Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ezgu ishlar hayitda ham davom etadi
14:02 / 2024-04-09

Mehr-oqibat, xayr-saxovat, ma’naviy poklanish oyi bo‘lgan muborak Ramazon oyi yakunlanmoqda. Ertaga butun dunyo mo‘min-musulmonlari qatori xalqimiz ham Ramazon hayitini keng nishonlaydi.

Bu haqda kecha davlatimiz rahbarining qarori ham qabul qilindi. Qarorda mutasaddi idoralar va mahalliy hokimliklarga Ramazon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish, bayram munosabati bilan dam olish kunlarida aholining muqaddas ziyoratgoh va tarixiy qadamjolarga sayohat qilishlariga imkoniyat yaratish bilan bog‘liq vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, yurtdoshlarimizning hayit namozini ado etishlari uchun qulay shart-sharoit yaratish choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyatidagi 284 ta masjidda ertaga hayit namozi o‘qilishi rejalashtirilmoqda.

– Bir oy davomida viloyatimizdagi 280 dan ortiq jome masjidlarimizda taroveh namozlari o‘qilib, xalqimiz Ramazonning shukuhidan bahramand bo‘ldi, – deydi Samarqand viloyati bosh imom- xatibi Zayniddin Eshonqulov. – 177 masjidda esa xatmi Qur’on o‘qildi. Namozxonlar Alloh taoloning kalomi bo‘lmish Qur’oni Karimni ixlos bilan eshitdilar. 5-aprel kuni ushbu masjidlarimizda xatmi Qur’on yakunlanib, taroveh namozi oxirida imom-xatiblarimiz yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi abadiy bo‘lishini so‘rab, duolar qildilar. Hayit namozi o‘qilishi uchun ham masjidlarimizda bir necha kun oldin tayyorgarlik boshlandi. Kecha O‘zbekiston Musulmonlari idorasi joriy yilda Ramazon hayiti 10-aprelga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi va shu asosida Prezidentimizning qarori qabul qilindi. Ayni paytda hayit namozi o‘qiladigan masjidlarda namozxonlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda. Tegishli idoralar xodimlari tomonidan xavfsizlik choralari ko‘rilmoqda.Respublika hukumati tomonidan Ramazon hayitini munosib nishonlash yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilib, mutasaddi tashkilotlarga aniq vazifalar belgilab berildi. Mo‘min-musulmonlarga qulaylik yaratish maqsadida ertaga soat 4.00 dan 10.00 ga qadar shaharlarda jamoat transporti yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatishi belgilandi.

Rahmat va mag‘firat nurlari yog‘iladigan Ramazon oyida yurtimizdagi kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatilgani minglab ko‘ngillarni shod qildi. Bu ezgu ishlarni ertaga hayit kuni ham davom ettirsak, bemorlar va keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, yordamga muhtojlar holidan xabar olsak, bir-birimizga mehr-oqibat ko‘rsatsak, bayramning shukuhi yana ham oshadi, inshoolloh.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri