Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fan va texnologiyalar olamida
13:13 / 2024-03-13

Yangi asbob go‘shtning sifatini aniqlab beradi

Vetnam Fan va texnologiya akademiyasi (VAST) olimlari Rossiya Fanlar akademiyasi muhandislari bilan birgalikda inqilobiy biosensorni ixtiro qildi. Homiladorlik testini eslatuvchi gajet xom go‘shtning yangiligini aniqlay oladi. Qurilma gipoksantin va ksantin molekulalarini - go‘shtdan adenozin trifosfat (organizmlarda metabolizm uchun javob beradi) parchalanishi paytida uning chirishining dastlabki bosqichlarida ajralib chiqadigan maxsus moddalarni ushlashga qodir. 

Sinovlar shuni ko‘rsatdiki, gajet go‘shtning yangiligini 98 foizga aniqlaydi. Olimlarning ta’kidlashicha, qurilma universaldir, chunki u har qanday turdagi go‘shtni sinab ko‘rish uchun mos keladi. Mutaxassislarning fikricha, bunday tosterlar do‘kon va fabrikalarda foydali bo‘ladi.

Yerning orbitasi o‘zgarganmi?

Olimlar 56 million yil oldin sayyoramiz harorati 5-8 darajaga ko‘tarilganini aniqlashdi, bu atmosfera tarkibining sezilarli o‘zgarishiga va ayrim turlarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelgan. Nima uchun bu sodir bo‘lganligi uzoq vaqt davomida sir bo‘lib kelayotgan edi. Sayyorashunos Neytan Kaib va ​​astrofizik Shon Raymond nihoyat buni yechishga muvaffaq bo‘lishganini ma’lum qildi. 

“ScienceAlert” nashrining yozishicha, olimlar harorat va iqlim o‘zgarishini Yer orbitasidagi o‘zgarishlar bilan bog‘lagan. Bu yulduzning yaqin o‘tishi tufayli sodir bo‘lishi mumkin. Shunga o‘xshash variant quyoshga o‘xshab harakatlanadigan “HD 7977”  yulduzlari misolida o‘rganildi. U 2,8 million yil oldin quyosh tizimiga yaqin uchib o‘tgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sayyoralar orbitalarini o‘zgartirish uchun yetarlicha yaqin masofadan o‘tgan yulduzlar nisbatan kam uchraydigan hodisadir. Ammo ularning ta’siri juda katta bo‘lishi mumkin. Yulduz 50 000 astronomik birlik (bir astronomik birlik taxminan yer va quyosh o‘rtasidagi masofa) ichidan taxminan million yilda bir marta o‘tishi aytiladi. Shuningdek, yulduz taxminan har 20 million yilda yerga 10 000 astronomik birlikka yaqinlashayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu shuni anglatadiki, yaqin o‘tayotgan yulduzlardan biri haqiqatan ham uzoq o‘tmishdagi sayyoramizning haroratiga bilvosita ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

“Airfish-8” kelajak transporti

Turkiya kompaniyalari tomonidan buyurtma berilgan kamida 20 ta “Airfish-8” ekranoplani 2025-yildan boshlab sayyohlarni tashiy boshlaydi. 

Bunday harakat vositalarini  ishlab chiqarishni Singapurning “ST Engineering” kompaniyasi “Peluca” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiradi. “Airfish-8” kelasi yildan boshlab yetkazib berilishi ma’lum qilingan.

Turkiyaning “Eurasia Mobility Solutions” kompaniyasi hozircha o‘nta shunday uchish apparatiga buyurtma bergan, kelgusida yana o‘nta buyurtma berishi mumkinligi haqida ham ma’lum qilgan.
Bunday transport vositalarining oddiy qayiqlar yoki paromlarga nisbatan asosiy afzalligi -  ularning yuqori tezligidir. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, apparatning maksimal tezligi 167 km/soatni tashkil etadi. Bundan tashqari, ekranoplan 8 yo‘lovchi yoki 1 tonna yukni tashishi mumkin. 

Samolyot dengiz xastaligidan aziyat chekayotgan yo‘lovchilar uchun mos keladi, chunki u suv sathidan 6-7 metr balandlikda uchib, oddiy qayiqlarga qaraganda yumshoqroq harakatlanish imkonini beradi. 

Uchish, qo‘nish uchun ekranoplan maxsus infratuzilmani talab qilmaydi, unga oddiy parom terminallari yetarli. Apparatga 500 ot kuchiga ega bo‘lgan benzinli dvigatel o‘rnatilgan. 

