"Hududgazta’minot" AJ tomonidan Andijon viloyatida birinchi bo‘lib amaliyotga joriy etilgan Face ID tizimi vositasida suyultirilgan gaz yetkazib berish yangi tajriba sifatida sinovdan o‘tkazilmoqda. Har bir chilangar maxsus planshetlardan foydalanib, iste’molchilarga gazni aniq va samarali yetkazib beradi.
Planshetlarda integratsiya qilingan “E-gaz” dasturi vositasida iste’molchining gaz olgan vaqti va miqdori haqidagi ma’lumotlar SMS-xabarnoma asosida iste’molchi va Jamiyatning maxsus bazasiga avtomatik ravishda uzatiladi. Bu tizim fuqarolarning shaxsini aniq identifikatsiya qilish imkonini beradi va bir xonadon yoki bir shaxsga takroriy va noqonuniy gaz ajratilishining oldini oladi.

Face ID tizimi vositasida tarqatish davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Ayniqsa, qish mavsumida maishiy gazga bo‘lgan talab keskin oshishi inobatga olinganda, bu tizim aholining ehtiyojini o‘z vaqtida qondirish va ijtimoiy barqarorlikni saqlashda samarali mexanizm sifatida xizmat qiladi.
Har bir xonadonga yetkazib berish davri 40-45 kunni tashkil qiladi. Agar ushbu muddatdan keyin gaz olinmasa, tizim bu holatni avtomatik ravishda qayd etadi va tegishli choralar ko‘riladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA