French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FAKT: shakar birjaga 5780 soʻmdan uzluksiz yetkazib berilmoqda
15:07 / 2020-10-07

Chet ellik xom-ashyo yetkazib beruvchilarning talabi esa bitta. Yaʼni ichki bozorlarimizdagi import shakar bilan raqobat qila olish kafolati.


Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda shakar narxining koʻtarilganligi borasida shov-shuvlar koʻpaygan. Bozorlarda shakar narxi biroz koʻtarilgani rost. Ammo buni dastak qilib vahima koʻtarish shart emas.

Xolisona aytish kerakki, shakar narxi koʻtarilishining yurtimizdagi mavjud ikkita shakar zavodlari bilan bogʻliqlik joyi yoʻq. Toʻgʻri, ikkita shakar zavodimiz ham ishlab chiqarishni vaqtinchaga toʻxtatib turibdi.

Ammo Oʻzbekistondagi bozorlarni import shakarlar egallab olgani bois “Angren shakar” MCHJ va “Xorazm shakar” MCHJ omborlarini mahsulotga toʻldirib qoʻygan edi. Hattoki, mavjud omborxonalar toʻlib boʻlgani uchun qoʻshimcha omborxonalar ham qurildi.

Bozorlardagi shakar narxlarining oʻynashi esa albatta import shakarlarning bozorlarimizni egallagani bilan bogʻliq. Bozor qonun-qoidalari va tadbirkorlarning manfaatlari taʼsiri oʻlaroq narxlar koʻtarilganligini inkor etib boʻlmaydi.

Maʼlumki, joriy yilning 3-aprel kuni Prezidentimiz “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzolagan edi. Unda bir qator oziq-ovqat mahsulotlariga 2020-yil 31-dekabrga qadar Oʻzbekistonga olib kirishda bojxona boji va aksiz soligʻining nol stavkalari belgilangan.

Farmonda imtiyozlar berilgan oziq-ovqatlar roʻyxatida tayyor shakar ham kiritilgan. Import shakarga barcha imtiyozlarning qoʻsh-qoʻllab topshirilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni bozordan osongina siqib chiqarishga koʻmak boʻldi.

Biznesning yozilmagan qoidalariga asosan gʻoliblarda shafqat boʻlmaydi. Ayniqsa oʻzga bir davlatning mahsuloti boshqa bir davlat bozorini egallaganda. Ushbu qoidaga asosan, Oʻzbekiston bozorlarini egallagan import shakar ham xavotir bilan kutgan natijamizni berdiki, bugun nrx-navoni xohlagandek oʻynatmoqda.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizga kelsak, narxni oʻz xohishi boʻyicha koʻtara olmaydi. Bunga haqqi ham yoʻq, albatta. Inkor etib boʻlmaydigan fakt shuki, mavjud ikkita shakar zavodlarimiz tayyor mahsulotlarni birjaga 5780 soʻmdan keragicha yetkazib bermoqda. Savdoning davomi va narx-navoning keyingi taqdiri barjaning oʻziga qolmoqda.

Shu kunlarda aholida shakar vasvasasini atayin vujudga keltiruvchilar ham ayni mavsumda oʻz missiyalarini bajarishga kirishgan. Ammo Oʻzbekistonda shakar tanqisligi boʻlmaydi. Chunki bunga asos bor. Yaʼni “Angren shakar” va “Xorazm shakar” omborlarda toʻplangan 40 ming tonna zaxira mavsumda yetib ortadi.

Atrofimizdagi qoʻshni davlatlardan farqli oʻlaroq, bizda ikkita shakar zavodimiz aholi xizmatiga shay. Ayni kunda ishlab chiqarishni vaqtinchaga toʻxtatgan boʻlsa ham xodimlarini bir amallab, ziyoniga boʻlsada ushlab turibdi.

“Angren shakar” va “Xorazm shakar” xom-ashyo yetkazib beruvchi xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar tuzish yoʻllarini qidirishmoqda. Chet ellik xom-ashyo yetkazib beruvchilarning talabi esa bitta. Yaʼni ichki bozorlarimizdagi import shakar bilan raqobat qila olish kafolati.

Ularning bu talabida asos bor, albatta. Importyorlar bilan raqobat qilish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizga ham importyorlardagi kabi QQS va aksiz soligʻi boʻyicha imtiyozlar kerak. Shundagina adolatli va sogʻlom raqobat vujudga keladi.

Hayotiy haqiqatni tan olib aytish kerakki, xalqimizni arzon va sifatli mahsulot bilan taʼminlashni faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻylashi mumkin, oʻzga bir davlatning shafqatsiz biznes odamlari emas.