Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan "Press-Lunch" tashkil etildi. Unda qo‘mitaning 2025 yildagi faoliyati sarhisobi va 2026 yilgi ustuvor vazifalar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumot berildi.
Qo‘mita raisi Nodir Jumayev qayd etganidek, Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi o‘tgan yilgi faoliyatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining harakatlar dasturi hamda qo‘mitaning 2025 yilga mo‘ljallangan ish rejasi, shuningdek, Prezidentimiz raisligida barcha sohalarda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratdi.

2025 yil davomida qo‘mita 7 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘ldi va ularning barchasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi. Jumladan, bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yangi tahorirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitasining huquqiy maqomi va vakolatlari, Milliy antidoping agentligining huquqiy maqomi belgilandi, sportda dopingning oldini olish takomillashtirildi.

Shuningdek, qo‘mita tashabbusi bilan 22 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi. Xususan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tizimda erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan axboroti eshitildi. Qo‘mita tomonidan bitta parlament so‘rovi, qo‘mita a’zolari tomonidan 16 ta deputat so‘rovi amalga oshirildi.

Shuningdek, qo‘mita nomiga kelib tushgan jami 532 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Ularning 384 tasiga ijobiy yechim topildi. Murojaatchilar tomonidan 30 ta taklif kelib tushgan.


Qo‘mita a’zolari hisobot yilida ilm-fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport va yoshlar masalalari yo‘nalishlarida joylarda olib borilgan o‘rganishlar, uchrashuvlar va bir qator hal etilgan masalalar xususida batafsil ma’lumot berdi. Bugun har bir sohada tub o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan bir paytda qo‘mita faoliyatining asosiy maqsadi rivojlanishga, taraqqiyotga hissa qo‘shishdan iborat ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, kelgusidagi vazifalar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA