Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faktchekking: haqiqat va yolg‘on chegarasi (+video)
14:55 / 2024-02-08

Internet chek chegarasiz axborot manbaidir. Undagi ma’lumotlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini qanday bilishimiz mumkin? Bizga uchraydigan axborotlarning qay biridan ehtiyot bo‘lishimiz va qay biriga ishonishimiz kerak? Bugungi lavhamiz shu haqida.

Xo‘sh, Faktchekking o‘zi nima? 

Faktcheking faktlarni tekshirish demakdir. Ya’ni, dastlabki manbani aniqlash ya’ni tarqatishni kim boshlagan, ma’lumotning muqobil dalillarini yoki axborotni inkor etuvchi manbani topishdir. 

Feyklarning asosiy turlari quyidagilardan iborat: 

1. Batamom yolg‘on materiallar. Shov-shuv ko‘tarish va jamoatchilikni chalg‘itish maqsadida boshdan-oyoq to‘qib chiqariladigan axborotlar. 

2. Taxminlarga asoslangan xabarlar. Ularda manba bor, ammo ishonchli yoki vakolatli emas. 

3. Rost material qo‘shib, yolg‘on aralashtirib tayyorlangan materiallar. Ularning ta’siri kuchliroq bo‘ladi. 

4. Rost, ammo noto‘g‘ri talqin qilingan yoki qaysidir jihatiga urg‘u berilgan, yoki kontekstdan uzib olingan ma’lumotlar. 

5. Faktlarni yo‘qqa chiqarish uchun tayyorlangan feyklar.

Bunday vaziyatlarda diskreditatsiya, ya’ni to‘g‘ri xabarlarni go‘yoki rad etuvchi dalil va guvohlar topilib, to‘g‘ri faktlar qadrsizlantiradi, bu xabarni tarqatgan manbalar obro‘sizlantiriladi.

Feykka qarshi kurashish va uni aniqlashda nimalarga e’tibor berish lozim?

1. Sarlavhalarga tanqidiy munosabatda bo‘ling 

Feyk xabarlarda voqeaning ahamiyati va eksklyuzivligi haqida sarlavhadanoq bong uriladi. Bunday antiqa uslub biror tashkilot buyurtmasi bilan non topadigan jurnalistning ixtirosi bo‘ladi, xolos.

2. Havolalarga e’tibor bering 

Asl havoladan foydalanib birinchi manbaga o‘tishga harakat qiling va yangiliklarning URL manzillarini tekshiring. Sayt siz bilgan mashhur OAVnikiga o‘xshashi mumkin, lekin linkiga turli qo‘shimchalar yoki belgilar qo‘shilgan bo‘lsa, manba va ma’lumotning soxtaligi 100 foizga teng. 

3. Manbalarni tekshiring 

Ishonchli nashrni o‘qiyotganingizga aminmisiz? Agar material noma’lum manbada chop etilgan bo‘lsa, xabarni kimgadir yetkazishdan oldin bu haqida ko‘proq bilishga harakat qiling. Har qanday sifatli sayt qoida tariqasida "Biz haqimizda" kabi sahifalariga ega bo‘ladi. Aldoqchilar esa "yuz"larini ko‘rsatishni yoqtirmaydi.

4. Matnda xatolarga e’tibor bering 

Feyk xabarlar ko‘pincha imloviy, grammatik, ilmiy va uslubiy xatolarga to‘la bo‘ladi.

5. Foto va video kontentni ko‘rib chiqing 

Odatda feyk material yorqin fotosuratlar bilan to‘ldiriladi. Google, Yandex, TinEye tizimlarida suratlar orqali izlash xizmati yordamida fotoning tarixini tekshiring. Ehtimol, aynan siz izlagan rasmga duch kelarsiz. Balki, uning bir qisimiga. Har holda, qidiruv tizimlari sizga feykni aniqlash uchun juda yaxshi ko‘mak beradi.

6. Xabarning berilgan sanasiga diqqat qiling 

Ko‘pincha feyk yangiliklarda aniq sana ko‘rsatilmaydi, chunki hech qachon sodir bo‘lmagan voqealar haqida gapiriladi. Sifatli nashr materialning muallifi va chop etilgan sanasini yashirmaydi, albatta.

7. Muallif xabarni nimadan boshlagan? 

Agar maqolada favqulodda muhim voqea haqida so‘z yuritilsayu, lekin muallif birlamchi manbalarga havola berishdan bosh tortgan bo‘lsa, ism-familiyasi oshkor etilmagan mutaxassislarning tadqiqotlaridan iqtibos keltirsa yoki "Bu oddiy haqiqatni hamma biladi" kabi umumiy gaplardan foydalansa, demak, feykni fakt sifatida ko‘rsatishga harakat qilinmoqda. Bu materialga muallifning shunchaki fantaziyasi mahsuli deb qarash kerak. 

8. O‘xshash yangilikni boshqa nashrlardan ham qidiring 

Agar boshqa yirik OAVlarda shunga yaqin mazmundagi xabarlar uchramasa, feyk bo‘lishi ehtimoli yuqori. Siz ishonadigan nufuzli saytlar yozgan bo‘lsa, unda qanoat hosil qilish mumkin.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, ogohlik davr talabi. O‘qigan, eshitgan xabarlaringizga ishonishdan va bo‘lishishdan oldin tekshirishni unutmang. Media savodxonlik bo‘yicha turkum lavhalarimizni kuzatishda davom eting.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WpQhfDV6zgY" title="Faktcheking: haqiqat va yolgʻon chegarasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

M.Turdaliyeva, I.Ismatov O‘zA