English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fan olimpiadalari g‘oliblari taqdirlandi
20:29 / 2025-12-15

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2024-2025-o‘quv yili davomida xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning ustozlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, olimpiada g‘oliblari, ota-onalar, pedagoglar, davlat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, 2025 yilda yurtimiz o‘quvchilari 29 ta xalqaro olimpiadada munosib ishtirok etib, jami 210 ta medal (40 ta oltin, 78 ta kumush, 92 ta bronza)ni qo‘lga kiritdi.

Joriy yilda yurtimiz o‘quvchilari tomonidan fan olimpiadalari tarixida yangi natija qayd etildi. Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lgan Xalqaro kimyo olimpiadasida —2 ta oltin, Boliviyada o‘tgan xalqaro informatika olimpiadasida — ilk kumush bilan taqdirlandi.

Shuningdek, yurtimiz o‘quvchi-qizlari ilk marta Yevropa qizlar matematika olimpiadalarida qatnashdi hamda 3 ta (1 ta kumush, 2 ta bronza) medalni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik o‘quvchilar joriy yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro matematika va informatika olimpiadasida 50 ta (7 ta oltin, 13 ta kumush, 30 ta bronza), Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasida 19 ta medal (6 ta oltin, 8 ta kumush, 5 ta bronza) bilan yakka peshqadam sifatida tan olindi.

Joriy yilda yurtimiz o‘quvchilari eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda 13 ta medal (2 ta oltin, 7 ta kumush va 4 ta bronza)ni qo‘lga kiritishdi.

Taqdirlash marosimida eng nufuzli xalqaro olimpiadalardagi medallar uchun:

— oltin medal sohibiga — 1 milliard 30 million so‘m, o‘qituvchisiga — 185,4 million so‘m;

— kumush medal sohibiga — 618 million so‘m, o‘qituvchisiga — 103 million so‘m;

— bronza medal sohibiga — 412 million so‘m, o‘qituvchisiga — 61,8 million so‘m berildi.

Bundan tashqari, o‘quvchini olimpiadalarga tayyorlagan o‘qituvchining malaka toifasi bir pog‘ona ko‘tariladi. Mintaqaviy xalqaro olimpiada g‘oliblari hamda asosiy olimpiadaning respublika bosqichi g‘oliblari keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib, g‘olib bo‘lgan fanidan dars bergan taqdirda, lavozim maoshiga 100 foiz har oylik ustama oladi.

Joriy yilda xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, ularning ustozlarini taqdirlash uchun davlat byudjetidan jami 12 milliard 424 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan.

N.Rahmonova, O‘zA