“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan “Faktoring bozori va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda bank mas’ul xodimlari, tadbirkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanda so‘zga chiqqan bank mutasaddilari tomonidan so‘ngi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bank sektorida tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Natijada, aholiga taklif etilayotgan bank xizmatlari soni va sifati ortib, zamonaviy, qulay, ommabop va jozibador xizmatlar borasida sog‘lom raqobat muhiti yuzaga keldi.
Mazkur jarayonda “Biznesni rivojlantirish banki” o‘z qadriyatlari va tajribasiga tayangan holda yangi sharoitga tezkor moslashib, ushbu raqobatda nafaqat o‘z nufuzini saqlab qolish bilan birga, muayyan yo‘nalishlarda boshqa moliya muassasalariga namuna bo‘lmoqda.
– Bank mijozlar uchun yangi va o‘ziga xos xizmatlar taklif etish hamda ularni sifat va son jihatdan oshirib borishga jiddiy e’tibor qaratmoqda, – deydi “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Qarshi BXO boshqaruvchi o‘rinbosari Kamol Aytmatov. – Jumladan, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 avgustda qabul qilingan farmoniga muvofiq mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishning ko‘char aktivlarga asoslangan instrumentlarini rivojlantirish orqali kichik va o‘rta biznes sub’ektlari faoliyati uzluksizligini ta’minlash imkoniyatlarini yanada oshirish maqsadida faktoring xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda mazkur xizmatdan mijozlar faol foydalanmoqda.
Matbuot anjumanida ushbu xizmatning milliy iqtisodiyotimiz uchun tutgan o‘rni va amaliy ahamiyati, bank tomonidan taklif etilayotgan faktoring xizmatining o‘ziga xosligi haqida OAV vakillari hamda tadbirkorlarga atroflicha ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, faktoring, faktor-agent, oddiy va sodda qilib aytadigan bo‘lsak “moliyaviy vositachi” hisoblanadi. Faktoring operatsiyasi – to‘lov muddati kechiktirish shartlari asosida savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ishlab chiqaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi, mahsulot yetkazib beruvchilarga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar majmuidir.
– Faktoring bu – pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalashtirish xizmati hisoblanadi, — deydi “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Qarshi BXO boshqaruvchi o‘rinbosari Farrux Qo‘ziyev. – Faktoringni moliya agenti sifatida banklar va boshqa kredit tashkilotlari tuzishi mumkin. Faktoring – xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar (yetkazib beruvchilar)ni moliyalashga doir bank xizmatlarining bir turi bo‘lib, bunda ular bank (moliya agenti)ga, yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovchilar tomonidan akseptlangan, lekin to‘lov talabnomalari bo‘yicha haqi to‘lanmagan to‘lovni, regress huquqisiz olish huquqini beradi. Faktoring xizmatlari qulayliklariga to‘xtaladigan bo‘lsak, yetkazib beruvchi tadbirkor uchun garov ta’minoti talab qilinmaydi. Tadbirkorlarning aylanma mablag‘lari uzluksizligi ta’minlanadi. Eng muhimi, ishlab chiqarish siklining uzluksizligi ta’minlanadi. Bank uchun esa, mijozlar bazasi oshadi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, tashqi savdo operatsiyalarida faktoringni rivojlantirish chora-tadbirlari belgilanmoqda. Rezident faktoring kompaniyasi eksport kontrakti bo‘yicha valyuta mablag‘larini oluvchi sifatida kiritiladi. Norezident faktoring kompaniyasidan mablag‘ kelib tushganda, eksport amalga oshirilgan hisoblanadi. Amalda mablag‘lar eksport qiluvchiga bevosita xorijiy kontragentdan kelib tushishi lozim. Faktoring diskonti (10%gacha) debitor qarzdorlik sifatida hisobga olinmaydi. Mahalliy faktoring kompaniyasi mablag‘larni milliy valyutada berganda, eksport qiluvchilar uchun soliq imtiyozlari saqlab qolinadi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining “0” stavkasi qo‘llaniladi, foyda solig‘i bazasi eksport summasiga kamaytiriladi.
Shuningdek, matbuot anjumanida bank mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan “REVERSE FACTORING” va “REGULAR FACTORING” mavzusidagi taqdimotlar ishtirokchilarning faktoring xizmatlari haqidagi tushunchalarini yanada oshirishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, bank tomonidan ko‘rsatilayotgan boshqa xizmatlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA