Bugun yurtimiz mo‘min-musulmonlari Ramazon hayiti keng nishonlamoqda.
Davlatimiz rahbarining 8-aprel kuni qabul qilingan qarori hamda O‘zbekiston Musulmonlari idorasining tavsiyalari asosida ushbu bayram xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilmoqda.
Erta tongda viloyatdagi 284 ta masjidda hayit namozi ado etildi. Buning uchun barcha masjidlarda zarur shart-sharoitlar yaratildi. Tadbirlarning tinch-osoyishta, xavfsizlik ta’minlangan holda o‘tishi uchun huquq-tartibot idoralari tomonidan chora-tadbirlar ko‘rildi.
[gallery-16856]
Samarqand shahridagi "Namozgoh" masjidida hayit namozida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etib, viloyat ahlini Ramazon hayiti bilan tabrikladi.
Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulov bu yilgi Ramazon oyi shukuhli o‘tgani, ayniqsa, mehr-muruvvat, saxovat tadbirlari ko‘p bo‘lganini ta’kidladi. Ezgu ishlar bugun – hayit kuni ham davom etmoqda.
Viloyat bosh imom xatibi barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti bilan tabriklab, ezgu niyatlar tilagan holda duolar qildi.
Ramazon hayiti viloyatdagi shahar va qishloqlarda davom etmoqda. Bayram munosabati bilan hokimliklar, saxovatpesha kishilar tomonidan mahallalardagi kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bemorlar holidan xabar olinib, ularga muruvvat yordamlari ko‘rsatilmoqda.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari