Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ezgulik va bunyodkorlik xaritasi
21:39 / 2021-01-06

XXI asrning yana bir yili o‘tdi. Ko‘p so‘zlayotganimizdan-da og‘irroq, ташвиш­лироқ kelgan 2020 yil moziyda qoldi. Tarix sahifalarida uning qaysi bo‘yoqlarda bitilishi esa oldindan ma’lum: har qalay, u solnomachilar qo‘lida ko‘ngilda shavq uyg‘otuvchi yorqin va rang-barang mozaika tusini olmasa kerak...

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasini o‘qib...

Qudratilla RAFIQOV,

O‘zbekiston kasaba uyushmalari

Federatsiyasi raisi,

Oliy Majlis Senati a’zosi,

siyosatshunos

2020 yil haqida o‘ylaganimda yodimga o‘tgan asrning 66-yili tushadi. O‘sha yili Toshkentda dahshatli zilzila yuz berganida, biz hali yigirmaga ham kirmagan yosh yigitlar edik. Boz ustiga, hali Ikkinchi jahon urushining alamli xotiralarining hovuri bosilmagan, urush kulfati odamlar yuz-u ko‘zidan ko‘tarilmagan kezlar...

O‘shanda ko‘rganman. Pastqam tomlar ostidan tashqariga otilib chiqayotgan bolalar, vahimadan turishga ham ulgurmay, emaklab devordan nari intilayotgan chol-kampirlar, chaqalog‘ini bag‘riga bosib, izillab tashqariga yugurayotgan kelinlar...

Afsuski, bu kino emas, ko‘z o‘ngimizda yuz bergan voqea, tabiat fojiasining odam bolasi hayotiga solgan vayronkor qutqusi edi.

Va ayni mana shu ko‘rguliklar mening hayotga, yashash va yaratishga bo‘lgan tasavvurlarimni o‘zgartirib yuborgan edi. Va yana anglab yetganmanki, inson irodasini ushlab turadigan tayanch – ishonch bo‘lar ekan. O‘sha kezlarda Toshkentda boshlangan ulkan bunyodkorliklar odamlarga shunday ishonchni bergan, ertangi kunga ruhlantirgan edi.

2020 yilda xalqimiz ko‘lami jihatdan o‘sha tahlikali, o‘tmishimizda og‘riqli iz qoldirgan sitamgir xotiralardan qolishmaydigan taqdir bilan yana ro‘baro‘ bo‘ldi: jahonni qamrab olgan pandemiya va ikki texnogen falokat...

2020 yildagi voqealarda odamlarning asosiy ishonchi bitta muhim nuqtada jamlandi – Prezident ­Shavkat Mirziyoyevning qat’iy irodasi va xalqning mustahkam birdamligi!

O‘zim guvoh bo‘lgan bu ikki hayotiy hodisa xalqimiz, millatimiz kechmishi, buguni va ertasi haqidagi mening tasavvurlarimni aniq va sobit bir mezonga ko‘taradi: millatimiz buyuk va qudratli, matonatli va yaratuvchi, dunyo sahnasida mudom o‘z so‘zini aytib kelayotgan ulug‘ bir millatdir. Ha, kuchli xalqlargina buyuk tarix yarata oladi. Yoki, aksincha, bir yozuvchi keltirganidek, faqat qullarninggina tarixi bo‘lmaydi...

Prezidentimiz Murojaatnomasini tinglab menda shu va shu kabi boshqa yana bir qancha mulohazalar tug‘ildiki, ularni Siz bilan o‘rtoqlashishni lozim ko‘rdim...

Xalqona va samimiy hisobot...

Milliy jamiyatimizda va yangi davlatchiligimiz hayotida sarlavhaga aylangan «Yangi O‘zbekiston» istilohi bir atama o‘laroq boshqa, biz ko‘rgan siyosiy va mafkuralashgan shior va chaqiriqlarga qaraganda xiyla samimiyroq ko‘rinadi menga.

Negaki, u tabiiy bir jarayon tufayli, ochiqrog‘i, zarurat tufayli paydo bo‘lgan «sifat fenomeni»dir. Ehtimol, buning sabablarini chorak asrlik turg‘unlik va «yopiq» siyosat zamiridan izlash kerak bo‘lar. Hech kimni kamsitmagan, o‘tmishga tosh otmagan holda aytish mumkinki, mamlakatning favqulodda ochilishi, ichki va tashqi siyosat trayektoriyalarining o‘zgarishi inqilobiy darajada bir to‘lqin hosil qildiki, u biz hatto ko‘nikib qolgan ko‘pdan-ko‘p qarashlarni, stereotiplarni «uvalantirib» yubordi. Va jamiyat hamda siyosiy hayotdagi shu evrilishlar yangi qarashlar, islohotlar, yangicha yashash va mehnat qilish ishtiyoqi o‘laroq yangi formatga o‘tishga chog‘langan islohotlarimizni nomlashni taqozo etdi, desam xato qilmagan bo‘laman.

Albatta, bu fundamental o‘zgarishlar, shu bilan birga tugal bir g‘oya sifatida «Yangi O‘zbekiston»ga ham istehzo bilan qarayotganlar nafaqat tashqarida, balki ichimizda ham bor. Bu haqda keyinroq to‘xtalamiz.  

Biz mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida ko‘p gapirayotirmiz. Ammo aksariyat voizlarimizning «nutq»larini eshitsangiz, aslida ularning o‘zi bugungi o‘zgarishlar haqida aniq tasavvurga ega emasligini sezib qolasiz. Tasavvurning yetishmasligi esa ba’zilarimizni yana eski zamonlarning mumtoz usuli – «ura-ura», «yashasin-yashasin» kabi kampaniyabozliklar sari boshlamoqda.

Biroq kechayotgan jarayonlar, mamlakat hayotida yuz berayotgan global yangiлаniш­lar shunga muhtojmi, kampaniyabozliklarga ehtiyoj bormi?

Men o‘ylaymanki, yo‘q! Negaki, biz ostonasida turgan bu yangi hayot bizning tasavvurlarimizdagidan yuz chandon o‘zgacharoqdir. U maqtov va zo‘raki qo‘llovlarga muhtoj sun’iy harakat emas, odamlar va mamlakat taqdirini o‘zgartirishga astoydil kirishgan, rasmiy mediamakon orqali fuqarolaridan olqish umidvor bo‘lib turadigan emas, aksincha, odamlarning, oddiy odamlarning qaddini ko‘tarishga, ularni hayotga mag‘rur boqishga, ko‘rayotgan kunidan rozi bo‘lib yashash uchun zarur sharoit yaratib berishga bel bog‘lagan, aytish mumkin bo‘lsa, xalqparvar, zahmatkash xalqimizning o‘ziday sodda va samimiy, jo‘mard va beminnat bir harakatdir.

Biz siyosatchi va mafkurachilarning ko‘pchiligimiz esa oyog‘imizga o‘tgan asrning 70 yillarida ilib olgan chorig‘imizni sudrab «eski kasal»imiz «xuruj»i domida qoldik. Zamon o‘zgarganini, dunyo yangilanganini, ko‘z oldimizda avlodlar almashinuvi kechganini payqamadik.

Prezident boshlagan ishlar, amalga oshirayotgan buyuk tashabbuslarni ilg‘amadik. Va aynan mana shu qusurlarimiz jamiyat tafakkuri o‘zgarishini mudom ortga surib kelayotgan omillarning asosiysi bo‘lsa, ajab emas.

Shu ma’noda, men Prezident Murojaatnomasini tinglar ekanman, unda qilingan ishlardan maqtanish hissi, amalga oshirilgan o‘zgarishlardan havolanish kayfiyatini ilg‘amadim.

Hammasi oddiy, barchasi samimiy gaplar. Iddao yo‘q, minnat yo‘q. O‘zini shu xalqning chin farzandi deb biladigan, Millat va Vatan taqdirini hayotidan, shirin jonidan ustun qo‘yadigan qobil va mard bir o‘g‘lonning ona xalqi oldidagi hisobi...

yuksaltiruvchi kuch manbai

Mohiyatan olganda, Yurtboshimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi qilingan ishlarga bir nazar solish, kelgusidagi rejalarni belgilab olishni anglatadi.

Murojaatnomada e’tiborimni tortgan narsa shu bo‘ldiki, Prezident ilk ish boshlagan kunlardagi siyosiy rakurs o‘zgarmagan. Jamiyatdagi eng og‘riqli nuqtalarimiz – ta’lim, tibbiyot, ilm-fan sohasi va kambag‘allikni qisqartirish, sud-huquq, iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va tashqi siyosatdagi islohotlarni izchil amalga oshirish mudom mamlakat istiqbolini belgilovchi asosiy omillar o‘laroq qaralayotgani siyosiy irodaning metinligini, boshlangan ishlar avvalboshdan puxta o‘ylanganini, muhim asoslarga ega ekanini anglatadi. Qolaversa, bu ishonch va qat’iyat harakatlarning jamiyat qatlamlariga singib, odamlarimiz qalbida alangalanib, katta ilhombaxsh kuchga aylanayotgani bilan g‘oyatda ahamiyatlidir.  

Bugun men ishonamanki, odamlarimiz o‘z tasavvurlarida davlat haqidagi tushunchasini o‘zgartira boshladi. Bu Mirziyoyev siyosatidagi eng katta yutuqlardan biridir.

Bunga o‘nlab misollar keltirish mumkin. Biroq o‘z ko‘zing bilan ko‘rib guvoh bo‘lganing baribir boshqacha ta’sir qilar ekan.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar bilan birgalikda Prezidentimiz tashabbusi va topshirig‘i bilan joylardagi ayollar muammolarini o‘rganishga kirishdi. Jarayonda 6 milliondan ortiq ayollarimizning muammolari o‘rganildi.

Tasavvur qiling, shuncha odamni uyma-uy yurib, har biri bilan yuzma-yuz gaplashish oson ishmi? Lekin shu ko‘zga qiyin ko‘ringan, mamlakat tarixida ham, tajribasida ham bo‘lmagan ish uddalandi.

Jarayonda ko‘rdikki, uzoq yillar o‘z kuchi va Yaratganninggina mo‘’jizasidan bo‘lak umidlanadigan narsasi qolmagan ayollar, opa-singillarimiz o‘zlariga ko‘rsatilayotgan mehrdan, oqibatdan va nihoyat o‘z turish-turmushi, hayot tarzidan xo‘rligi kelib, ho‘ngrab yig‘lab yuborishardi.

Ular ancha yillardan buyon barcha eshiklarini berkitib olgan, adolat u yoqda tursin, oddiygina o‘z haq-huquqlarini so‘rasa, jinoyatchiga chiqarib qo‘yishidan qo‘rqadigan Davlat ostonasiga kelib, uzr so‘rayotgani, yordam berishga chog‘langanini tasavvurlariga sig‘dirolmayotgani yuz-ko‘zlaridan ko‘rinib turardi.

Albatta, bu – og‘ir, odamning yuragini o‘rtaydigan bir holat. Ammo haqiqat, biz uzoq yillar o‘z qarsakbozliklarimiz, balandparvoz gap-so‘zlarimiz bilan niqoblab, yopib kelgan achchiq haqiqatdir.

Shu damda Lotin Amerikasi adabiyotining yirik vakili Gabriel Garsia Markesning bir gapi esimga tushmoqda: «Meni ishontiring dunyoni o‘zgartirib yuboraman».

Ayni shu jarayonning ichida yurganim uchun ayta olamanki, davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi jamiyatning eng katta va eng muhim qatlami bo‘lgan ayollarning qalbiga ishonch nurlarini olib kirdi. Ishonch esa barcha hayotbaxsh kuchlarning manbaidir.

«Hayotbaxsh uchlik» modeli

Jamiyatni qatlamlarga bo‘lib o‘rganish va barcha «guruh»lar xarakteri, mavjud ahvoli va tabiatidan kelib chiqib choralar belgilash, ular bilan individual ishlash yangi сiyo­сатniнг diqqatni o‘ta jalb etadigan yana bir jihatlaridan, desam yanglishmayman.

Bugun ko‘pchilik ekspertlar tomonidan e’tirof etilayotgan ushbu «hayotbaxsh uchlik» modeli (ruxsat bersangizlar men bu harakatni shartli ravishda shunday atashni taklif qilgan bo‘lardim) – «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar» atamalarining paydo bo‘lib, turmushimizga singishi hamda jamiyatni kambag‘allikdan qutqarishning asosiy siyosiy leytmotiviga aylanishi bugun biz uchun ko‘p narsani anglata boshladi.

Mohiyat e’tibori bilan bir maqsadga qaratilgan bu usul mavjud muammolarni yengishning, unga qarshi kurashishning o‘ziga xos aniq shakllarini yaratdi.

Unga ko‘ra, ayollar masalasi, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, «...Ayollarning andisha qilib, biz erkaklarga ayta olmagan dard-u tashvishlari, kundalik muammolari, orzu-niyatlarini ularning o‘zidan bo‘lak yaxshi tushunadigan inson yo‘q».

Yoshlar muammolari esa barchamiz anglab turganimizdek, bu o‘y-tashvishlardan keskin farq qiladi. Bu ko‘pchilik hollarda global dunyoda kechayotgan o‘zgarishlar, yuqorida aytganimizdek, hayotimizdagi avlodlar almashinuvi bilan bog‘liq omillarni, qolaversa, jamiyatdagi tektonik va shu bilan birga yaratuvchilik manbai bo‘lgan demografik «o‘suvchanlik»ni to‘g‘ri parvarish etish, el-yurtiga sadoqatli, qudratli va ilmli avlodni voyaga yetkazishni o‘z ichiga oladi.

«Temir daftar» esa jamiyat kontekstida ko‘zga zirapchaday sanchilib turgan umum yo‘qsillikni aniqlash va uni bosqichma-bosqich bartaraf etish vazifasini o‘z «zimmasi»ga olgan.

Ahamiyatli va e’tirof etish shart bo‘lgan jihat shundaki, bu model biz aksariyat hollarda o‘rganib qolganimiz yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan «puch yong‘oq» emas, balki aniq dasturlarga ega bo‘lgan, moliyalashtirilgan bir harakatdir. Uning ishlash mexanizmi, sarflanadigan xarajatlar va beradigan samarasi puxta hisob-kitob qilingan.

Murojaatnomada Prezident o‘zi o‘ylagan, muammoga samarali yechim bo‘la oladi, deb bilgan g‘oyasining amaliy jihatlarini aniq-tiniq asoslab berdi.

Sinovlarda toblangan millat

Haqiqatan ham, 2020 yil og‘ir keldi. Koronavirus pandemiyasi xalqimizni ham, davlatni ham jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Hozir pandemiyaning og‘ir asoratlari haqida emas, bir jihat haqida to‘xtalib o‘tmoqchi edim. Bu – oqilona siyosat – Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati, Millat va Vatanga bo‘lgan chin va samimiy muhabbati haqida.

Ochig‘i, virus quturgan, xalq tahlikaga tushgan kezlarda men Mirziyoyevning nigohida ulug‘ bir dardni – «xalq qayg‘usi»ni ko‘rdim. Tez-tez o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishlarida asosiy e’tiborni pandemiya vaziyatlaridan boshlar edi. Ko‘plab qarorlar qabul qildi. Va shunda anglab yetdimki, davlat rahbarining xayoli mudom shunda bo‘ldi – el salomatligini asrash, imkoni boricha, pandemiyani yo‘qotishlarsiz o‘tkazish...

Ammo iqtisodiyot aravasi ham to‘xtab qolmasligi kerak edi. Bir nafas harakatsiz qolgan iqtisodiyotning istiqbolda og‘ir depsinishlari bo‘lishi aniq. Bu yo‘lda Shavkat Mirziyoyev o‘ziga xos uslubni qo‘lladi – har qanday sharoitda ham iqtisodiy tanazzulga yo‘l qo‘ymaslik.

Keling, bu haqda bir xalqaro e’tirofni aytib o‘tsak:

«Boshqa tomondan olib qaraganda, koronavirus epidemiyasi ichki emas, balki global miqyosdagi xalqaro hodisadir. U global miqyosdagi inqirozni, xususan, global iqtisodiy inqirozni keltirib chiqardi, – deb yozadi UzAnalytics saytida siyosatshunoslik fanlari doktori, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti va Milliy tadqiqot universiteti «Oliy iqtisodiyot maktabi» professori Andrey Kazansev. – Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistondagi vaziyat o‘ziga xos bo‘lib chiqdi, chunki bu yerda koronavirus inqirozi avvalgi yillari boshlangan yana bir jarayon bilan «kesishdi». Ushbu jarayon – Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan iqtisodiy islohotlarning izchil davom etishidir. Menimcha, O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar tashqaridan yaxshiroq ko‘rinadi va respublika aholisi ushbu islohotlar natijalariga yetarlicha baho bera olmasligi mumkin. Ammo makrostatistikaga e’tibor qaratsak, bu islohotlar sezilarli iqtisodiy o‘sishga olib kelayotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi....»

Prezidentning Murojaatnomasini tinglar ekanman, pandemiya sharoitida ham xalq dardi, odamlarning manfaatini asosiy mezonga ko‘tarish siyosatini yanada to‘liqroq anglab yetdim.

Mana qarang, pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trillion so‘mlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu jarayonda xorijda bo‘lgan vatandoshlarimiz ham o‘z holiga tashlab qo‘yilmadi. Ularni vatanga qaytarish, zarur bo‘lsa, ko‘mak ko‘rsatish choralari ko‘rish alohida e’tiborda bo‘ldi.

Aslida bu nihoyatda og‘ir jarayon edi. Axir o‘tgan qariyb o‘ttiz yilda eldoshlarimiz nochorlikdan taqdirini boshqa yurtlarda ko‘rish, ish topish ilinjida vatanni ma’lum muddatga tark etishga ko‘nikib ulgurgan, tirikchilik vajidan millionlab yurtdoshlarimiz xorij tuprog‘ida yurardi. Bunday sharoitda qanday yo‘l tutmoq joiz?

Bunga ham xorijdan nazar tashlasak.

