Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ezgulik, ibrat maskani
05:40 / 2023-03-27

Teatr - ezgulik, odamiylik, ibrat maskani. Bu tabarruk san’at dargohida o‘z kasbiga sadoqatlilar ijod qiladi.

Kimdir teatrga shunchaki madaniy dam olgani, birov yaxshi sahna asaridan bahramand bo‘lgani, yana kimdir bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazgani keladi. Nima bo‘lganida ham, keyingi yillarda  buyuk ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganlaridek, teatrning tom ma’nodagi  ibratxona sifatida faoliyat ko‘rsatishi uchun mamlakatimizda zarur barcha imkoniyat va sharoitlar tobora ko‘proq yaratilmoqda.

Har yili mamlakatimizda 27 mart - Xalqaro teatr kuni o‘ziga xos ijodiy sana sifatida keng nishonlanadi. Garchi qadimdan yurtimizda tomosha san’ati rivojlangan bo‘lsa-da, rostmana teatr jadid bobolarimiz jonbozligi, rostmana  qahramonligi, zahmatlari bilan diyorimizda shakllangan. Ustoz Shukur Burhonov, Abror Hidoyatov, Olim Xo‘jayev, Rahim Pirmuhamedov, Nabi Rahimov, G‘ani A’zamov, Sora Eshonto‘rayeva, Zaynab Sadriyeva,  Maryam Yoqubova, Lutfixonim Sarimsoqova, Razzoq Hamroyev, Soyib Xo‘jayev, Farog‘at Rahmatova, To‘ti Yusupova kabi san’at darg‘alari ishtirokidagi  spektakllar, ular gavdalantirgan qahramonlar tilidan aytilgan gaplar, monolog va dialoglar, g‘oyat mukammal ijro xalqimiz orasida afsona bo‘lib ketgan. Chunki bu ijro yuraklarga muhrlanib qolgan.

Mustaqilikka erishilgan dastlabki murakkab va sinovli, xalqimiz uchun ham, davlat va jamiyat, hatto ijodiy jamoalarning o‘zi uchun ham oson bo‘lmagan  kunlarda ham teatrlar faoliyatining  samarali davom ettirilishi uchun  bor imkoniyatlar ishga solindi. Garchi dramaturgiyada biroz oqsashlar ko‘zga tashlansa-da, obro‘li teatrlarimiz o‘zining jiddiy va salmoqli, badiiy jihatdan puxta spektakllarini ba’zan yengilroq mavzudagi tomoshalarga bo‘shatib bergan bo‘lsa-da, mamlakatda birorta davlat tasarrufidagi  teatrning yopilib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.  

Keyingi yillarda milliy teatrlarimiz uchun yangi taraqqiyot bosqichi boshlandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Teatr san’atini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, unda mehnat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarining moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasi milliy madaniyatimiz rivojida ustuvor o‘rin egalladi.  

Davlatimiz rahbarining 2017 yil avgust oyidagi mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvi natijasi o‘laroq, teatrlarimiz uchun "Do‘stlar klubi" tashkil etildi. Bu tashabbusning amaliy natijasida  teatrlarimizga iqtisodiy salohiyati yuqori, san’at rivoji uchun ko‘maklashishga xayrixoh bo‘lgan, oddiy tilda aytganda himmati baland tashkilot va idoralar, moliyaviy tuzilmalar biriktirib qo‘yildi. Endilikda teatr rivojiga davlat bilan birga imkon qadar ularning ham munosib hissa qo‘shayotgani  ijodiy jamoalar faoliyatida beiz ketmayapti. Teatr sohasidagi barcha ibratli sa’y-harakatlar xorijlik mutaxassis va ekspertlar tomonidan ham namuna sifatida  yuksak e’tirof etilmoqda.

Ijodiy jamoalarining mamlakatimizning turli hududlarida gastrol safarlarda bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Bu esa yurtimizning turli hududlarida yashovchi aholi barcha teatr jamoalarining repertuaridagi eng sara spektakllardan bahramand bo‘lish imkonini yaratdi. Ayni paytda teatrlarimizning xorijiy davlatlarda bo‘lishi, turli festivallar, ijodiy tanlovlar, teatr ijodkorlarining muloqotlarida ishtirok etishi uchun keng imkoniyat eshiklari ochildi.

Bugun mamlakatimizning har bir teatr jamoasi ijodiy faol izlanishda. Xususan, xalqaro miqyosda taniqli bo‘lgan opera yulduzi Ramiz Usmonov rahbarlik qilayotgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri iste’dodli yoshlar safini kengaytirishga, ularning salohiyatini namoyon etishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Buning  natijasi o‘laroq, mazkur jamoaning opera xonandalari Yevropa davlatlari, Rossiya va boshqa ko‘plab xorijiy yurtlarda yuksak  e’tirof etilmoqda.

O‘zbek Milliy akademik drama teatri, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri va boshqa jamoalar xalqimiz orzu-intilishlariga hamohang asarlarni muxlislarga taqdim etishga astoydil kirishgan.

O‘zbekiston davlat drama teatri jonkuyar ustoz rejissyor Olimjon Salimovning sa’y-harakatlari bilan jahon dramaturgiyasining eng sara asarlarini sahnaga olib chiqmoqda.

Ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev asos solgan "Diydor" teatr-studiyasining Bobur Yo‘ldoshev rahbarligidagi jamoasi faoliyatida chinakam fidoyilik va teatrga bo‘lgan mehr va sadoqatni, zahmatkashlikni ko‘rish mumkin. Bugun "Diydor"chilar taqdim etayotgan sahna asarlari  tomoshabinni yig‘lashga, iztirobga solishga, o‘z-o‘zi bilan javobsiz savollar girdobida qolishga undaydigan spektakllarni sahnalashtirish mablag‘ga, serhasham binoga,  ortiqcha bezaklaru, texnika va dekoratsiyalarga muhtoj emasligini amalda isbotlab turibdi.

Zamonaviy texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan, odamlar so‘nggi rusumdagi telefonlarga tobora ko‘proq bog‘lanib qolayotgan bugungi Internet davrida tomoshabinlarning teatrga munosabatini ham, bu tabarruk dargohga davomatini ham qaysidir ma’noda tushunish mumkin. Biroq nima bo‘lganida ham,  texnologiyalar qanchalik rivojlanganida ham,  tomoshabinni o‘ylashga, fikr yuritishga, sahnada o‘zini ko‘rishga undaydigan, tom ma’nodagi baland asarlar baribir yaxshi ekanini zamonning o‘zi uqtirmoqda.

Darhaqiqat, bugun teatrlarimiz tomoshabin oldidagi o‘z burchi va mas’uliyatini teran anglagan holda faoliyat ko‘rsatmoqda. Behbudiy bobomizning "Teatr - ibratxona" degan so‘zlari bugun ham o‘z davridagidek  hamon ohorini yo‘qotmagan!

27 mart - Xalqaro teatrlar kuni munosabati bilan yurtimizdagi barcha teatrlarda "Ochiq eshiklar kuni", turli ma’rifiy tadbirlar, ijodiy muloqotlar, uchrashuvlar, teatrlashtirilgan musiqiy dasturlar bo‘lib o‘tmoqda. Yurtimiz teatr jamoalari ijodiy izlanishlardan, mashaqqatli mehnatdan charchamasligini astoydil tilab qolamiz! Negaki, biz baribir teatrni yaxshi ko‘ramiz!

    Nazokat Usmonova, O‘zA