Facebook o‘z platformasida videolarni joylashtirish tizimi tubdan o‘zgartirilishini e’lon qildi. Endilikda foydalanuvchilar video yuklashda alohida riils yoki oddiy video sifatida tanlov qilmaydi. Har qanday video — uzunligidan yoki formatidan qat’i nazar — avtomatik tarzda “riils” (ya’ni qisqa video rolik) sifatida e’lon qilinadi.
Ushbu qaror ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida video kontentni almashish uslubini soddalashtirish va ko‘proq ijodiy imkoniyatlar yaratish maqsadida qabul qilingan.
Avval Facebookda foydalanuvchilar ikkita alohida variantdan birini tanlashi kerak edi:
oddiy video (Video joylanma)
yoki riils (Qisqa rolik)
Ammo endilikda bu ikkalasi o‘rniga bitta umumiy format – riils saqlanib qoladi. Barcha videolar shu formatda namoyish etiladi. Shu bilan birga, platformadagi “Video” bo‘limining nomi ham rasmiy ravishda “Riilslar” deb o‘zgartirilmoqda.
Facebook vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘zgarishlar:
tavsiya tizimiga ta’sir qilmaydi, ya’ni foydalanuvchilar hali ham o‘zlari uchun mos videolarni ko‘rishda davom etadilar;
video uzunligi yoki formatiga cheklov qo‘ymaydi — ya’ni Riils endi faqat 90 soniyali emas, balki istalgan uzunlikdagi video bo‘lishi mumkin;
barcha video turlari – qisqa roliklar, uzoq videolar va jonli efirlar platformada saqlanib qoladi.
Yangi tizim orqali foydalanuvchilar:
video joylashtirishda bir xil, soddalashtirilgan jarayondan foydalanadi;
video auditoriyasini belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladi — masalan, kim ko‘rishini aniqlash: barchaga, faqat do‘stlarga yoki aniq odamlar guruhiga;
ijodiy vositalarga kengroq kirish huquqiga ega bo‘ladi — montaj, effektlar, musiqa, matn va boshqa funksiyalar.
Facebook bu o‘zgarishlarni foydalanuvchilarga bir xil tajriba yaratish va ijodkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish uchun amalga oshirmoqda.
Metaning keng strategiyasining bir qismi
Meta kompaniyasi ushbu qadamni ilk bor qo‘llayotgan emas. 2022-yilda Instagram ham barcha 15 daqiqagacha bo‘lgan videolarni Reels formatida avtomatik tarzda joylashtirishga o‘tgan edi. Endilikda Facebook ham shunga o‘xshash tizimni joriy qilmoqda, bu esa Meta kompaniyasining barcha ijtimoiy tarmoqlarida bir xil video almashish mexanizmini yaratishga intilayotganini ko‘rsatadi.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/A3RLCwGde1s" title="Facyebook videolarni riils formatiga o`tkazmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA