Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Falastinni yana oltita davlat rasman tan oldi
16:45 / 2025-09-23

Nyu-Yorkda BMTning Falastin masalasi bo‘yicha sammitida Fransiya, Andorra, Monako, Lyuksemburg, Malta va Belgiya Falastinni mustaqil davlat sifatida rasman tan oldi. Bu haqda “Al Jazeera” nashri ma’lum qilmoqda.

Avvalroq, Portugaliya, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya ham Falastin davlatini tan olganini e’lon qilgandi

– Va nihoyat biz to‘plandik, chunki vaqt yetib keldi, -dedi Fransiya yetakchisi Makron o‘z nutqida. – Ikki davlat yechimi imkoniyatini saqlab qolish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.

Xalqaro hamjamiyatning 80 foizdan ortig‘i Falastin davlatini tan olgani sababli, Isroilga nisbatan diplomatik bosim kuchaydi. Ta’kidlanishicha, G‘azo hududida 65 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan va anklav vayronaga aylangan.

O‘tgan yili Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya Falastin davlatchiligini tan olgandi, shundan so‘ng, rasmiy Madrid Isroilga qarshi sanksiyalar joriy etdi. 

– Falastin xalqi tutday qirilib ketmoqda, xalqaro huquq va inson qadr-qimmati nuqtai nazaridan bu qirg‘inni to‘xtatishimiz kerak, -dedi Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches dushanba kuni bo‘lib o‘tgan sammitda.

O‘z navbatida, Falastin prezidenti Mahmud Abbos yurtini tan olgan davlatlarni olqishladi. U BMT Bosh Assambleyasidagi yig‘inda qatnashish uchun AQSH prezidenti ma’muriyati tomonidan viza berilmagani sababli videokonferensiya orqali bayonot berdi.

Qiziq jihati, Isroil va Qo‘shma Shtatlar sammitni boykot qildi. Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon tadbirni “sirk” deb atadi.

Garchi hozirda BMTga a’zo davlatlarning ko‘pchiligi Falastin davlatchiligini tan olgan bo‘lsa-da, BMTga yangi a’zo davlatlar BMT Xavfsizlik Kengashining qo‘llab-quvvatlashini olishi shart. Bu yerda AQSH Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo davlat bo‘lishiga to‘sqinlik qilish uchun o‘z veto huquqidan foydalanmoqda.

Sammitda nutq so‘zlagan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ikki davlat yechimini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlab, uni ko‘p yillik muvaffaqiyatsiz muzokaralar va davom etayotgan ziddiyatlardan so‘ng tinchlikka erishishning yagona maqbul yo‘li sifatida ko‘rsatdi.

Guterrish o‘z nutqida davlatchilik falastinliklar uchun “mukofot emas, huquq” ekanini aytib, AQSH va Isroilning bu holat HAMAS uchun mukofot ekani haqidagi da’volarini rad etdi.

O‘.Alimov, O‘zA