Andrey Kazansev ayni shu jihat haqida quyidagicha yozadi:

«Pandemiya inqirozi Rossiyadagi muhojirlar holati keskin o‘zgarishiga olib keldi. Ma’lumki, O‘zbekiс­тон Rossiyaga eng ko‘p mehnat muhojirini yuboradigan Markaziy Osiyo mamlakati hisoblanadi. Rossiya­­da 2020 yili mehnat muhojirlari soni ikki baravar kamaydi. Bundan tashqari, bularning bari katta muammolar bilan birga yuz berdi. Chunki, aeroportlar mamlakatdan chiqib keta olmayotgan odamlar bilan to‘la edi. O‘zbekiс­тон hukumati o‘z fuqarolariga yordam berishga harakat qildi. Shu o‘rinda bir holatga e’tibor berish kerakki, ko‘plab boshqa davlatlar muxojir fuqarolarini deyarli tashlab qo‘ydi. Ammo Toshkent bunday yo‘l tutmadi».

Bu e’tirofda men, eng avvalo, ulug‘ insonning irodasini, xalq dardini o‘z dardiga aylantira olgan jasoratli vatandoshimiz, millat qahramonining qiyofasini ko‘raman.  

Yangi O‘zbekiston g‘alabalari

Men Shavkat Miromonovich davlat rahbari bo‘lib ish boshlaganda ko‘pchilik xorijlik tahlilchilarning «Mirziyoyevga qiyin bo‘ladi, unga og‘ir siyosiy meros qoldi» degan gaplarini ochig‘i, uncha tushunmaganman.

Mana, to‘rt yil u kishi bilan yelkama-yelka turib ishlab angladimki, dunyo ancha o‘zgarib, biz undan olisda qolib ketgan ekanmiz. Faqatgina suverenitetni saqlash, har qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, tinchlik-xotirjamlikni ushlab turishning o‘zi yetarli emas ekan. Bu yoqda kun sayin globallashib borayotgan dunyo, jahon davlatlari bilan tengma-teng qadam tashlash va shu bilan birga dunyo sahnida tan olingan – legitim bir formatda taraqqiyot yo‘liga o‘tish degan gaplar ham bor ekan.

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatgan odam shuni anglaydiki, bugungi jamiyat tizimdan, boshqaruv tizimidan zerikkan. Mustabidlik unsurlarini o‘ziga meros qilib olgan, biz hozirgacha amalda qo‘llab kelgan tizim hammamiz ich-ichimizdan sezib turganimizdek, bugungi kunlarga mos kelmay qoldi. Prezident Murojaatnomasida buni jo‘yali izohladi:

«Mahalliy hokimlik va Kengashlar bundan 27 yil avval, ya’ni hokimlik instituti joriy etilgan dastlabki paytda qabul qilingan qonun asosida ishlamoqda. Bu hujjat bugungi islohotlarimiz talablariga mutlaqo javob bermasligini hisobga olib, uni tubdan yangilash zarur...»

Bu gap nega bundan uch yo to‘rt yil ilgari emas, bugun aytildi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Mening nazarimda, o‘ylangan islohotlar bosqichma-bosqich, puxta reja asosida amalga oshirilayotir. Ya’ni jamiyat va siyosiy elita ko‘nikkan tizimni «iste’mol»dan chiqarish uchun avvalo, ularning tafakkurini, qolaversa, zarur resurslarni yangilash talab etildi. Shu o‘rinda, men ba’zi odamlarning «nega buncha qaror-u farmonlar, qonunlar ko‘payib ketdi» degan iddaolarini anglaganday bo‘laman.

To‘g‘risi, ko‘pchiligimiz bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar mohiyatini to‘liq anglab yetmayotirmiz. Va bu holat ko‘pchilik hollarda ko‘z o‘ngimizda O‘zbekiston bir suveren davlat sifatida tamoman yangi qiyofaga o‘tayotganini, tom ma’noda Yangi O‘zbekiston shakllanayotganini tushunib olishimizga monelik qilayotganday...

Bugun shunday zamon bo‘ldiki, hamma so‘z aytib birovni hayron qoldirishga, favqulodda «zamonamiz qahramoni»ga aylanib shuhrat to‘nini kiyishga o‘ranishga ishtiyoqmand. Hamma «haqiqatgo‘y», hamma «yurtparvar», «elparvar» va «adolatparvar»... Ora-sira o‘ziga shu maydon, erkin so‘z aytish imkonini berib qo‘ygan davlatga ham shox tashlab qo‘yadi. Bundan sal ilgariroq shu gaplarni yoza olarmiding, deydigan odam yo‘q. «Yangi O‘zbekistonning nimasi yangi» deya tajanglik qiladiganlar ham bor. Ichiqoralik bilan barchasini inkor etishga urinadiganlar ham. Qalbdagi xusumat, soxta obro‘ topishga bo‘lgan tiyiqsiz ishtiyoq va odamda malol qo‘zg‘ovchi davolar bilan to‘yingan kibr bundaylarni har ko‘yga soladi. Bir tomondan bu – «to‘ydirganning qorniga...» degan xalq matalini ham esga soladi.

