Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ezgu tashabbuslarning samimiy e’tirofi
12:27 / 2024-10-14

Joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli anjumanga dunyoning turli davlatlaridan ishtirok etuvchi islom olamining yetuk ulamolarining mamlakatimizga tashrifi boshlandi.  

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Turkiyaning Istanbul shahridagi qo‘lyozmalarni o‘rganishga ixtisoslashgan “Dorul maxtutot” markazi bosh direktori, doktor Mahmud Misriy mehmon bo‘ldi.  

O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi axborot xizmatiga ko‘ra, Mahmud Misriy 1984 yilda Halab universitetining Tibbiyot fakultetini, 2000 yilda esa Shari’at fakultetini tamomlagan. 2002 yilda Ilmlar tarixi bo‘yicha doktorlik darajasini olgan.  

2002-2012 yillarda Halabdagi Vaqf kutubxonasi rahbari, Halab universiteti Shari’at fakultetida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.  

Hozirda Sulton Muhammad Fotih universiteti O‘quv kengashi a’zosi, Istanbuldagi “Dorul maxtutot” markazi direktori hisoblanadi.  

Mahmud Misriy tibbiyot tarixi, qo‘lyozmalar tahqiqi bo‘yicha ko‘plab kitoblar yozgan. Bir qator ilmiy nashrlarning tahrir hay’ati a’zosi hisoblanadi. Uning “Qo‘lyozmalarni tadqiq qilishning nazariy asoslari” nomli kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilingan.  

Muloqot davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, doktorant va talabalar ishtirok etdi.  

Samimiy va do‘stona kechgan uchrashuvda mazkur Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov, akademiya prorektori Zohidjon Islomov islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.  

O‘z navbatida, Mahmud Misriy samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. O‘zbekiston tinchlik-xotirjamlik hukm suradigan diyor ekanini alohida e’tirof etdi. 

Uchrashuvda Mahmud Misriy “Dorul maxtutot” markazi haqida ma’lumot berdi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli xalqaro konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.  

– Men O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini“ mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun taklif etilganimdan juda mamnunman, – dedi Mahmud Misriy. – Zero, bugungi murakkab davrda islomning ezgu va hayotbaxsh, tinchlikparvar g‘oyalarini targ‘ib etish juda muhimdir.  

Globallashgan hozirgi davrda islom dinining asl qadriyatlarini asrab-avaylash, Movarounnahr o‘lkasidan yetishib chiqqan buyuk olimlarning ilmiy asarlari va sof bashariy qarashlarini keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarga yetkazish ustuvor masala ekani qayd etildi.  

O‘z navbatida, akademiya rektori U.G‘afurov turli tala-to‘plar, milliy, diniy, irqiy nizolar avj olayotgan bir davrda islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, yosh avlodni diniy bag‘rikenglik, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot bo‘lgan radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish va bunda O‘zbekiston tajribasini xalqaro jamoatchilik e’tiboriga yetkazishda mazkur konferensiya muhim o‘rin tutishini e’tirof etdi.  

Uchrashuvda Akademiyaning ilmiy faoliyati, maqsad va vazifalari, yaqin istiqboldagi rejalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.  

Muloqot yakunida mehmonga “Manbalar xazinasi” bo‘limi faoliyati yaqindan tanishtirildi.  

N.Usmonova, O‘zA