Joriy yilda O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga Haj amallarini bajarish uchun safarga yo‘l olgan 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz orasida 782 nafar buxoroliklar ham bor.
Safar oldidan Buxoro viloyati hokimligi mas’ullari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi, keng jamoatchilik tomonidan hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda. Jumladan, Buxoro xalqaro aeroporti xodimlari o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashib, bo‘lajak hojilarga yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalanishlarda yaqindan ko‘makchi bo‘lmoqda.

Tegishli mas’ullar tomonidan ziyoratchilarga yaratilgan shart-sharoitlar tushuntirilmoqda. Safar davomida barcha qulayliklarga ega mehmonxona, kundalik iste’mol uchun taomlar, zamonaviy avtobuslar, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Kuni kecha viloyatdan bo‘lajak hojilarning bir guruhi muqaddas amalni ado etish uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi. Shu munosabat bilan Buxoro xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat mas’ul-mutasaddilari bo‘lg‘usi hojilar bilan samimiy suhbat qurib, hududdagi yangilanish-bunyodkorliklar, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, aholi dasturxoni qut-barakasini so‘rab duoga qo‘l ochdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.