Munosabat
Dillarimizga surur, qalblarimizga sokinlik, huzur-halovat ulashib muborak Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyning fayzi va shukuhi o‘zgacha. Bu oy bejiz orziqib kutilmaydi. Unda ming oylarga tatiydigan kecha bor. Bu oyda so‘zlarning eng ulug‘i – Kalomulloh nozil bo‘lgan.
Ramazonni yurtimizda ko‘tarinki ruhda, munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida Prezidentimizning qarori ham qabul qilindi. Shu hujjat asosida muborak oyning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni e’zozlash, bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan hamda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, azaliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish alohida belgilandi.
Ro‘zaning juda ko‘p foydalari bor. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizni ana shu foydalarga targ‘ib qilganlar. Birinchidan, ro‘za immunitetni oshirib, inson tanasini turli kasalliklarga bardoshli qiladi. Chunki, tanadagi ko‘p kasalliklar asosan me’da va ichaklarda to‘planib qolgan chiqindilardan hamda ortiqcha semizlikdan kelib chiqadi.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning “Ro‘za tutinglar, sog‘lom bo‘lasizlar”, (Imom Tabaroniy rivoyati)degan muborak so‘zlari zamirida ham qanchalik hayotiy haqiqat mujassam ekani namoyon bo‘ladi. Shuningdek, ro‘za zehnning salomatligi, fikrning to‘g‘ri bo‘lishi, xotiraning faollashuvida foydali, unutuvchanlikni kamaytiradi. Ko‘p yeyish miyada namlik va botni ko‘paytiradi va bu xotira quvvatiga og‘ir keladi.
Ro‘za tufayli duolar qabul va ijobat bo‘ladi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam: “Uch kishi borki, ularning duosini rad qilmaslik Allohning zimmasidagi haqdir: og‘zini ochguncha ro‘zadorning, nusrat topguncha mazlumning va qaytgunicha musofirning”, deganlar. Qolaversa, tibbiy-ilmiy izlanishlar natijasida ro‘zaning turli jismoniy va ruhiy kasalliklardan himoyalanishda va ularning oldini olishda foydasi borligi isbotlangan. Jumladan, ro‘za insondagi kasalliklarga qarshi qobiliyatni kuchaytiradi. Chunki, ro‘za tutgan odamda ushbu maqsadga xizmat qiluvchi hujayralar o‘n marta ko‘payishi ilmiy isbotini topgan.
Aynan Ramazon oyi munosabati bilan qanchadan-qancha kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinadi, beva-bechora, yetim-yesirlarga ko‘maklar beriladi. Nega? Chunki, odam ro‘za tutib, ochning holini his etadi, tashnaning ahvolini anglab yetadi. Shu bois ularga yordam beradi. “Har bir xayrli amalga o‘n barobardan yetti yuz barobargacha savob beriladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ramazon bu – Qur’on oyi. Uning kechalarini qorilarning go‘zal qiroatlari bilan tarovehlar bezab turadi. Allohning kalomini xatm qilish, uni tinglash, undan bahra olish niyatida Islom ummati tarovehlarga shoshiladi. Bu muborak kechalarda go‘yo nur zamindan samoga ko‘tarilayotgandek bo‘ladi. Chunki zamin uzra Allohning uylarida Qur’oni karim tilovatlari yangraydi.
Allohga beadad shukr, bu yil Ramazonda ham ezgu an’analarimiz davom etadi. Tarovehlarda, Qur’oni karim xatmlaridan so‘ng barcha masjidlarimizda yurtimizning yanada ravnaq topishi, xalqimiz turmushi farovon bo‘lishi, jannatmonand yurtimiz gullab-yashnashi uchun Yaratganga iltijolar qilamiz.
Jasurbek domla Raupov,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi.
O‘zA