18 noyabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
O‘zligini anglagan, milliy g‘ururini har nedan ustun bilgan inson borki, uning uchun Vatan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan diyor bilan bevosita bog‘liq timsollar aziz va mo‘’tabardir.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i shu yurtni o‘z taqdiri, kelajagi, farzandlarining ertangi kuni bilan vobasta ko‘rgan insonlar uchun ham muqaddas sanaladi.
Joriy yilda ma’naviy hayotimizning uzviy qismi, iftixorimiz ramziga aylangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 32 yil to‘ldi.
Darhaqiqat, ardoqli shoiralarimizdan biri aytganidek, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtning hurriyatga yuz tutishini, uning o‘z bayrog‘i bo‘lishini qanchadan-qancha ajdodlarimiz orzu qilgan. Shu yorug‘ kunlarga yeta olmay dunyodan ko‘z yumgan.
Har bir davlatning o‘z bayrog‘i bor. Ularning ko‘rinishi, ranglari, bayroqdagi turli ma’no-mazmunlarni o‘zida ifodalagan tasvirlar ham turfa. Ayni damda Vatanimizning muazzam bayrog‘i, uning betakror tasviri biz uchun juda aziz, qalbimizga g‘oyat yaqin, ardoqli.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i. O‘z xalqini omonlikda, tinchlikda, to‘kinlik, farovonlikda, ma’rifatli ko‘rishni mudom shior qilgan yurtning orzu-maqsadlari unda mujassam. Bu bayroq mamlakatni yanada obod, to‘kis, bilimli, shiddatli taraqqiyotga yuz tutgan, jahonda misli ko‘rilmagan yangilanish jarayonlari kechayotgan O‘zbekistonimizning mo‘’jaz ramzidir.
Eng fayzli va gavjum go‘shalar, ma’muriy binolar, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari, jahondagi nufuzli xalqaro tashkilotlar peshtoqida mag‘rur hilpiramoqda.
Yurtimizdagi shiddatli o‘zgarishlarning timsoli sifatida yirik siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalarida ona-Vatanimiz bayrog‘ini ko‘ramiz. Shundanmi, cheksiz g‘urur, iftixor, yurt taqdiri, uning tinchligi, taraqqiyoti, farzandlarimiz kelajagi uchun mas’uliyat tuyg‘usini yanada teranroq anglaymiz.
Shu kunlarda mamlakatimizdagi barcha joylarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar, sport musobaqalari, marafonlar, anjumanlar bo‘lib o‘tmoqda.
Bunday ma’rifiy loyihalar yosh avlodning ma’naviyatini yuksaltirishda, ularda vatanparvarlik, yurtga, o‘z xalqiga, tug‘ilib o‘sgan tuprog‘iga sodiqlik tuyg‘usini mustahkam qaror toptirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ha, kurrai zaminimizda O‘zbekiston degan mo‘’tabar diyor bor ekan, uning bayrog‘i doimo yuksaklarda mag‘rur hilpirayveradi!
Nazokat Usmonova,
O‘zA