“Coperni” brendi 99 foiz havodan iborat bo‘lgan sumkani taqdim etdi

Fransiyaning “Coperni” brendi 8-mart bayramiga o‘ziga xos aksessuarni taqdim etdi. “Air Swipe Bag” deb nomlangan sumkacha havodan qilingan va bor yo‘g‘i 33 grammni tashkil qiladi.

Sumkacha  2024-yil kuz-qish mavsumi doirasida chiqarildi. Uning siri uzoq vaqt oldin insoniyat tomonidan ixtiro qilingan maxsus materialda. Gap dunyodagi eng yengil va eng qattiq modda aerogel haqida bormoqda. “NASA” hali ham uni kosmik chang zarralarini olish uchun ishlatadi. Yengilligiga qaramay, sumka mo‘rt emas. Ayerogel juda zich material bo‘lib, o‘zidan 4000 marotaba og‘ir bo‘lgan yuk hamda g‘ayritabiiy harorat va bosimlarga bardosh bera oladi. Ayollar smartfoni, kalitlari va boshqa mayda buyumlarini sindirishdan qo‘rqmay, xavfsiz tarzda sumkalariga solib qo‘yishlari mumkin. 

AI uy hayvonlari bilan gaplashishga imkon beradi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tez orada hayvonlar bilan muloqot qilish uchun sun’iy intellekt vositalari paydo bo‘ladi. Bu voqea 12-36 oy ichida sodir bo‘lishi aytilmoqda. Uy hayvonlari va hatto yovvoyi hayvonlar bilan ham aloqa qilish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan texnologiya “raqamli bioakustika” deb ataladi. Bu matoh hayvonlarning odam qulog‘iga eshitilmaydigan tovushlarni ham o‘qiydi, ularni tirik mavjudotlarning xatti-harakati va kayfiyati bilan bog‘laydi. Bundan tashqari, qo‘shimcha datchiklar hayvonlarning yuz ifodalarini, o‘zini tutishlarini va qiliqlarini talqin qilishga yordam beradi. 

“Earth Species Project” loyihasi tomonidan ishlab chiqilayotgan texnologiya mushuklar, itlar, qarg‘alar va hatto kit kabi hayvonlar bilan turlararo o‘zaro ta’sir qilish imkoniyatini ochishi kutilmoqda. 

Yangi sun’iy intellekt foydalanuvchilarga nafaqat uy hayvonlarining xohish-istaklarini tushunishlari uchun foydali bo‘ladi, balki ularning ijtimoiy xatti-harakatlarini o‘rganuvchi yoki ularni dengiz va quruqlikdagi xavfli zonalarni kesib o‘tishdan ogohlantiruvchi maxsus robotlarni yaratishda ham qo‘llanilishi mumkin. Albatta, hayvonlar, odamlardan farqli o‘laroq, yuqori darajada rivojlangan mavhum fikrlash va tilga, shuningdek, aloqa haqidagi g‘oyalarga ega emaslar, shuning uchun siz yangi texnologiya ular bilan mazmunli muloqot qilish imkonini beradi deb kutmasligingiz kerak. Biroq loyiha tirik mavjudotlar ruhiyatini o‘rganish, ularning xatti-harakatlari va chiqaradigan tovushlarni talqin qilishda albatta yordam beradi.

Endi suratlar ham kuylaydi

Xitoyning “Alibaba” kompaniyasi “EMO” neyron tarmog‘ini taqdim etdi. U fotosuratni jonlantirish va unda tasvirlangan odam qo‘shiq aytishi yoki gapirish imkonini beradi. 

“VentureBeat” nashrining yozishicha, AI tizimi “Alibaba” kompaniyasining intellektual hisoblash instituti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Ishlab chiquvchilar diffuziya modelini 250 soatlik videolar, jumladan, kinokliplar va musiqachilarning chiqishlariga o‘rgatishdi. Xuddi shunday neyron tarmoqlarning oldingi modellari mushaklar harakatini yaratish uchun yuzlarning 3D modellariga tayangan. “EMO” darhol audio signalni videoga aylantiradi, uning davomiyligi yuklangan audio trekka bog‘liq. 

– Sinov natijalari shuni ko‘rsatadiki, “EMO” nafaqat suhbatlarning ishonchli videolarini, balki turli uslublarda qo‘shiq kuylash videotasvirlarini ham yaratishga qodir, - deydi tadqiqotchilar.

