Raqamli jamiyat sharoitida “fake news”— yolg‘on yoki manipulyativ axborot — boshqaruv samaradorligiga tahdidlardan biriga aylanib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaladigan dezinformatsiya aholi fikri, siyosiy qarorlar va ijtimoiy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Fake news — bu faqatgina axborot tarqatish nuqsoni emas, balki ijtimoiy xavf, chunki u xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi, institutsional barqarorlikka putur yetkazadi.
Feyk – inglizcha “fake” so‘zning anologi bo‘lib, zamonaviy tilshunoslikda ko‘pincha ikki xil: “trick” – quv, ayyor, aldov, yasama, soxta degan ma’nolarda qo‘llanadi. Shu bilan birga, ba’zan “swindle” – hazil, xushchaqchaqlik degan ma’nolarni ham ifoda etadi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sari bu fenomen jahon miqyosida jiddiy ijtimoiy xavf sifatida namoyon bo‘lmoqda. Aslida esa yolg‘on axborot tarqatish amaliyoti tarixan ancha ilgari, siyosiy propaganda shaklida paydo bo‘lgan. “Fake news” atamasining ommalashuvi 2016 yil AQSHda prezidentlik saylovlari paytida ommaviy ravishda tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda soxta siyosiy xabarlar, manipulyativ videolar va botlar orqali tarqalgan axborot jamoatchilik fikriga katta ta’sir ko‘rsatdi. 2010 yildan hozirgacha Facebook, YouTube, X(Twitter) kabi platformalarda algoritmlar “sensatsion” va tez tarqaladigan materiallarni ilgari suradi. Shu tufayli feyk xabarlar oddiy axborotdan ko‘ra tezroq tarqaladi.

Ilmiy manbalarda feyk xabarlarni bir nechta turga bo‘lib, o‘rganishadi. Jumladan, dezinformatsiya (Disinformation) — bunda qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatiladi, jamiyat ongiga ta’sir qilinadi yoki siyosiy manfaatlar ilgari suriladi. Misinformatsiya (Misinformation) — faktlar haqida adashish yoki tekshirilmagan ma’lumotni tarqatishdir. Malinformatsiya (Malinformation) esa — haqiqiy ma’lumotni manipulyatsiya qilish, uni kontekstdan uzib olish yoki shaxsiy ma’lumotni tarqatish hisoblanadi.
“Rasmiy axborot” telegram kanali ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2017/2025 yillarda internet foydalanuvchilari soni 14,7 mln.dan 32,7 mln.ga oshgan. Eng ommabop platformalar orasida – “Telegram”da 28 mln., “Odnoklassniki”da 19,2 mln., “Facebook”da 2,3 mln.,“VKontakte”da 1,5 mln.,“LinkedIn”da 850 ming, “Twitter”da 250 ming nafar o‘zbekistonlik foydalanuvchi mavjud. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, onlayn platformalar foydalanuvchilari qanday huquqlarga egaligi (egamasligi) borasida qonunchilikda aniq normalar mavjud emas. Axborot tarqatishga oid talablar esa milliy qonunchilikda tizimli va yetarli darajada kompleks tartibga solinmagan. Shu bois, bugungi kunda shakllanib ulgurgan “fake news” jamiyatda ma’lum salbiy ta’sir kuchiga ega bo‘ldi. Bunday kontentlar omma fikrini manipulyatsiya qilish va uni sun’iy ravishda ma’lum maqsadga yo‘naltirishga ham ba’zan erishmoqda.
“FAKE NEWS” NEGA TEZ TARQALADI?
Tadqiqotlar bu savolning bir nechta omillarini ko‘rsatadi. Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda axborotning o‘ta tez almashinuvi. Bu maydonda xabarlar faktologiyadan ko‘ra tezlik va qiziqish asosida tarqaladi. Oddiy foydalanuvchilar manba tekshirmaydi. Ya’ni, auditoriya birdaniga to‘g‘ri axborot bilan feyklarning farqini ajrata olmaydi. Ikkinchidan, bunda iqtisodiy manfaat — “klikbeyt” modeli mavjud. Ya’ni, ёлғон va “sensatsion” sarlavhalar ko‘proq ko‘rish-o‘qish olib keladi, bu esa reklama daromadini oshiradi. Uchinchidan, YUNESKOning “Dezinformatsiya bo‘yicha ogohlantirish”iga ko‘ra, fuqarolarda axborot savodxonligi ancha past. Ko‘pchilik manbani tekshirmasdan ishonadi. Faktcheking madaniyati ko‘p davlatlarda hali yaxshi shakllanmagan. To‘rtinchidan, bunda psixologik omillar ta’siri mavjud. Ya’ni, инсон tafakkuri xavotir uyg‘otuvchi xabarlardan tez ta’sirlanadi. Beshinchidan, texnologik omillar — Deepfake, AI kontent. Sun’iy intellekt audio, video va fotoning haqiqiyligini farqlash imkonini kamaytirdi.
