O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan ma’rifiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Hilola Umarova, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, akademiklar, olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Muloqot davomida mamlakatimiz ilm-fani sohasi oldiga qo‘yilgan muhim strategik maqsadlar hamda Prezidentimizning Fanlar akademiyasi faoliyatini rivojlantirishga doir qarori ijrosiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, 2030 yilga qadar Akademiya va uning tizim tashkilotlarida yangi ilmiy ishlanmalar soni va tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmi, akademik va professorlarning ta’lim jarayonidagi ishtiroki, xalqaro hamkorlikda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar soni salmoqli tarzda oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 27 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur tuzilma faoliyatida yangi ufqlarni ochishi shubhasiz.
Qarorga ko‘ra, mamlakatimizda ilm-fanni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar sifatini oshirish, oliy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlash hamda Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarining xalqaro miqyosda raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida yangi ilmiy ishlanmalar soni va tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmi 3 baravarga, ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushi 60 foizgacha oshiriladi.

Xorijiy mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy diaspora O‘zbekiston ilm-faniga reintegratsiya qilinadi. Yoshlarning akademik fanlarda ishtirokini kuchaytirish uchun ularni rag‘batlantirish tizimi yaratiladi.
Shuningdek, ilm-fan va sanoat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani kuchaytirish, Fanlar akademiyasining yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida yuridik shaxs makomiga ega bo‘lmagan Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi.
2026 yildan boshlab ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi barcha ilmiy loyihalarning sifatini oshirish maqsadida ularni ilmiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ilmiy-texnik kengashlar tarkibiga Fanlar akademiyasi taklifiga asosan hamrais nomzodi kiritiladi.
Shu bilan birga, 2026 yil 1 apreldan Fanlar akademiyasi o‘z tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ilmiy xodimlar faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari va ilmiy muassasalar faoliyat samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimini joriy etadi.

2026 yil 1 yanvardan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yo‘nalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etiladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Innovatsion rivojlanish agentligining Xalqaro molekulyar allergologiya markazini Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, hududlarda ilm-fanni rivojlantirish va yoshlarni ilm-fanga kengroq jalb qilish maqsadida Namangan, Samarqand va Termiz shaharlarida Fanlar akademiyasining hududiy bo‘limlari tashkil etiladi.
Xalqaro ilm-fan kengashining Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi tashkil etiladi. Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxyeologiya markazini Antropologiya instituti deb qayta nomlash belgilandi.
Mazkur qaror O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab beradi. U Fanlar akademiyasi faoliyatini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish va ularning amaliy natijadorligini kuchaytirishga qaratilgan.
Muloqot davomida yuqorida nomi keltirilgan hujjatning mazmun-mohiyati xususida batafsil so‘z yuritildi. Kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
N.Usmonova, O‘zA