Tibbiyot
Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan “Ezgulik manzili” aksiyasi doirasida xayrli tadbir tashkil etildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda qariyb bir hafta davomida amalga oshirilgan ko‘riklar davomida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining tajribali mutaxassislari ehtiyojmand, kam ta’minlangan, og‘ir sharoitga tushgan oilalardagi bemor bolalarga konsultativ va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatdi.

Oliygoh klinikasi bosh vrachi, tibbiyot fanlari nomzodi Abdumalik Jalilovning ma’lum qilishicha, fond bilan faol hamkorlik olib borayotgan klinikaning jarrohlik, nevrologiya, urologiya, ortopediya, oftalmologiya, otoloringologiya, kardiojarrohlik, anesteziologiya sohalarining yetuk mutaxassislari ko‘plab o‘g‘il-qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, tegishli muolajalar belgiladi. Ushbu aksiya doirasidagi tibbiy ko‘rik, tashxislash, jarrohlik muolajalari sarf-xarajatlari jamg‘armaning tibbiy dasturlarga ajratgan mablag‘i hisobidan amalga oshirildi.
– Qizimning ko‘zlari ko‘pdan beri tortishardi. Toshkentga olib borib ko‘rsatib kelishga imkonim bo‘lmayotgandi, – deydi aksiya ishtirokchisi Aqida Hamdamova. – Yuqori malakali mutaxassislar dilbandimdagi ko‘z kasalligini davolash yo‘l-yo‘riqlarini belgilab berdi. Barcha onalar nomidan fond rahbariyatiga, aksiya tashkilotchilariga minnatdorlik bildiraman.

Fond tashkil topgandan buyon o‘tgan uch yil mobaynida 10 mingdan ortiq bemor bolajonlarga tibbiy-ijtimoiy, psixologik va manzilli yordam berildi. 1 ming 700 dan ziyod bolalarga respublikamiz hududida, 231 nafariga xorijiy klinikalarda murakkab jarrohlik yordami ko‘rsatildi. Fond ilk marotaba orfan kasalliklariga chalingan bemor bolalarni davolash bo‘yicha yirik loyihaning tashabbuskori bo‘ldi.
“Nomukammal osteogenez” xastaligiga chalingan bolalarni tibbiy davolash uchun zarur texnologik asbob-uskunalar olib kelinishiga erishildi. Shu dard bilan og‘rib yurgan 110 nafar bolalarning davolanishiga qulay imkoniyatlar yaratildi. Shuningdek, “Goshe” kasalligi bilan ro‘yxatda turgan kichkintoylar esa har bir flakoni 1 ming 500 dollar turadigan dori vositalari bilan ta’minlab kelinmoqda.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.