UNESCOning 2023 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, global raqamli muhitning tez sur’atlarda rivojlanishi, axborot oqimining haddan tashqari oshishi va ijtimoiy tarmoqlar auditoriyasining kengayishi natijasida mediaxavfsizlik masalasi davlat boshqaruvi uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, feyk ma’lumotlar tarqalishi, dezinformatsiya va manipulyativ axborot kampaniyalari jamiyat barqarorligiga, aholi ongi va davlat tuzilmalariga ishonch darajasiga jiddiy tahdid solmoqda. Feyklar axborotning shunchaki bir turi emas, XXI asrda eng ko‘p muhokama qilinayotgan yangi fenomen sifatida uning nazariy va amaliy mohiyatini aniqlash, tadqiq qilish muhimdir. Бu turdagi infolar o‘z-o‘zini ko‘paytira olishi va yolg‘on tafsilotlar bilan boyib borishi uning ijtimoiy xavf darajasini yanada oshiradi. 2018 yilda YUNESKO tomonidan nashr etilgan “Journalism, fake news & disinformation: handbook for journalism education and training” qo‘llanmasida Daniel Patrik Moynixan (Daniel Patrik Moynixan), Nyu-York shtati senatori va Hindistonda Birlashgan Millatlar Tashkilotining elchisining quyidagi fikri keltiriladi: “Har bir inson o‘z shaxsiy fikriga ega bo‘lish huquqiga ega, ammo o‘z shaxsiy faktlariga ega bo‘la olmaydi.” Ya’ni, fakt barcha uchun birdek. Uni o‘zlashtirish, o‘zgartirish, noto‘g‘ri talqin qilish mumkin emas. Филология fanlari bo‘yicha falsafa doktori Kanat Abdikarimov “Media literacy as a means of protecting Uzbekistan's media environment from disinformation” maqolasida O‘zbekistonda 2023 yilda so‘rovnoma o‘tkazgani, unda 1066 nafar respondent ishtirok etgani va feykni aniqlashda aholining axborot savodxonlik darajasi yetarli emas, degan gipotezani beradi.
FEYK XABARLARNING BOSHQARUVDAGI IJTIMOIY VA INSTITUSIONAL OQIBATLARI
Oxirgi yillarda, ayniqsa, 2019-2020 yillardan boshlab, O‘zbekistonda feyk xabarlar (disinformation) tarqalishi sezilarli darajada ommalashdi. Bu jarayon COVID‑19 pandemiyasi davrida, ayniqsa avj oldi. Bunga internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali noto‘g‘ri axborot tez va keng tarqalishi imkoniyat yaratdi. Garchi davlat tomonidan feyk xabar tarqatganlik uchun qonuniy javobgarlik kuchaytirilgan bo‘lsa ham, axborotning virtual muhitda tez tarqalishini butunlay nazorat qilish va cheklash amaliyotida aniq chegaralarni belgilash imkonsizligicha qolmoqda.
Feyk xabarlarning tarqalishi davlat boshqaruvida ham bir necha yo‘nalishda ta’sir ko‘rsatadi. Yolg‘on axborotning tez tarqalishi va jamoatchilik fikriga ta’sir etishi davlat xizmatchilari tomonidan qabul qilinadigan qarorlar samaradorligi va sifatini pasaytiradi. Jamoatchilik fikri noto‘g‘ri ma’lumotlarga asoslansa, qarorlar asossiz tanqidga uchrashi mumkin, bu esa “public trust deficit” (jamoatchilik ishonchining pasayishi)ga olib keladi. Yolg‘on xabarlar davlat xizmatchilari yoki idoralar faoliyatiga qaratilganda, ularning ijtimoiy mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, bu jarayon ularda stress va bosimni oshiradi. Tabiiyki, feyk xabarlar tarqalishi faktchekingni talab qiladi. Bu esa, ortiqcha vaqt sarfi degani. Natijada boshqaruv samaradorligida pasayish kuzatiladi.
AN’ANAVIY OAV “FEYK” DAN FOYDALANADIMI?