Lekin nima bo‘lganda ham, o‘ylab ko‘raylik-chi, so‘nggi paytlarda ijtimoiy-siyosiy hayotimizning mazmun-mohiyatini ochib beradigan bir istiloh o‘laroq yangilanishlarning leytmotiviga aylanib ulgurgan «Yangi O‘zbekiston» atamasi bizga nimani anglatadi? Uni ushlab turgan ustunlar nima, nimalar uni tanib olishimizga, anglashimizga ko‘maklashadi? Yoki u haqiqatan ham ba’zi «do‘st»larimiz iddao qilishayotganidek shunchaki yaltiroq bir gapmi? Mana shuni aniqlab olish bugunning eng muhim masalalaridan biri.

Avvalo, gapni jamiyatda sodir bo‘layotgan ma’naviy yangilanishlar, «muzlatilgan» identitet – o‘zlikni anglash, tanitish borasida tashlangan dadil qadamlardan boshlasam to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman. Zotan, jamiyatning milliylashuvi biz uchun ko‘p narsani anglatadi. O‘tgan 25 yillik mustaqillik davri garchi biz uchun postkolonial o‘tish davri hisoblansa-da, milliy jabhada biz orzu qilgan, kutgan natijalarni bermadi. Davlat va jamiyat orasida shunday bir qutblanish hosil bo‘ldiki, bu hayotda gibrid-duragay va ayni paytda milliylik da’vosidagi neokolonial madaniy mafkurani shakllantirdi. Unga ko‘ra tarix «chegaralandi», milliy manfaatlar, madaniy his-tuyg‘ular siyosiylashtirildi.

E’tibor qiling, o‘tgan shuncha yil davomida «Millat» so‘zi siyosiy elita nutqlarida necha marotaba ishlatildi? Tarixiy o‘zanimiz bilan bevosita bog‘liq turkiylik yoki turkiy qavm istilohlari-chi?.. Siyosiy elita nafaqat bu katta va oydin haqiqatlarni tan olish, balki minbarda gapirishdan ham uzoq yillar tiyilib keldi.

Va bu, o‘ylaymanki, davlatning, jamiyatning to‘laqonli milliylasha olmaganining asosiy sabablaridan biridir. Bunday tutum esa jamiyatni murakkab kolonial, postkolonial va dekolonial uchburchak ichida ekanini «ta’minladi». Jamiyatda milliy tafakkur, umuminsoniy zehniyat, til, san’at va madaniy qadriyatlarga qarashlarning siyosiylashuvi va haddan ziyod mafkuralashgani milliy ruhning so‘nishiga olib keldi. Bugun men ba’zi ayonlarimizning tushuniksiz matnlarini eshitib yoki o‘qib ko‘p ham hayron qolmayman. Negaki, u avval o‘rischa fikrlab keyin nutqini davlat tilida bayon etadi. Aslida bu biz, tarixi bir necha ming yillarga boradigan buyuk tilning bugungi vorislari uchun juda uyatli, yo‘q, sharmandali hol, albatta. Tarixga qarashimiz, o‘zlikni anglash va tan olish borasida ham biz eski aqidalarga uzoq yillar «sodiq»ligimizni namoyon etib keldik.  

Millatimiz buyuk, tariximiz hech bir xalqqa nasib qilmagan shonli o‘tmishga ega. Mavridi kelganda bu boradagi ba’zi mulohazalarimni aytmoqchiman. Zotan, bu bizning o‘zligimizni belgilovchi, aslida biz kim ekanimizga haqqoniy baho beruvchi muhim bir omil – tarix ilmi va unga bizning yondashuvimiz masalasidir. Kechagacha shonli tariximizni kimlar yozib kelgani va bizga qanday o‘rgatganini hammamiz yaxshi bilamiz. Ular bir narsani o‘ylashgan edi. O‘tmishidan uzilgan, yulib olingan millat xuddi yetimday qulfe’l bo‘ladi. Ma’lum ma’noda bu samara ham berdi.

Bugun ham har maqomga yo‘rg‘alayotgan, ul yo bul madaniyatga havasmand boqayotgan, o‘tmishga mag‘zava ag‘darayotgan to‘dalar borligi o‘sha siyosat ta’siri, deyish mumkin. Lekin tarixiy dalil shundayki, bizning tariximiz juda ko‘hna va shu adog‘i ko‘rinmas moziy landshaftida tovlanib turgan marvaridlar bevosita bizga ham tegishlidir. Tarixda so‘nmas iz qoldirgan, biroq biz uzoq yillar taysallab, o‘zimizni chetga tortib, begonasirab kelgan umumturkiylar yaratgan tarix, madaniyat va tamaddunlar, bir so‘z bilan aytganda, benazir madaniy va ilmiy meros, hech shubhasiz, bizga ham tegishlidir.

