Ezgulik, yaxshilik ulashish – insonning ziynati. Farg‘ona viloyatida yosh avlodga ana shunday fazilatlarni singdirish borasida ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Qo‘qon shahridagi “Kokand Leader School” xususiy maktabida “Ko‘ngil bozori” xayriya yarmarkasi tashkil etildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar maktab o‘quvchilari tomonidan ustozlari ko‘magida tayyorlangan mahsulotlar, buyumlar va suvenirlarni xarid qilar ekan, ularning iqtidorini yuqori baholashdi.

E’tiborlisi, shu kungi xayriya yarmarkasidan tushgan pul mablag‘lari kam ta’minlangan oilalar, bemor bolalar ehtiyoji uchun yo‘naltiriladi. Bunday tadbirlar orqali o‘quvchilarga nafaqat insoniylik fazilatlari, balki moliyaviy savodxonlik, tadbirkorlik qobiliyatlarini bolalik davridan singdirib borish maktabning kadriyatlarida mujassamlashgan.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bolajonlarimizda mehr-oqibat, ijodkorlik, yaratuvchanlik, o‘zi yaratgan mahsulotlarni qadrlash, baholash va atrofdagilarga taqdim eta olish kabi fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan mazkur tadbirning ular hayotidagi o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidlab, maktab jamoasi ishlariga omad tiladi.


2023-yilda foydalanishga topshirilgan “Kokand Leader School” maktabi 500 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozir 4 ta boshlang‘ich sinfda 65 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Kelgusi o‘quv yilidan 1-sinfdan 11-sinfgacha o‘quvchilar qamrab olinadi. O‘quvchilarga eng zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarida, chuqurlashtirilgan ingliz, xitoy, arab va rus tillarida sifatli bilim beriladi. Maktabda 50 dan ortiq o‘quv xonasi, zamonaviy sportzal, sport maydonchalari mavjud.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri