Yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan ishonchi va intilishi — kelajakning mustahkam poydevori desak adashmaymiz. Ana shu ishonchni yanada mustahkamlash maqsadida 12 noyabr kuni poytaxtdagi “Renessans” nomli kino uyida “EVRIKA–2025” tanlovining tantanali yakuniy bosqichi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Ilm-fan targ‘ibot markazi tashabbusi hamda “Science and Innovation” kompaniyasi moliyaviy ko‘magida, “Ilm va ijod bayrami” shiori ostida tashkil etildi.
Marosimda yurtimizning turli hududlaridan kelgan 500 dan ortiq yosh olim, talaba va tadqiqotchilar, shuningdek, taniqli akademiklar, davlat va jamoat arboblari ishtirok etishdi. Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat A. Ayupov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi Abdushukur Xamzayev, “Science and Innovation” kompaniyasi rahbari Baxtiyor N. Rustamov hamda ilm-fan va san’at vakillari tashrif buyurishdi.
Qayd etish joiz, “EVRIKA” tanlovi yildan-yilga yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqaruvchi, yangicha tafakkur va innovatsion fikrlashni qo‘llab-quvvatlovchi platformaga aylanmoqda.
Xususan, bu yilgi tanlovda turli yo‘nalishlar bo‘yicha eng istiqbolli 20 nafar yosh izlanuvchilar — Abduraxmonova Nilufar Zaynobiddin qizi, Axmetjanova Mohinur Olim qizi, Eshbekova Guljaxon G‘ofur qizi, Habibullayev Behruz Sherboyevich, Ibragimov Sapajan Zakirovich, Idrisov Xusanjon Abdujabborovich, Isaqov Diyorbek Ziyodullo o‘g‘li, Israilova Zuhra Muxsin qizi, Yaxiyayeva Shaxnoza Ernazar qizi, Madaminov Baxtiyor Nurullayevich, Mamatqulova Nilufar Fayzullaqulovna, Normurodov Dilshod Abdurazoqovich, Qo‘ziyeva Maxliyo Muxammadiyevna, Qosimov Jahongir Avloqulovich, Sayfullayeva Gulhayo Ixtiyor qizi, Sharipov Alisher Kalbayevich, Tohirjonova Muattarxon Rasuljon qizi, Tovashov Rustam Xo‘jaxmat o‘g‘li, Turaqulov Foziljon Mamarayim o‘g‘li hamda Madaliyev Murodil Erkinjon o‘g‘li ishtirok “EVRIKA–2025” tanlovi g‘oliblari deb topildi. Faxrli 1-o‘rin Madaliyev Murodil Erkinjon o‘g‘liga nasib etdi.
Marosim davomida g‘oliblar statuetka, diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandilar. Ishtirokchilar o‘z loyihalari orqali ilm-fanning dolzarb masalalariga yechimlarni taklif etishdi va bu bilan o‘z navbatida ilmiy natijalarni hayotga tatbiq etish yo‘lida dadil qadam qo‘yishdi, desak yanglishmaymiz.
Taqdirlash marosimi davomida “Raqamlar dunyoni boshqaradi”, “Tabiat va inson”, “Texnika va IT texnologiyalari”, “Jamiyat, tarix, madaniyat”, “Faol yosh olima ayollar uchun” hamda “Eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyalari bo‘yicha sovrindorlar sahnaga taklif etildi. Ularga mamlakatimiz ilmiy va madaniy hayotining yetakchi shaxslari tomonidan mukofotlar topshirildi.
Tadbir davomida ijro etilgan milliy raqs va musiqiy chiqishlar, motivatsion nutqlar marosimga o‘ziga xos ruh va ijodiy shukuh bag‘ishladi.
Tantanali onlardan so‘ng g‘oliblar, faol ishtirokchilar va hakamlar hay’ati vakillari ham alohida e’tirof etildi.
EVRIKA–2025” tanlovi — bu yoshlarning o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazish, ilmiy g‘oyalarini amaliyotga yo‘naltirish, o‘zini kashf etish uchun maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Qolaversa, mazkur loyiha yosh avlodda ilmiy izlanish madaniyatini shakllantirib, ularni ilm-fan sari ilhomlantiroqda.
Kelgusida esa tanlovni kengaytirish, xalqaro miqyosga olib chiqish, O‘zbekiston ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish rejalari maqsad qilingan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/E3yXoD3PS5Y" title="“EVRIKA–2025” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, U.To‘xtayev, O‘zA