Men nega bu masalaga keng to‘xtaldim. Shuning uchunki, yangi siyosat bizga qariyb 100 yildan ortiq vaqt mobaynida taqiq qo‘yilgan tarixiy haqiqatlarni, milliy o‘zligimizni qaytib berishdek baquvvat siyosiy irodani namoyish etdi. Davlat rahbari mustaqillik davrining o‘tgan o‘ttiz yilida ilk bor BMT minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Nafaqat MILLAT, TURKIYLIK so‘zlarini aytish, balki o‘z mafkurasiga ko‘ra turkiy birlikni anglatuvchi «Turkiy tilli davlatlar kengashi»ga to‘laqonli a’zo bo‘lib qo‘shildi. Va bu madaniy va milliy siljish hozirdanoq o‘z samarasini bera boshladi. Qo‘shni Afg‘on yurtida yilning bir kuni mamlakatda «O‘zbek tili bayrami kuni» etib belgilanishi Yangi O‘zbekistonning, Mirziyoyev siyosatining eng katta yutuqlaridan biri bo‘ldi.

Shu o‘rinda «Prudent Solutions» tahlil markazi direktori, tarix fanlari nomzodi Esen Usubaliyevning quyidagi fikrlariga e’tibor qaratish joiz deb bilaman:

«Modomiki, ayni paytda Turkiya «turkiy dunyo» nomi bilan hamkorlik tashabbuskori bo‘layotgan ekan, bu birinchi navbatda iqtisodiyot, savdo-sotiq va energiya resurslari sohalariga tegishli bo‘ladi. Shu ma’noda mintaqada Turkiya uchun ham, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham prezident Sh.

Mirziyoyevning islohotlari va O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikka tayyor ekani bilan bog‘liq jiddiy ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi».

Haqiqatan ham, milliy g‘urur, o‘zlikni tanitish borasida gap ketar ekan, muhtaram Prezidentimizning bu boradagi siyosati mintaqa hayotiga ham ta’sir qilayotganini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Barchamizga ma’lumki, Mirziyoyev islohotlari boshlanguncha mintaqa davlatlari – qo‘shnilarimiz o‘z kelajaklarini majburiy tarzda turli mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, birlashmalar misolida ko‘rib keldi. Hatto mintaqadagi eng katta va iqtisodiy baquvvat davlat hisoblanmish Qozog‘iston ham uzoq vaqt davlat sifatidagi o‘zligini Yevroosiyo mamlakati sifatida shakllantirib keldi. Ushbu maydonchadan mintaqaga daxldor muammolarni ishlab chiqishda foydalandi, shu bilan birga, Markaziy Osiyoning qolgan qismi bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘prik sifatidagi qulay o‘rnini saqlab qoldi. Biroq Shavkat Miromonovichning mintaqa hayoti bo‘yicha ilgari surgan g‘oya va qarashlaridan keyin qo‘shnilarning mintaqa identiteti – o‘ziga xosligi haqidagi qarashlari milliy mansublik nuqtai nazaridan epik trayektoriyasini o‘zgartirdi. Esingizda bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda Samarqandda «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» shiori ostida xalqaro konferensiya o‘tkazilgan va unda Prezidentimiz mintaqamizning ertangi porloq kuni haqida gapirib shunday degan edi: «Bizning mintaqamiz xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bog‘lab turadi. Bizni tarix, din, umumiy madaniyat va an’analar birlashtiradi.»

Shundan ko‘p o‘tmay, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev ham «Ostona» klubi qatnashchilariga murojaat qilar ekan, shunday degan edi: «Oradan chorak asr vaqt o‘tib, tarixi, dini, madaniyati va mentaliteti – zehniyati bir bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan birga bo‘lishimiz, bir-birimizga yordam berishimiz va mintaqa xavfsizligini birgalikda ta’minlashimiz Allohning irodasi ekanini hammamiz tushunamiz...»

Falsafada shunday tushuncha borki, unga ko‘ra, barcha narsa ziddiga qiyoslanganda o‘zini yorqinroq ko‘rsatadi. Shu ma’noda gapirganda, kechagina nafaqat bizga ergashish, balki bizdan o‘zini nari oladigan davlatlarning Mirziyoyev boshlagan yangi siyosatni nafaqat qo‘llab-quvvatlashi, balki safga qo‘shilishi O‘zbekistonning mintaqada yo‘qotilgan o‘rnini qayta tiklashda muhim rol o‘ynamoqda.

