Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ezgulikning ziyobaxsh farishtalari
10:45 / 2023-10-01

Qadri bilinadi endi menga goh,

Oddiy maktabimning o‘sha behasham,

Navoiy-ku bizga ustozdir, biroq,

Kimdir o‘qitgan-ku Alisherni ham!

Shunday buyuk zotga harf o‘rgatgan kim?

Oddiy muallim-da, oddiy muallim!

Qachon qalbi, tafakkuridan yurar yo‘llari, yon atrofiga ziyo sochilib yashaydigan insonlar haqida yozmoqchi bo‘lsam, hayolimga doim Muhammad Yusufning ushbu satrlari kelaveradi. Jonkuyar va fidoyi o‘qituvchi, o‘quvchilarning sevimli ustozi Gulbahor opa Hamdamovaning tasnifiga ushbu satrlar anchayin mos keladi. Bunda hech bir mubolag‘a yo‘q. Yosh avlodni umuminsoniy va milliy qadriyatlarga sadoqat, yuksak manaviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalayotgan ustozdek ulug‘ zotlarning oldida barchamiz birdek qarzdormiz, albatta. Ulardan ibrat olishga intilamiz va u bizning idealimizga aylanib qoladi.

Ko‘pchilik maktabni bitirgan yoshlar o‘ziga talim bergan o‘qituvchisini “domla” deb chaqirishi odat tusiga kirgan. Ammo tengqurlarim bilan ancha yil oldin katta hayotga “uchirma” bo‘lgan esak-da, o‘qituvchilarimizni haliyam “ustoz” deb chaqiramiz. Bundan sira uyalmaymiz ham. Chunki uning muallimligi qalbimizga muhrlanib qolgan. Chunki u bizga jahlini doskaga bo‘rni qattiq-qattiq tekkizib yozish bilangina ifodalay olgan, mehrini birgina jilmayishi bilan tuhfa etgan. Uning boshqa nomi bo‘lishi mumkin emas…

Bugungi kunda o‘zining ellik ikki bahorini qarshilayotgan, qariyb o‘ttiz yildan beri yoshlarga saboq berib kelayotgan ustozning hayot yo‘llari bitilgan daftarini varaqlar ekanmiz, qalbimizda havas tuyg‘usi uyg‘onadi. 1993 yilda Tojikiston Respublikasidagi Qo‘rg‘ontepa Davlat universitetining “Matematika” fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab, azim surxon vohasining Denov tumanidagi 32-maktabda o‘quvchilarga dars o‘ta boshladi. Bir-biridan ilmli, zakovatli shogirdlar tayyorlab, hamkasblarining ishonchini qozona oldi. 1995 yildan buyon esa Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi 20-maktabda o‘z faoliyatini davom ettirish barobarida maktabdagi 6-”F” sinfiga ham rahbarlik qilib kelmoqda. O‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan qator tanlovlarda, jumladan, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik tanlovlarida qatnashib sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. U kishi o‘qituvchilik bilan bir qatorda o‘zining badialari va publitsistik maqolalari bilan matbuot sahifalarida tez-tez ko‘zga ko‘rinib turadi. Maktab va tuman miqyosida o‘tkaziladigan turli madaniy–marifiy tadbirlarning tashkilotchisi va faol azosi. Sinfidagi alochi o‘quvchilari bo‘lmish Timur Abdurashidov, Parizoda Rajabova, Sherzod Sherobodov, Kumushbibi Absattorova, Go‘zal Shokirovalarning ismlarini aytib doim faxrlanadi.

–Qayerdadir o‘qigan edim, bir yildan keyin daromad olmoqchi bo‘lsang chorvachilik bilan shug‘ullan, o‘n yildan keyin daromad olmoqchi bo‘lsang bog‘ yarat, agarda yuz yillar davomida daromad ko‘rishni istasang ilm ista, -deydi hikoyamiz qahramoni Gulbahor opa Hamdamova. –Bugun biz tarbiyalab, ilm o‘rgatayotgan yoshlarimiz ertamizning egalaridir. Biz ustozlar esa kelajakka tamal toshi qo‘ymoqdamiz, nurli kelajak sari odimlayapmiz. Mas’uliyat ham shunga yarasha bo‘lishi lozim. Bugungi davr biz o‘qituvchilardan o‘z ustida mustaqil tinimsiz izlanishni, o‘tilayotgan darslarda yangi texnologiyalarni metodik usulda qo‘llashni va albatta o‘quvchining ongiga zamonaviy bilimlarni singdirishlikni talab etmoqda. Bilamizki, avvallari ko‘pgina ta’lim dargohlarida zarur o‘quv qurollari va sifatli darsliklar yetishmas edi. Qishloq yoshlari asosan eski va ta’mirtalab maktablarda savod chiqarishgan. Endi hozirgi yaratilgan sharoitlarni ko‘rib ko‘z quvonadi. Shinam va yorug‘ sinf xonalar, so‘nggi rusumda jihozlangan laboratoriya xonalari, zamonaviy sport zallari o‘quvchilar ixtiyorida. Bir so‘z bilan aytganda, Uchinchi renessans sari odimlayotgan Yangi O‘zbekiston yoshlarining iqboli baland bo‘lgay.

Ha, uning sabri tog‘lardan-da baland, murg‘ak shogirdi injiqliklarini ko‘taradi, jilmayib boshini silab, yosh yuraklarning ilk mehriga sazovor bo‘ladi. Ular to‘p-to‘p bo‘lib, izlaridan ergashib yurishadi. “Ustoz” deb murojaat qilishadi.

Yosh yuraklar muhabbatiga sazovor bo‘lgan inson eng baxtli insondir. Shu insonning nur yog‘ilib turgan chehrasi shogirdlar yuragida abadiy muhrlanib qoladi. Zero, buyuk shoirlar ham eng shoh satrlarini dastlab mana shu insonlarga bag‘ishlagan:

Ne odam bo‘lardim, qo‘limda kitob,

Biror harf tanimay tursaydim loqayd.

Siz-ku “Alifbo”dan “Qomus”gacha to

Bari-barisini tanitgan ustoz.

Dunyoda mansablar, saodat shohsupasiga chiqqanlar nihoyatda ko‘pdir, lekin ular ham ustozlari oldida hamisha qarzdordirlar. Faqat ugina o‘zi yetolmagan, ammo shogirdi yetgan iqbolga chin dildan sevina oladi. Faqat ugina uyqusiz o‘tgan tunlari, chekkan zahmatlarini minnat qilmaydi. Faqat uning mehru muhabbati beg‘araz. Shunday zotni ulug‘lamay bo‘ladimi? Borliqdagi jamiki yaxshiliklar nasib etsin sizga ustoz. Bayramingiz muborak bo‘lsin!

 

O‘tkir ALIMOV, O‘zA