O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Fanlar akademiyasida 2030 yilga qadar belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar yo‘lga qo‘yiladi.
2030 yilga qadar Fanlar akademiyasi va uning tizim tashkilotlarida:
yangi ilmiy ishlanmalar soni va tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini 3 baravarga;
ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushini 60 foizgacha;
nufuzli xalqaro ilmiy nashrlarda chop etilgan maqolalar sonini 4 baravarga;
akademiklar va professorlarning ta’lim jarayonidagi ishtirokini 5 baravarga;
xalqaro hamkorlikda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar sonini 3 baravarga oshiriladi.
Xorijiy mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy diaspora O‘zbekiston ilm-faniga reintegratsiya qilinadi.
Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalari raqobat tamoyili asosida moliyalashtirish tizimiga o‘tadi. Yoshlarning akademik fanlarda ishtirokini kuchaytirish uchun ularni rag‘batlantirish tizimi yaratiladi.
Ilm-fan va sanoat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani kuchaytirish, Fanlar akademiyasining yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi.
Integratsiya kengashi:
a) iqtisodiyot tarmoqlariga mas’ul vazirlik, korxona va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, ilmiy muassasalar vakillaridan iborat bo‘ladi hamda uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi;
b) tegishli tarmoq korxona va tashkilotlarining yaqin va o‘rta hamda uzoq muddatga mo‘ljallangan rivojlanish rejalaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalar ro‘yxatini shakllantiradi, muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
v) iqtisodiyot tarmoqlarida ilmiy yechim talab etadigan muammolar ro‘yxatini shakllantiradi, uni ilmiy muassasalar o‘rtasida taqsimlaydi hamda ularni moliyalashtirishning manbalarini ko‘rsatgan holda davlat tomonidan kafolatlanadigan buyurtmani belgilaydi;
g) ijobiy baholangan loyihalarni ilmiy muassasalar ilmiy-texnik dasturlariga kiritadi hamda ularning Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan shakllantiriladigan amaliy va innovatsion grantlar tanlovi dasturlarida ustuvor mavzu sifatida belgilanishini ta’minlaydi;
d) ilmiy muassasalarda mavjud yangi ishlanmalarning taqdimotini ko‘rib chiqiladi hamda ijobiy xulosa berilgan taqdirda, ularni real iqtisodiyot tarmoqlarida joriy etishning aniq chora-tadbirlar dasturini belgilaydi.
O‘zA