Bu esa, albatta, yangi O‘zbekistonning katta g‘alabasi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, mamlakatimizning tashqi siyosat, xususan, mintaqa bo‘yicha belgilagan strategiyasi yildan-yil qat’iylashib, toblanib borayotgani shaxsan men uchun nihoyatda quvonarli hol.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada bu borada ham aniq taklif va niyatlarini bayon qilgani bu boradagi siyosatimiz ortga qaytmas yo‘lga tushganini anglatadi.

O‘zlikni anglash saodati

Men o‘z chiqishlarimda milliy landshaftdagi «an’anaviy» koloritlar – milliy madaniyat, san’at, adabiyot hamda til va tarixga yondashuvimiz haqida bir necha bor fikr yuritganman va bundan hech qachon chekinmayman ham, charchamayman ham. Zotan, kim nima deyishidan qat’i nazar bugungi global dunyoda o‘zlikni saqlab qolish, mozaikaday turlanib borayotgan umummadaniyatlar («ommaviy madaniyat») girdobida yo‘q bo‘lib ketmaslik, dunyo sahnasida o‘z so‘zimiz va qarashlarimiz bilan sobit turishga erishish har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xursand bo‘ladigan jihat shundaki, Prezident ayni shu jabhani ham davlat siyosatining muhim strategik vazifalaridan biri etib belgiladi.

Xalqimizda «asl aynimas» degan hikmatomuz gap bor. Buni marvarid qancha payt chang-g‘ubor tagida yotsa-da, o‘z qiymatini saqlab qoladi, uni artib tozalasang jilosi bilan yana ko‘zlaringni qamashtiradi, latofatini tiklaydi va shunisi bilan ham u qiymatlidir, degan mulohazalar bilan ham quvvatlash mumkin.

Bugun milliy jamiyatimizda, aytish mumkin bo‘lsa, ana shunday zargarona «jilolash» tendensiyalari kechmoqdaki, bu yuzlab yillar parda ortida qolib kelgan buyuk xalqimizning insoniyat oldidagi o‘lmas xizmatlarini ko‘rsatish bilan birga, dunyoga bu yorug‘ olamda shunday qudratli bir xalq bor ekanini ham namoyon etadi.

Men yuqorida ajdodlarimiz madaniyati haqida bekorga eslamadim.

Zotan, biz o‘rgangan, tarix bizga o‘rgatilganidan ko‘hnaroq, bizga chizib berilgan rassomning xolstidagi tasvir aslidagidan ancha buyukroqdir. Prezident Mirziyoyev harakatga keltirgan «madaniy siljish» bizni bugun ana shu asl o‘zligimiz sari «surib» borayotir.

Biroq buni teran tushunadigan, anglaydigan odam bormi? Yoki buni jamiyat uchun sharhlab beradigan, oddiy odamlarimizning, yoshlarimizning qulog‘iga quyadigan ijtimoiy qurim-institutlar-chi? Taassufki, jamiyatimizda bunday kuch ko‘zga tashlanmayapti.

Nazarimda, shu ishlarni qilishi kerak bo‘lgan odamlarning ko‘pi ayni paytda bir-biriga turli xildagi keraksiz ma’lumotnomalar, shablon infografikalar jo‘natish bilan band. Eski kasallik. Shu bois ham ijtimoiy tarmoqlardagi g‘ala-g‘ovurlarga quloq tutsangiz, yuqorida aytganimday, «yangi O‘zbekistonning nimasi yangi, biz qaysi yo‘lda ketayotirmiz» deganga o‘xshash talmovsirash yoki xusumatli qarashlarga duch kelishingiz mumkin.  

Jaloliddin Rumiyning bir gapi bor: «Bog‘ xayoli boqqa, do‘kon xayoli do‘konga olib boradi». Hikmatdan chiqadigan mazmun shuki, niyatning ijobati ko‘ngildagi istak-xohishga bog‘liq. Albatta, ichiqoralik, kibr va manmanlik, inson bolasiga ota meros qusurlar. Biroq quyoshni qora deb tentaklarcha oyoq tirab isbotlashga uringanimiz bilan u qora bo‘lib qolmaganidek, azim haqiqatlar ham bizning chapanicha fe’l-u xuyimiz izmida emas. U o‘z yo‘li, qonun qoidasiga ko‘ra aylanadigan sobit «orbita»siga ega.

Hayotda o‘z isbotini topgan bir haqiqat bor: samimiyat har doim samimiylikka chorlaydi. Ezgulik buyuk ishlarga, yangilanishlarga doyalik qiladi. Prezident chizib bergan ezgulik va bunyodkorlik xaritasi – Murojaatnoma bizning ana shunday ishlarimiz uchun dasturilamal vazifasini o‘taydi.

Shak-shubha yo‘qki, XXI asrning 21 yili ham Yangi O‘zbekiston tarixi zarvaraqlariga zarhal harflar bilan yozilajak!

O‘zA