5G bilan harakatlanadigan ilk elektrli velosiped yaratildi

U yana sun’iy intellekt bazasida to‘siqlarni bartaraf qilish tizimi bilan ham jihozlangan.

“Orbic” kompaniyasi tomonidan Barselonada bo‘lib o‘tgan Mobile World Congress tadbirida namoyish qilingan velosiped qalin shinalarga ega. U ko‘plab kameralar va sun’iy intellekt yordamida to‘siqlar bilan to‘qnashib ketish xavfini aniqlaydigan qurilmalar bilan jihozlangan, deb yozgan “New Atlas” nashri. 

Ikki g‘ildirakli transport vositasining barcha detallari hozircha oshkor qilinmagan, shunisi ma’lumki, velosiped “Qualcom”ning sakkiz yadroli chipida ishlaydi va “Android”ga asoslangan. Ta’kidlanishicha, u 5G ga ulangan dunyodagi birinchi velosiped hisoblanadi. 

Model soatiga 45 kilometr tezlikka chiqa oladi. Akkumulyatori ramaning pastki quvuri ichiga joylashgan. Yangi velosiped shahar uchun ham,  qishloq yo‘llari uchun ham mos keladi.

Xitoy televideniyesi AI tomonidan tayyorlangan multfilmlarini namoyish qilmoqda

“China Media Group” davlat teleradiokompaniyasi Xitoy televideniyesida to‘liq AI algoritmlari asosida yaratilgan multfilmni namoyish qila boshladi. Bu haqda “South China Morning Post” nashri xabar berdi. Ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, bu insoniyat tarixida bunday keng auditoriyaga ega bo‘lgan birinchi sun’iy intellekt multfilmidir. 

26 qismdan iborat bo‘lgan va har biri 7 daqiqa davom etadigan animatsion serial “Ming yillik she’rlar” deb nomlanadi. Film syujeti mumtoz xitoy she’riyati motivlariga asoslangan. Hikoyaning asosi o‘rta maktab o‘quv dasturidan olingan 200 dan ortiq she’rlar edi.

Tasvirni “GenAI” neyron tarmog‘i yaratgan. U “OpenAI” yaratgan “Sora”ga o‘xshash. “GenAI” ham, “Sora” ham matn tavsiflari asosida qisqa videolar yaratishi mumkin. Boshqa ishlarni “SAIL” kompaniyasining neyrotarmoqlari bajargan. Ular  ertak uchun syujet tuzib, qahramonlar uchun dialog yozdilar. 

Kelgusida sun’iy intellekt nafaqat televizorda multfilmlar ko‘rsatishi, balki yangiliklar dasturlarini yaratishi va tok-shoularni o‘tkazishi mumkin, deydi mutaxassislar.

Turkiyaning beshinchi avlod qiruvchi samolyoti ilk parvozini amalga oshirdi

Istiqbolli qiruvchi samolyot yaratish ustida ishlar 10-yildan ortiq davom etdi. Umuman, Turkiya Amerika samolyotlarini almashtirishni rejalashtirayotgani haqidagi mish-mishlar 2010-yillarning boshida paydo bo‘lgan edi. Ushbu yo‘nalishda ilk ishlanmalar 2015-yilda taqdim etilgan. 2021-yilga kelib, samolyotning birinchi nusxasi ishlab chiqarildi va u milliy qiruvchi samolyotlarning keyingi rivojlanishi va tartibini belgilab berdi. 

Qayd etilishicha, “KAAN” deb nom berilgan samolyotning dastlabki versiyalarida “General Electric F110-GE-129” dvigatellari o‘rnatiladi, ular “F-15” samolyotlari dvigatellarining dastlabki modifikatsiyalari bo‘lib, 1992-yildan beri foydalanib kelinmoqda. Biroq, “TAEC” (Turkish Air Engine Company) “KAAN” uchun o‘z dvigatellarini ishlab chiqmoqda. 

“KAAN” xorijiy turdoshlari singari, radar diapazonida ko‘rishni qisqartirish texnologiyalari, jumladan, radarni yutuvchi ekranlar va korpus hamda dvigatellarning maxsus shakli bilan jihozlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi mashinaning narxi 100 million dollardan oshadi.

Internet materiallari asosida S.Rahimov tayyorladi, O‘zA