Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan hujjatli filmni suratga olish ishlari boshlandi
18:15 / 2023-11-10

Joriy yilning 12-14 dekabr kunlari Fanlar akademiyasining 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkaziladi.

Bu haqda AOKA da o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Gulnoza Sharofova ma’lum qildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 9 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tadbirlarini o‘tkazishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qaroriga asosan,  qator xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazildi.    

Jumladan, Milliy arxeologiya markazi tomonidan “O‘rta osiyo moddiy madaniyati tarixi” mavzusida, Yadro fizika instituti olimlari tomonidan Buxoro shahrida Yadro tibbiyoti rivojiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman, Matematika institutida “Xitoy-Markaziy osiyo matematiklari forumi”, Fizika-texnika institutida “Zamonaviy fizikaning fundamental va amaliy muammolari” mavzusida, Immunologiya va inson genomikasi instituti olimlari tomonidan Orfan kasalliklarini tashxislash va davolash bo‘yicha "Chegarasiz hamdo‘stlik" Yevroosiyo forumi tashkil etildiki, ularda Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, MDH davlatlaridan ko‘plab olimlar, akademiklar ishtirok etishdi. Ushbu xalqaro anjumanlar ilm-fan yangiliklarini almashish uchun olimlarimizga katta ilmiy maydon vazifasini o‘tamoqda.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda esa Fanlar akademiyasining tashkil topishi va rivojlanishi hamda mustaqillik yillarida fanning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan  “Uchinchi Renessans tayanchi” hujjatli film suratga olish ishlari boshlandi.

Akademiya tarixi va bugunini o‘zida aks ettirgan kitob-albom nashrga tayyorlanmoqda. Fidoyi va mehnatkash olimlar o‘z ilmiy izlanishlari natijasi bo‘lgan ko‘plab ilmiy risola va monografiyalarini akademiyaning 80 yilligiga  bag‘ishlab chop etmoqda. 

Shuningdek, yubiley munosabati bilan Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi – akademiklikka saylov e’lon qilindi.

N.Rahmonova, O‘zA