Hali o‘ttizga ham to‘lmagan Jumaniyoz Sangirov allaqachon tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega va bir qancha ilmiy yutuqlarga erishgan. Yosh olimlar faoliyatida qanday to‘siqlar mavjudligi va ularga qanday yechim berishni biladigan Jumaniyoz o‘z takliflarini yon daftariga yozib yurgan edi. Endi esa shu takliflarni Fanlar akademiyasi Prezidentiga yetkazish va butun tizim miqyosida muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Respublikamiz aholisining qariyb 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etayotgan bir paytda yosh va salohiyatli kadrlarni qo‘llab quvvatlash, taklif va g‘oyalarini tinglash, ular uchun zamon talablariga mos shart sharoit yaratish maqsadida yurtimiz bo‘ylab turli hududlar va tashkilotlarda "Rahbar va yoshlar" uchrashuvlarini o‘tkazish deyarli an’anaga aylandi. Shunday uchrashuvlardan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasida tashkil etildi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov 30 yanvar kuni akademiya tarkibidagi ilmiy tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yosh olimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida yosh olimlarni qiynayotgan ma’naviy, ilmiy va moddiy muammolar muhokama qilindi va ularning yechimlari bo‘yicha mas’ullarga kerakli topshiriqlar berildi
- Bugun Akademiya tizimida faoliyat yuritayotgan yosh olimlar bilan Akademiya Prezidenti o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tdi va shu suhbat jarayonida men ham o‘zimning asosiy 2 ta taklifimni berdim. Xususan, bugungi kunda Fanlar akademiyasi tasarrufida yosh olimlarga mo‘ljallangan zamonaviy yotoqxonalar bor. Men esa yotoqxonalarda yosh olimlarga nafaqat yakka tartibda balki o‘z oilasi bilan birga yashash imkonini berish bo‘yicha chora tadbirlar ishlab chiqish masalasini birinchi taklifimda ko‘rsatdim. Shuningdek ikkinchi taklifimda Fanlar akademiyasi tarkibidagi kutubxona faoliyatini tubdan yaxshilash, barcha kitoblarni raqamlashtirish va yana zamonaviy talablarga xos bir qancha yangiliklar kiritish masalasini muhokamaga kiritdim. Bu takliflar Akademiya Prezidenti tomonidan ijobiy qabul qilindi, - deydi Jumanyoz.
Uchrashuv davomida yosh olimlar tomonidan aytilgan yana bir qancha takliflar bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishi ta’kidlandi. Albatta bu kabi ochiq muhokamali uchrashuvlar sohaning rivojlanishi va yosh kadrlarning ilm-fan sohasida kuchliroq natijalarga erishishiga turtki bo‘ladi.
Mehrojiddin Umurzaqov,
O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi matbuot kotibi