Joriy yil 24 noyabrdan 4 dekabrga qadar Andijon shahridagi 41-umumta’lim maktabida Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan va umumta’lim maktablarining 9-, 10- va 11-sinf, kasb-hunar maktablari hamda akademik litseylarning 1-2 kurs o‘quvchilari o‘rtasida respublika fanlar olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tgan edi.
Fanlar olimpiadalarida 14 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha 2 ming 566 nafar o‘quvchi o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 9-, 10- va 11-sinflar kesimida 42 nafardan, jami 126 nafar o‘quvchi g‘olib deb topilgan, shuningdek, 42 nafar 11-sinf o‘quvchisi fanlar olimpiadasining mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Bosh qomusimizning 33 yillik bayrami arafasida fanlar olimpiadalari viloyat bosqichida g‘olib deb topilgan o‘quvchilarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Shukurov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda yosh avlodni bilimli, barkamol qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganligi, yoshlarning bilim, mahorat va iste’dodlarini yuzaga chiqishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, bunda fanlar olimpiadasining o‘rni va roli muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.

Fanlar olimpiadalari viloyat bosqichi g‘oliblariga tegishli diplom, esdalik sovg‘alari va pul mukofoti olishi uchun maxsus sertifikatlar topshirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA