Bugungi kunda davlat boshqaruvini samarali tashkil etish, xarajatlarni maqsadli rejalashtirish va olingan natijani aniq baholash – jahon amaliyotida asosiy talablardan biriga aylangan. Dasturiy byudjetlashtirish esa ana shu talablarni amalga oshirishda muhim vosita sifatida e’tiborga tushib bormoqda. Bu tizim nafaqat moliya jarayonlarini shaffoflashtiradi, balki har bir sohadagi xarajatning qanday natija berishi kerakligini oldindan belgilab beradi.
Mamlakatimizda ham bu yo‘nalishda islohotlar izchil davom etar ekan, mutaxassislarning salohiyatini oshirish, ularni xalqaro tajriba bilan tanishtirish dolzarb vazifaga aylandi. Shu maqsadda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Dasturiy byudjetlashtirish tizimini joriy etish masalalari” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tmoqda.

Seminar Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan “Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasi doirasida Ernst & Young Advisory LLC hamda Ecorys Nederland B.V. xalqaro konsalting tashkilotlari ekspertlari tomonidan tashkil etildi.

Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining markaziy apparati va tizim tashkilotlari, shuningdek Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklaridan mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminar davomida xalqaro tajribada qo‘llanilayotgan dasturiy byudjetlashtirishning asosiy tamoyillari, byudjet jarayonini rejalashtirish va samaradorlik indikatorlarini shakllantirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Ishtirokchilar uchun mazkur tizimning ta’lim, fan, madaniyat va yoshlar siyosati kabi sohalarda qo‘llanishi, uni joriy etishning afzalliklari ham batafsil tushuntirildi.
N.Rahmonova, O‘zA