Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining tajribali mutaxassislarini jalb etgan holda Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand, kam ta’minlangan, og‘ir sharoitga tushgan oilalardagi bemor bolalarga konsultativ va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida navbatdagi “Ezgulik manzili” xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
Viloyatdagi ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida tashkil etilgan ushbu aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – Jamg‘armaning tibbiy dasturlariga asosan og‘ir tashhisli bemor bolalarni davolash, bepul dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, ularning salomatligini muntazam tiklab borish, pirovardida operatsiya qilinishiga zarurat bo‘lgan bemor bolalarda murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishdan iborat.
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan bu kabi aksiyalar respublikamiz bo‘ylab muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Shu kungacha, ushbu aksiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida o‘tkazilib, 4 ming 600 nafardan ortiq bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, shu yerning o‘zida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, ularni reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari uyushgan tarzda yurtimiz va xorijlik shifokorlar ishtirokida amalga oshirildi.
Aksiya davomida 750 nafarga yaqin bemor bola va ularning ota-onalari bevosita ushbu tadbirda ishtirok etdi. Birinchi bosqichda barcha bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shifokorlarning tavsiya va xulosalari asosida ayrim bolalarga shu yerning o‘zida, 84 nafar bolada jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Qolgan bolalarda esa bu jarayonlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari esa bu muruvvat yordamidan bahramand bo‘ldi.
[gallery-12305]
Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan Jamoat fondiga endigina 1 yildan oshdi. O‘tgan davr mobaynida respublikamizning ko‘pgina hududlaridan tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolajonlarga xayriya yordamlari, jarrohlik amaliyoti sarf-xarajatlari to‘liq qoplab berildi.
Ayni vaqtda viloyatda o‘tkazilgan aksiya doirasida ham Jamoat fondi tomonidan nafaqat bolalarni operatsiya qilish, balki ularni sog‘lomlashtirish, zarur dori vositalari bilan ta’minlash kabi xarajatlar ham to‘liq qoplab berilmoqda.
Jamoat fondi tomonidan nafaqat yurtimiz, balki xorijiy klinikalar bilan ham hamkorlik memorandumlari imzolangan. Bu kelishuv doirasida ham qator ijtimoiy-tibbiy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hozirda 32 nafar jizzaxlik bemor bola xorijning nufuzli klinikalarida davolanmoqda.
Albatta, bu kabi ijtimoiy aksiyalarning doimiy ravishda o‘tkazilayotganligi bemor bolajonlarni to‘liq davolash, ularni tengdoshlari kabi sog‘lom hayotga qaytarish yo‘lidagi ezgu amallardan biri hisoblanadi.
Ushbu aksiya Jizzaxda joriy yilning 17 iyuniga qadar davom etadi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA