Mart oyida respublikamiz bo‘ylab, umumta’lim maktablarida “Geografiya va iqtisod fan oyligi” o‘tkazildi. Oylik doirasida fanga doir turli tanlovlar, bellashuvlar, qiziqarli mavzularda ochiq darslar tashkil etildi. Bu o‘quvchilarning fanga qiziqishini yanada oshishiga xizmat qilmoqda.
Namunaviy ochiq darslardan biri Qarshi shahridagi 7-umumta’lim maktabining geografiya fani o‘qituvchisi Marg‘uba Xurramova tomonidan yuqori sinf o‘quvchilari uchun “Singapur”, “Indoneziya”, “Malayziya” mavzularida yangi pedtexnologiyalar asosida tashkil etildi.
[gallery-6511]
– Oylik doirasida o‘quvchilar faol ishtirok etdi, – deydi geografiya fani o‘qituvchisi M.Xurramova. – Masalan, 5-6-sinf o‘quvchilari ishtirokida “Geografiya – mening sevimli fanim” mavzusida “Bilimlar bellashuvi” tashkil etildi. O‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi” da 6- “V” sinf o‘quvchilari g‘olib bo‘ldi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar maktab ma’muriyatining “Faxriy yorlig‘i” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, 7-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Qiziqarli geografiya”, “Geografiya olamiga sayohat” mavzularida bellashuvlar, “Men iqtisodchi bo‘laman” nomli ko‘rik-tanlovlar tashkil etildi. O‘quvchilarning qiziqishini yanada oshirish maqsadida fanga oid turli ko‘rgazmalar, bukletlar, tarqatma materiallar tayyorlab tarqatdik.
Qarshi shahridagi 7- umumta’lim maktabi shahardagi namunali ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, ayni paytda ming nafarga yaqin o‘quvchi ikki navbatda ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 69 nafar oliy ma’lumotli pedagoglar tahsil beradi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA