Chap qanot demokrat va Falastinning ashaddiy tarafdori Zuhron Mamdaniy Nyu-York shahri meri uchun o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozondi. Unga saylovchilarning 50,4 foizi ovoz berdi. Shu tariqa Mamdaniy AQSHning eng yirik, Isroildan tashqaridagi eng ulkan yahudiy jamoasi joylashgan shaharda hokim lavozimini egallagan birinchi musulmon va ilk ochiq sotsialist sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.
34 yoshli Zuhron saylov oldi kampaniyasida har bir mahallada shahar do‘koni ochish, avtobusni tekin va tez-tez yuradigan qilish, besh yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun bepul maktabgacha ta’lim muassasasi joriy etish va 1 million kvartira ijarasini muzlatishga va’da bergan.U ayni choralar boylarga soliq oshirilishi orqali moliyalashtirilishini taklif qilmoqda.
G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti uchun Isroilni tanqid qilib kelayotgan bu siyosatchi avvalroq “Bosh vazir Binyamin Netanyaxu Nyu-Yorkka kelsa, hibsga olishi”ni aytgan.
Mamdaniy Isroil siyosiy va huquqiy tizimida yahudiylarni qo‘llab-quvvatlash barobarida barcha dinlar uchun teng huquq ta’minlanishi kerak, deb hisoblaydi. Shuningdek, “Isroil G‘azoda genotsid sodir etayotgani” xususidagi fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.
AQSHning amaldagi Prezidenti yangi merni xush ko‘rmaydi. Oq uy rahbari uni “Nyu-York shahrini vayron qiladigan kommunistik telba” deb atagan va “Mamdaniy saylovda g‘alaba qozonsa, shaharga federal mablag‘ qisqartirilishi” bilan tahdid qilgan. Donald Tramp Nyu-Yorkda tug‘ilgan, shu bois mazkur shahar yetakchi uchun alohida ahamiyatga ega. Amaldagi Prezident aynan shu yerda otasidan meros qolgan boyligini ko‘paytirdi, oilasi nomini brendga aylantirdi. Jumladan, Manxettenda uning nomi bilan atalgan bir necha osmon o‘par bino – “Trump Organization” majmuasi bosh qarorgohi joylashgan 58 qavatli “Trump Tower” qad rostladi. Tabiiyki, Mamdaniyning soliqni oshirish taklifi Tramp xonadoni daromadiga ham ta’sir qiladi.
Nyu-York shahrining yangi hokimi allaqachon Trampga qarshi chiqa boshladi, chamasi. Kuni kecha Mamdaniy tarafdorlariga murojaat qilib, shunday dedi:
– Agar kimdir Tramp xiyonat qilgan xalqqa uni qanday mag‘lub etishni ko‘rsata olsa, bu – Donaldni tug‘dirgan shahar. Mabodo despotni qo‘rqitishning birgina yo‘li bo‘lsa, bu – yetakchining hokimiyat to‘plashiga imkon bergan sharoitni yo‘q qilish. Shu tariqa biz nafaqat Trampni, balki keyingisini ham to‘xtatamiz.
Shuningdek, u “Tramp kabi milliarderlarga soliqdan qochish imkonini beradigan korrupsiyaga chek qo‘yish” va’dasini ham berdi.
– Nyu-York shahri immigrantlar tomonidan qurilgan, immigrantlar tomonidan boshqariladigan va endi immigrant boshqaradigan immigrantlar shahri bo‘lib qoladi, – deya qo‘shimcha qildi mer. – Quloq soling, Prezident Tramp! Agar siz bizning safimizdagi biror kishiga yetib kelmoqchi bo‘lsangiz, albatta barchamizga duch kelasiz.
S.Rahimov, O‘zA