Bugun O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi uchun muhim voqealardan biri – yosh olimlar o‘rtasidagi nufuzli “EVRIKA–2025” tanlovining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ilm-fan targ‘ibot markazi hamda “Science and Innovation” kompaniyasi hamkorligida “Ilm va ijod bayrami” shiori ostida tashkil etildi.
Mazkur marosim nafaqat tanlov yakunini nishonlash, balki mamlakatda yoshlarning ilmiy va ijodiy salohiyatini e’tirof etish, ularni yangi g‘oyalar sari ruhlantirishga xizmat qildi. Respublikaning barcha hududlaridan kelgan g‘oliblar, taniqli akademiklar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy jamoatchilik vakillari hamda 500 dan ortiq yosh izlanuvchilar bir sahnada jam bo‘ldi.
“EVRIKA” tanlovi bir necha yildan buyon yoshlar orasida ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ijodiy fikrlashni rag‘batlantirish va innovatsion tafakkurni rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda. Bu yilgi “EVRIKA–2025” tanlovida yuzlab iste’dodli yoshlar ishtirok etib, ularning orasidan eng faol, iqtidorli va tashabbuskor 20 nafar ishtirokchi g‘olib deb topildi.
Ular o‘z yo‘nalishlarida zamonaviy ilmiy yondashuv, kreativ fikrlash va amaliy natijalari bilan ajralib turdi.
[gallery-26213]
Marosim davomida g‘oliblarga statuetka, diplom va pul mukofotlari topshirildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan konsert dasturi va motivatsion chiqishlar ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. Ilm, san’at va ijod uyg‘unligini aks ettirgan ushbu marosim yoshlarni keng dunyoqarash va madaniy o‘sishga chorladi.
Tadbir davomida ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston yoshlarining ilmiy salohiyati jadal o‘smoqda. “EVRIKA” kabi tashabbuslar esa bu o‘sishga kuchli turtki berib, yangi avlod olimlarini shakllantirishda muhim rol o‘ynamoqda.
“EVRIKA” tanlovi O‘zbekiston ilmiy makonida tafakkurni kengaytiruvchi muhim maydondir. Tanlov doirasida ilgari surilgan loyihalar ekologiya, axborot texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, madaniyatshunoslik, biologiya, tibbiyot va ijtimoiy fanlar kabi sohalarda milliy manfaatlarga xizmat qiluvchi real yechimlarni taklif etmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi tanlovlar yoshlar orasida sog‘lom ilmiy raqobatni kuchaytirish, innovatsion tafakkurni rivojlantirish, ilmiy loyihalarni tijoratlashtirish hamda ilm-fan bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga katta hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, “EVRIKA” tanlovi orqali yosh olimlar ilmiy jamiyat bilan tarmoq aloqalarini o‘rnatish, xalqaro hamkorlik loyihalariga yo‘l topish, grant dasturlarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.
Tashkilotchilar “EVRIKA”ni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish, uni xalqaro darajaga olib chiqish va 40 yoshgacha bo‘lgan barcha tadqiqotchilar, doktorantlar, yosh olimlar hamda iste’dodli talabalarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Bu tashabbus mamlakatning ilmiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasi bilan uyg‘un bo‘lib, O‘zbekistonni yangi innovatsion iqtisodiyot sari yetaklovchi yosh avlodni shakllantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Bu tashabbus yoshlarning tafakkurini o‘zgartiruvchi, ularda “men ham yangilik yarataman” degan ishonchni uyg‘otuvchi milliy dastur sifatida O‘zbekiston ilmiy jarayonining ajralmas qismiga aylanmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA