1-oktabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir sohada faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh ustozlar taqdirlandi. E’tibordan mamnun bo‘lgan, yuz-ko‘zidan quvonch sezilib turgan ustozlarni dil so‘zlarini yozib oldik.

– O‘rmonchilik sohasida 48 yildan buyon faoliyat yuritmoqdaman, – deydi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi vakili Hojimurod Tolipov. – Shu yillar davomida ko‘plab shogirdlar tayyorladim. Bugun ko‘plab ustozlar qatori meni ham taqdirlashdi. Xursand bo‘ldim. Albatta, bizning ham ustozimiz bo‘lgan. Ustozim No‘monhozir 90 yoshga kirdilar. Ertalab yo‘qlab keldim, juda quvondilar.

– Bunday e’tibor va ehtiromdan g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shiladi, – deydi Shifobaxsh markazi bosh mutaxassisi Uchqun Yunusxo‘jaev. – 40 yildan buyon mazkur markazda ishlab, yoshlarga ustozlik qilmoqdaman. Bu yil shogirdlarim soni yanada oshdi. Chunki, Toshkent davlat agrar universitetida dorivor yo‘nalishi ochildi. Unda ta’lim olayotgan 15 nafar talabi bizda amaliyot o‘tamoqda. Ularga turli mavzularda mahorat darslari o‘tmoqdaman.

– Toshkent davlat agrar universitetida ko‘p yillar faoliyat olib yuritib kelayotgan bir guruh ustozlarni FAO bilan birga taqdirladik, – deydi universitet rektori, akademik Botir Sulaymonov. – Talabalar uchun bugungi tadbir namunali bo‘ldi. Chunki, ular o‘rmonchilik borasidagi yangiliklarni bilish bilan bir vaqtda ustozlarni ardoqlanishiga ham guvoh bo‘lishdi. Albatta, bu ularni ustoz otadek ulug‘ ekaniga, ularning mehnati qadrlanishiga yana bir karra amin bo‘ldilar.