An’anaviy ommaviy axborot vositalari (matbuot, TV, radio, internet) odatda redaksion standartlar va faktchek qoidalariga rioya qiladi. Ammo iqtisodiy va redaksion sabablar tufayli ma’lumotlar bir tomonlama yoritilishi mumkin. Aksar OAVlar kommersiya(фойdaga yo‘naltirilgan faoliyat) tashkilotlari hisoblanadi. Shu bois, ba’zi materiallar to‘lov asosida chop etilishi mumkin. Tabiiyki, bu holatda ular faqat muayyan tomon manfaatini aks ettirishadi. Shu bois, axborotdan foydalanishda bir nechta manbani tekshirish, to‘lov asosida chop etilgan materiallar (PR) va mustaqil jurnalistik maqolalarni ongli ravishda anglab, foydalanish lozim.
IJTIMOIY TARMOQLAR ORQALI TARQATILAYOTGAN FEYK XABARLARNI FAKTCHEKING QILISH ALGORITMI
O‘zbekistonda axborot asosan Telegram, Instagram, Facebook va TikTok orqali tez tarqaladi. Bu platformalarda emotsiyaga yo‘naltirilgan kontent dezinformatsiya xavfini oshiradi. Shu bois, feyk xabarlarni aniqlash va ularga qarshi chora ko‘rish davlat boshqaruvi samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Quyida samarali faktcheking jarayonini tavsiya qilamiz:
Manba ishonchliligini baholash. Akkaunt qachon ochilgan, u orqali qanday kontent tarqatilgan, foydalanuvchi qaysi guruhlar va tarmoqlarga tegishli ekanini tahlil qilish lozim. Yangi akkauntlar ko‘pincha dezinformatsiya tarqatish va mistifikatsiya uchun yaratiladi. Ba’zi xabarlar ma’lum guruh yoki shaxs manfaatiga xizmat qilish maqsadida tarqatilishi ham mumkin.
Kontent konteksti va joy ma’lumotlarini tekshirish. Фойdaланuвчи postida ko‘rsatilgan joy, vaqt va holatning haqiqiyligi tekshiriladi. Geo-teglar va vizual dalillar voqea haqiqatan ham O‘zbekistonda sodir bo‘lganini tasdiqlasa, axborot qaror qabul qilishda asos bo‘ladi. Ba’zi videolar va fotolar xorijdan olingan va mahalliy voqeaga bog‘langan holda tarqatiladi.
Vizual kontentni tekshirish. Foto va videolarni Google Reverse Image, Yandex Images, TinEye va InVID orqali tekshirib, manba ishonchliligi aniqlanadi.
Birlamchi manbalardan tekshirish. Xabardagi ma’lumotlar rasmiy manbalar(president.uz, lex.uz, stat.uz, gov.uz...) orqali tekshiriladi. Bu bosqich davlat boshqaruvining axborot shaffofligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi. Ko‘p feyk xabarlar “manbaga ko‘ra”, “insayderlarga ko‘ra”, “hukumatdagi ishonchli vakilimizga ko‘ra”, degan iboralar bilan tarqatiladi.
Dalillarni qiyoslash va mantiqiy tahlil. Raqamlar, faktlar, sana va joy bir nechta mustaqil manbalarda mos kelishi tekshiriladi. Agar ma’lumotlar bir-biriga zid bo‘lsa, xabarning ishonchliligi pasayadi. Bu davlat idoralariga noto‘g‘ri axborotga asoslangan qarorlar qabul qilishning oldini olish imkonini beradi.
Dezinformatsiya turini aniqlash (“First Draft” asosida). Bunda контекстdan chiqarish, soxtalashtirish, montaj, eski ma’lumotni “yangi” qilib ko‘rsatish kabi feyk xabarlar turlari aniqlanadi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash mumkinki, “Fake news”ga zamonaviy axborot muhitida har qanday demokratik davlat uchun global ijtimoiy va siyosiy tahdid sifatida qaraladi. Dezinformatsiyaga qarshi samarali siyosatlarni amalga oshirish, ochiqlik va hisobdorlik standartlarini joriy etish, faktcheking hamda media savodxonlikni rivojlantirish davlat boshqaruvining institutsional samaradorligini mustahkamlaydi. Shuningdek, axborotlarni monitoring qilish va tahlil qilish mexanizmlari boshqaruv qarorlarini faktlarga asoslanib qabul qilishda va ijtimoiy xavflarni minimallashtirishda strategik ahamiyatga ega. Bu esa davlat va jamiyat o‘rtasida ishonch muhitini mustahkamlab, boshqaruvning barqarorligini ta’minlaydi.
Gulchexra Ashurova,
mustaqil tadqiqotchi