Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ezgu niyatlar bilan boshlangan ish xayrli bo‘lur
10:04 / 2021-10-05

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yil 30 iyunda bo‘lib o‘tgan “Talabalar va yoshlar forumi”da yosh avlod manfaati yuzasidan bir qator masalalar, xususan, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantirish tashabbusi ilgari surilgandi.

Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan yoshlar uchun “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi.

Navoiy viloyatida ham “Kelajak liderlari” klubiga a’zolarni saralash to‘rt bosqichda amalga oshirildi. 510 nafar talabgordan saralangan 50 nafari nomzod klub a’zoligiga qabul qilindi. Ushbu klub a’zolarining ilk tashrifi viloyatning Nurota tumaniga bo‘lib o‘tdi.

“Kelajak liderlari” klubi a’zolari u yerdagi qadimiy obidalar va maskanlarni ziyorat qildi hamda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Har bir hudud va har bir joy o‘zining ko‘hna tarixiga ega. Nurota tumanidagi “Chashma” tabiiy me’moriy majmuasi eng mashhur joylardan biri. “Chashma” hudud aholisini suv bilan ta’minlaydigan eng yirik inshoot hisoblanadi. Qishin-yozin bir xil, ya’ni 19,5 darajada, har soniyada 360-400 litr sig‘imda qaynab chiquvchi chashma suvi tarkibida sulfat, kaliy, magniy, kalsiy, kremniy, natriy, oltin, kumush ionlari kabi turli xil shifobaxsh mikroelementlarning mavjudligi fanda o‘z isbotini topgan.

bugungi kunda Nurota chashmasi atrofi obod qilingan. Xushmanzara xiyobonda favvoralar, yam-yashil daraxtzoru gulzorlar sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda. Maskanga tashrif buyuruvchilar uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mehmonxona, anfiteatr, “Hunarmandlar markazi” barpo etilgan. Nurota chashmasidan xorijlik sayyohlar va yurtdoshlarimizning qadami uzilmaydi.

Nurota tumanida oltmishga yaqin qishloq mavjud. Umumiy maydoni olti yarim ming kvadrat metr maydonni qamrab olgan bu tabarruk zaminda muqaddas joylar ko‘p. Shulardan biri Nur qasri. Uni qadimda “Iskandariya“ deb ham atashgan.

“Chilustun”, “Panjvaxta”, “Ko‘kgumbaz” va tarixiy obidalar klub a’zolarida katta tassurot qoldirdi.

Behzod Savurov,

Navoiy viloyati “Kelajak liderlari” klubi a’zosi.

O‘zA